Ayovsiz kaltaklangan 10 kunlik kelin ishi yakunlanmoqda: zo‘ravon erga qanday jazo berildi?

  • 05 iyun 2019, 12:53
  • 5 868
  • Jamiyat
  • Ayovsiz kaltaklangan 10 kunlik kelin ishi yakunlanmoqda: zo‘ravon erga qanday jazo berildi?
    "U, uxlab qolmagin, muzqaymoq olib qaytaman, senga aytadigan gapim bor, deb yarim kechasi uyga kirib keldi. Qo‘qqisda menga tashlanib, do‘pposlar ekan, hoziroq onamga men boshqa erkak bilan bo‘lganman, deb aytasan, deya talab qila boshladi": bulung‘urlik kelinchak boshidan kechirgan fojia haqida Sputnik nashriga intervyu berdi.

    To‘y bo‘lganining 10-kunida turmush o‘rtog‘i tomonidan ayovsiz kaltaklanish oqibatida Bulung‘ur tumanidagi kasalxonaning jonlantirish bo‘limiga olib kelingan kelinchak Zuhra Umarova ishi nihoyasiga yetay deb qoldi. Sputnik O‘zbekiston muxbiri Umarovaning o‘zi, uning onasi va Samarqand viloyati xotin-qizlar raisi Gavhar Alimova bilan bog‘lanib, bo‘lib o‘tgan voqealar, qanday choralar ko‘rilgani va kelgusida amalga oshiriladigan ishlar haqida suhbatlashdi.

    Yosh kelinchak zo‘ravon erkak bilan yashashdan bosh tortdi
    Zuhra Umarovaning so‘zlariga ko‘ra, oppoq orzular bilan bir yostiqqa bosh qo‘ygan erkak tufayli asal oyi do‘zaxga aylanishi hech qachon xayoliga kelmagan. Ichki bir tuyg‘u bo‘lgan, xolos. To‘qqizinchi may kuni kelgan sovchilarning "Kuyov bola sal hayajonda, gapirishga uyalibdi, shuning uchun 100 gramm ichibdi", degan gaplaridan hushyor tortib, onasiga: "Ona, kuyov ichar ekan, ertaga meni urmaydimi?", deya dilini yorgan.

    Istagi qizini baxtli ko‘rish bo‘lgan ona o‘sha vaqtda bu gaplarga parvo qilmagan. "Yaxshi niyat qil, bolam. Mana, akang ham ba’zan oz-oz ichadi, janjal qilmaydi-ku. Sen to‘y bo‘lsang, singlingning ham baxti ochilar, ukangni uylantirgan bo‘lsak, kelinning oldida qachongacha yelkangni qisib yurasan. Yoshing 30 dan oshdi axir", - deya qizini yupatadi.

    Oradan o‘n kun o‘tib, ona qistovi bilan Zuhra uzatiladi.

    Suhbatdoshim zo‘ravon haqida xohlamaygina gapiradi. Gap orasida zarba teggan joylar og‘riganidan, chuqur "uh" tortadi va horg‘in ovozda o‘sha mash’um kun tafsilotlarini eslashga harakat qiladi.

    "Kechga tomon ta’ziyaga ketib, do‘kondan aroq ichib qaytgan edi. Keyin yana pivo olib kelib ichdi. So‘ng "Marojni olib kelaman, uxlab qolma, senda gapim bor, deb uydan chiqib ketdi. Qaytib kelib, kutilmaganda duch kelgan joyimga do‘pposlay ketdi. Hozir borib onamga boshqa bilan bo‘lganman deysan, deb takrorlardi. Qaynonamning "Qo‘y, birovning bolasini o‘ldirib qo‘yasan", deb jonholatda baqirgani esimda. Boshimga tushgan galdagi zarbadan hushimdan ketdim. Buyog‘ini eslay olmayman, hisob", - deya hikoya qiladi jabrdiyda.

    Kelinlikning o‘n kuni qanday kechgani, haqidagi savolga esa, "kuyovto‘ra" bir kun sog‘ yursa, ikki kun ichkilik iste’mol qilib, mast yurganini aytadi.

    Zuhraning aytishicha, hushiga kelgan kuni ko‘zini ocholmagan. Fikru yodi, og‘riqni yengish bilan o‘tgan.

    "Boshim zirqirayapti, suyaklarim og‘riyapti, belimda og‘riq bor", - deydi u.

    Nega eri ustidan ariza yozishdan bosh tortganini so‘rayman. "Birinchi iyun kuni kechasi besh nafar militsiya xodimi kelib, eringizning ustidan ariza yozasizmi, deb so‘radi. Men ularga mazam yo‘q, degan ishorada qo‘limni silkitdim. Ular chiqib ketishdi. Mening "yo‘q" degan ishoramni ichki ishlar organi xodimlari "yozmayman" ma’nosida qabul qilgan bo‘lishsa kerak", - deydi u va gapi oxirida hayotini haqiqiy jahannamga aylantirgan erkak bilan turmushni davom ettirmasligini qo‘shimcha qiladi.

    Zuhra Umarovaning onasi: ezilib ketdim, tirik murdadayman
    Kelinning onasi Manzura aya suhbatni kechayu-kunduz qizining sog‘ayishini tilab Xudoga nola qilib o‘tirganidan boshlaydi.

    "O‘sha mash’um kun oldidan qizim Zuhraning ziragi sinib qolgan ekan. Otasi chiroyli zirak oldi, qarang o‘sha kuni yuragim sezib, Zuhrani borib ko‘rib kelay, deb yo‘lga chiqdimu, yana ortimga qaytdim. Bir yo‘la Hayitda boramiz, hayitlik oboramiz, debmanda", - ko‘ziga yosh oladi suhbatdosh.

    Hammasiga o‘zi aybdorligini aytadi. "Niyatlarim boshqacha edi. Birdan shunday bo‘lib qoldi. Yaxshiyam qo‘shnisi eshitib, yordamga kelibdi, bo‘lmasa qizimni o‘ldirib qo‘yarkan"...

    Onaning so‘zlariga ko‘ra, kasalxonaga qizining ortidan borganida, ikkinchi qizining "Zuhra yaxshi, yuzi sal ko‘kargan", degan gapidan so‘ng avval palataga kirmagan, sanitarkalarning "qizingizning ovqatini berasizmi?", degan taklifidan so‘ng ichkariga kirib, farzandini avvaliga tanimagan.

    "Joyimda qotib qoldim. So‘ng ovozim boricha baqirib yig‘ladim", - deya esga oladi Umarovaning onasi.

    Bir oz jim qolgach, qizi Zuhrani ta’riflay boshlaydiyu "Bir zayl qora mehnatda yurgan. Og‘ir-bosiq, hech qachon birovga gap qaytarmagan... Yuvvoshligingdan shunday urdimikan, qizginam-a", - suhbatdoshim xayolan qiziga murojaat qiladi.

    Ezilib ketganini, jonsizday yurganini aytadi...

    Gavhar Alimova: Zuhra Umarovani xotin-qizlar qo‘mitasi oyoqqa turg‘azadi
    Samarqand viloyati xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Gavhar Alimova maishiy zo‘ravonlik muammosi O‘zbekistondagi og‘ir, nihoyatda murakkab masalalardan biri ekanini ta’kidlab, juda ko‘p takrorlanadigan bir gapni aytadi: zo‘ravonlikka uchragan ayollar ko‘pincha bu muammoni yashiradilar.

    "Or-nomus qilishadi yoki darhol erlarini kechirishadi. Mana, masalan Zuhra Umarovani erining birinchi xotini bilan ham gaplashdim. Ayoldan erkak haqida "alkash", "bemaza" degan ta’riflarni eshitdim. Hatto o‘z tug‘ishgan opasi ham undan bezor. "Iltimos, ukamni ellik yilga qamangizlar", dedi uchrashganimda", - deydi Alimova.

    O‘n kunlik kelinchak - Zuhra Umarova bilan sodir bo‘lgan hodisadan so‘ng, viloyat ayollar yetakchisi sifatida Bulung‘ur tumaniga yetib borib, ushbu masala bilan shaxsan shug‘ullanadi. Xususan, aynan Alimovaning talabi bilan shu paytgacha nimagadir kechiktirib kelingan ekspertiza o‘tkazilgan, Bulung‘ur tuman IIB xodimlarining anglashilmovchilik tufayli jabrdiydaning qo‘l siltashini "yo‘q" ma’nosida tushunishlari natijasida yozilmay qolgan da’vo arizasi ham yozildi.

    Gavhar Alimova bilan suhbatimiz mana shunday ayanchli oqibatni keltirib chiqargan ichkilik mavzusiga borib taqaladi.

    "Bilasizmi, viloyat xotin-qizlar raisi bo‘lib ishga kelganimga besh oydan oshdi. Samarqanddagi ahvolni o‘rganganimda, oldimizda katta ishlar turganini bilganman. Ish faoliyatim avvalida Paxtachi tumanida spirtli ichimlikni haddan ziyod iste’mol qilgan erkak 16 yashar dilbandi - o‘z qizining nomusiga tajovuz qilgan hodisaga duch kelganman. Oila bekasi esa bu jirkanch hatti-harakatga dosh berolmay, erkakni butilka bilan urib o‘ldirib qo‘ygan.

    Mana shu hodisani muhokama qilish jarayonida viloyatdagi spirtli ichimliklarga mukkasidan ketgan erkaklar ro‘yxatini yig‘ish topshirig‘ini berganman. Hozir qo‘mitada ana shunday 621 nafar, oilada janjalga sababchi bo‘ladigan, ichkilikka berilgan, zo‘ravon erkaklar ro‘yxati bor. Albatta, bu ro‘yxat shunchaki yig‘ilgani yo‘q, Ichki ishlar bo‘limlari, sog‘liqni saqlash boshqarmalari va imom xatiblarga rasmiy xat qilib topshirilgan. Toki bu idoralar ham ro‘yxatga tushganlar bilan ishlashlari va oilalarga amaliy yordam ko‘rsatishlari lozim"
    , - deydi u.

    Aytgancha, suhbat davomida Samarqand viloyati xotin-qizlar yetakchisi ayovsiz kaltaklangan Zuhra Umarova rasman nikohdan o‘tmagani, eri bilan shar’iy nikohda bo‘lganiga e’tibor qaratadi. Alimova ota-onalar bunday masalalarga mas’uliyat bilan yondashmayotganlarini afsus bilan ta’kidlaydi.

    "Ota-onalar orasida o‘z qizlarini shar’iy nikoh bilan turmushga berayotganlari ham afsuski, bor. Bu bilan ular o‘z farzandlarini qonuniy haq-huquqlaridan mahrum etayotganliklarini o‘ylab ham ko‘rishmaydi. Bugun viloyatda bu masalada ishlar olib borilmoqda, minglab fuqarolarni qonuniy nikohdan o‘tkazishga erishyapmiz", - deydi Alimova.

    Xotin-qizlar raisining aytishicha, bu jiddiy, shu bilan birga nozik masala bo‘lib, shar’iy nikohda bo‘lgan ayollarning aksariyati "qonuniy nikoh" degan talabni hali qabul qilishga tayyor emas, hatto.

    Suhbatimiz yakunida, viloyat hokimi o‘rinbosari Gavhar Alimova bugun 4 iyun kuni jabrdiyda Zuhra Umarova holidan shaxsan borib xabar olganini aytib o‘tadi.

    "Tomografiya xulosasi yomon emas. Zuhraning ancha kayfiyati ko‘tarildi", - deydi u.

    Alimovaning so‘zlariga ko‘ra, qo‘mita o‘z vazifasini bajardi, bu ish oxiriga yetqazildi. Zo‘ravon er narkologiyadan chiqarib kelinib, qamoqqa olindi. Hozirda zo‘ravon ustidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 105-moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Zuhra Umarova esa xotin-qizlar qo‘mitasi himoyasiga olingan. To‘liq tuzalgach, uni ishga joylashtirish rejalashtirilmoqda.

    » » Ayovsiz kaltaklangan 10 kunlik kelin ishi yakunlanmoqda: zo‘ravon erga qanday jazo berildi?