15:40 / 06.06.2019
3 142

O‘zbekistonliklar mamlakatdagi eng ashaddiy monopolist nomini ma’lum qilishdi

O‘zbekistonliklar mamlakatdagi eng ashaddiy monopolist nomini ma’lum qilishdi
Mamlakat aholisi O‘zbekistondagi eng ashaddiy monopolist nomini ma’lum qildi.

Kuni kecha Kun.uz Telegram’dagi «Sizning fikringiz» kanalida tezkor so‘rov o‘tkazdi. So‘rov onlayn o‘tkazilgani tufayli jins, yosh va boshqa omillar hisobga olinmadi.

O‘zbekistonliklardan mamlakatdagi eng ashaddiy monopolistni ma’lum qilish so‘raldi. 4 446 kishi o‘z fikrini bildirdi. Ularning 66 foizi fikricha, GM Uzbekistan eng ashaddiy monopolist sanaladi. 8 foiz bu «O‘zbekiston havo yo‘llari» ekanini ta’kidlagan bo‘lsa, 5 foiz «O‘ztransgaz»ni aytdi, yana 5 foiz - «O‘zbektelekom», 5 foiz - «O‘zbekneftgaz», 4 foiz - «O‘zbekiston temir yo‘llari» va 3 foiz - «O‘zbekenergo». Qolgan 4 foiz fikriga ko‘ra, boshqa tashkilotlar ashaddiy monopolist hisoblanadi.

O‘zbekiston prezidenti GM Uzbekistan’ni ikki marta tanqid qildi. 2018 yil may oyida u mashinasozlik sohasida raqobat muhiti yo‘qligini ta’kidladi. 2019 yil may oyida Mirziyoyev avtomobil zavodi odamlarga deyarli foyda keltirmayotganini aytdi.

«Biz zavod rahbariyatini o‘zgartirdik, korrupsiyani yo‘q qildik. Ko‘p yillik ish muddatiga qaramay, zavod hamon Koreyadan uskunalar olib kelmoqda», - deya qayd etib o‘tdi davlat rahbari.

Hattoki, O‘zbekistonning sobiq davlat kotibi ham O‘zA’ga bergan intervyusida mashinasozlik O‘zbekistonda o‘lganini ta’kidlab o‘tdi.

«Siz hozir mashina ishlab chiqarilyapti, deyapsiz. Lekin uning deylik, bitta lampochkasi o‘chib qolsa, rasvo bo‘ladi. Chunki o‘zimizda ishlab chiqarilmaydi. Bunaqa «ishlab chiqarish» kimga kerak. Mayli, hamma narsani yuz foiz shu yerning o‘zida chiqarish qiyindir. Lekin hech bo‘lmaganda, uning 60 foizini o‘zimizda ishlashimiz kerak...», - dedi Rahim Rajabov.

Kuni kecha O‘zbekistondagi haydovchilardan biri bizga qiziq fakt aytib qoldi. Gap shundaki, u GM Uzbekistan avtosalonida yangi avtomobil sotib olgan va darhol akkumulyatorni o‘zgartirgan. Nima uchun, deb so‘ralganida, u zavod akkumulyatorlari sifatsiz ekanini aytdi. Ehtimol, O‘zbekiston yangi mashina sotib olib, so‘ng ehtiyot qismlar hamda aksessuarlarni almashtirishadigan dunyodagi yagona mamlakatdir. Ma’lumotlarga ko‘ra, haydovchilar ba’zida g‘ildiraklarni ham o‘zgartiradi, sababi yangilarida yurish «noqulay».

Umuman olganda, yuqorida ko‘rsatilgan barcha tashkilotlar haqida cheksiz gapirish mumkin. 30-40 sahifadan iborat axborot-tahliliy hisobot yozish yoki u yoxud bu sohada PhD darajasini olish ham mumkin, lekin hamma charchadi. Gapirishmoqda, yozishmoqda, hisobot berishmoqda, tahlil qilishmoqda, ammo hech narsa o‘zgarmayapti.

Hammamiz o‘zimizdagi aviachiptalar qay darajada qimmat ekani va ko‘pchilik Qozog‘iston yoki Qirg‘iziston orqali parvoz qilishni ma’qul ko‘rishini yaxshi bilamiz. Jahonda neft narxlari eng rekord darajagacha tushib ketyapti, biroq O‘zbekistonda parvozlar narxi tinimsiz ko‘tarilyapti. Toshkent aeroportida «dunyo darajasidagi» terminal qurildi, ammo hamma narsa suv ostida qolganida, tomni yopgan/qurgan pudratchi emas, balki shahar drenaj tizimi aybdor bo‘lib chiqdi.

«Qo‘shni Qozog‘istonda sakkizta aviakompaniya bor, lekin bu Air Astana aviakompaniyasiga har yili o‘z ko‘rsatkichlarini oshirib borishga to‘sqinlik qilmayapti», - deydi SmartGov consulting konsalting kompaniyasi direktori Aziz Umarova.

O‘zbekistonda SSSRdan meros bo‘lib qolgan barcha muhim tarmoqlar davlat qo‘lida qolmoqda, biroq kelgusi 30 yil ichida biz bozor iqtisodiyotiga ega rivojlangan davlatlar safiga qo‘shilishni istayapmiz.

Aytgancha, ko‘plar tabiiy monopoliya haqida gapirmoqda, ammo o‘zbekistonliklarni bu qanday monopoliya ekani qiziqtirmayapti. Bu tabiiy, chiroyli, ozg‘in, qiyshiq yoki semiz monopoliya bo‘lishi mumkin. O‘zini oqlash uchun abadiy tarzda turli xil nazariyalar va atamalarni o‘ylab topish ham mumkin. O‘zbekiston aholisi sifatli mahsulotlar va xizmatlarni hamyonbop narxlarda olishni xohlaydi. Bu eng muhim narsa.

Shuningdek, biz Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga ham murojaat qilib, ko‘rsatilgan fakt va raqamlar yuzasidan izoh berishni so‘radik. Biroq hech qanday javob ololmadik.

Ulug‘bek Akbarov

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonliklar mamlakatdagi eng ashaddiy monopolist nomini ma’lum qilishdi