12:30 / 08.06.2019
2 637

O‘zbekistonda ov turizmini rivojlantirishga qaror qilindi

O‘zbekistonda ov turizmini rivojlantirishga qaror qilindi
Joriy yilning 7 iyun kuni Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti parlament quyi palatasining Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi bilan hamkorlikda “Ovchilik va ov xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda ovchilik va ov xo‘jaligi sohasining bugungi holati, sohadagi mavjud muammolar va ularning yechimi bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.

Bugungi kunda respublikada 38 mingdan ortiq ovchilar ro‘yxatga olingan. Mamlakatda umumiy maydoni 406 ming gektar bo‘lgan 5 ta davlat o‘rmon-ov xo‘jaliklari hamda Ovchi va baliqchilar sport birlashmasiga qarashli umumiy maydoni 608 ming gektarni tashkil etuvchi 38 ta ov xo‘jaliklari faoliyat yuritmoqda.

Bugungi kunda ovchilik va ov xo‘jaligi sohasidagi huquqiy baza 10 dan ortiq qonunosti hujjatlaridan iborat. Ushbu sohadagi munosabatlarni tarqoq holda tartibga solishga, huquqni qo‘llash amaliyotida turli qarama-qarshilik va talqinlar, murakkabliklarga olib kelmoqda. Xususan, 2015-2018 yillar mobaynida qariyb 20 mingga yaqin huquqbuzarliklar aniqlangan.

Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tomonidan Qonunchilik palatasining Ekoharakat deputatlik guruhi va Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bilan hamkorlikda to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi “Ovchilik va ov xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi tayyorlandi.

Ushbu qonun loyihasida barcha masalalar batafsil tartibga solinmoqda. Bu qonun amalga oshirilishi uchun qonunosti hujjatlarining qabul qilinishini talab etmaydi.

Xususan, qonun loyihasida sohaga oid davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, ov qilish hududlari, ov hayvonlarini tutish normalari va muddatlari, ov xo‘jaligini yuritishning asosiy qoidalari nazarda tutildi. Shuningdek, ov hayvonlari va ularning yashash muhiti ustidan davlat monitoringi tizimi joriy etilishi, ov qilish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarning aniq ro‘yxati belgilanmoqda. Qonun loyihasida har bir yovvoyi hayvon turidan kelib chiqib, ularni ovlash uchun to‘lov miqdorlari ilk bor qonun darajasida mustahkamlanmoqda.

Mamlakatda ov turizmini har tomonlama rivojlantirish va mazkur imkoniyatlardan to‘liq foydalanish maqsadida loyihada xorijiy fuqarolar uchun ov turizmining o‘ziga xos xususiyatlari nazarda tutilmoqda.

Qonun loyihasini tayyorlashda ilg‘or xorijiy mamlakatlar, xususan Germaniya, Fransiya, Yaponiya, Turkiya, Rossiya va Qozog‘istonning sohaga oid tajribasi inobatga olinganligi ta’kidlandi.

Tadbirda qonun loyihasini qabul qilish ov hayvonlari resurslaridan oqilona foydalanish, ular hisobini yuritish, ularni ko‘paytirish va tutish normalarini tartibga solishga, ov turizmini rivojlantirishga hamda ov xo‘jaliklari holatini yaxshilashga xizmat qilishi ta’kidlandi, deyiladi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi xabarida.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonda ov turizmini rivojlantirishga qaror qilindi