08:53 / 12.06.2019
2 802

O‘zbekistonda TV va radiodagi reklama ko‘payishi mumkin

O‘zbekistonda TV va radiodagi reklama ko‘payishi mumkin
Foto: Norma
QHTBT portalida yangi tahrirdagi «Reklama to‘g‘risida»gi Qonun loyihasi joylashtirilgan. Bu haqda Norma xabar berdi.

Atamalar
Ishlab chiquvchilar – Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti bilan birgalikda – hujjatda foydalaniladigan tushunchalar apparatini sezilarli darajada kengaytirishni taklif etmoqda. Dastlab ma’nosi ochib berilgan atamalar orasida yangi tushunchalar bor – «lozim darajada bo‘lmagan reklama», «axloqsiz reklama», «reklama aksiyasi», «videoplashka» va hokazo.

Tartibga solish
Reklama sohasini davlat tomonidan tartibga solish va o‘zini o‘zi boshqarish chegaralari belgilangan. Xususan, Vazirlar Mahkamasi va Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish agentligining (vakolatli organ) ushbu sohadagi vakolatlari belgilangan.

Reklama beruvchilar, ishlab chiqaruvchilar, reklama tarqatuvchilar va boshqa shaxslar o‘zini o‘zi boshqaruvchi tashkilotlar – reklama sohasidagi NNTni ixtiyoriy ravishda tashkil etishlari mumkin bo‘ladi. Bu ularga davlat va boshqa tashkilotlarda o‘z a’zolarining vakili bo‘lish va ularning huquqlarini himoya qilish, tadbirkorlik va iste’mol madaniyatini takomillashtirish, talablarni ishlab chiqish, ularning bajarilishini nazorat qilish imkonini beradi.

Tahlil va ekspertiza qilish
Reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etilishini tahlil qilish, tegishli ekspertiza tayinlash va o‘tkazish tartibi belgilangan. Vakolatli organ tomonidan rejali tartibda, shuningdek hukumatning alohida topshiriqlari, fuqarolar va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning murojaatlari asosida yoki bevosita idora xodimlari tomonidan yo‘l qo‘yilgan qonunbuzarliklar aniqlanganda tahlil o‘tkaziladi. Maxsus tadqiqot talab etilsa, ekspertiza tayinlanadi. Davlat organlari, NNT mutaxassislari va boshqa tashkilotlar vakillari ekspert bo‘lishi mumkin. Ekspertiza o‘tkazish muddati uni o‘tkazish to‘g‘risida yozma xabarnoma berilgan paytdan boshlab 3 kundan oshmasligi kerak.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan bu turdagi normalarning mavjudligi – qonun chiqarish texnikasidagi dolzarb trend qonun normal ishlashi uchun zarur qonunosti hujjatlar sonini qisqartirish imkonini beradi.

Identifikatsiya qilish
Reklama tarqatishga qo‘yiladigan talablar qismidagi ayrim jihatlar ham o‘zgaradi. Bu, masalan, uni identifikatsiya qilishga taalluqli. Bosma nashrlar va internetdagi, shu jumladan ijtimoiy tarmoqlardagi reklamani ajratib ko‘rsatish («Reklama» belgisini qo‘yish) majburiy bo‘ladi. Reklama kino yoki teleko‘rsatuvlarda joylashtirilsa (productplacement), boshida yoki oxirida bu haqda ko‘rsatish zarur bo‘ladi. Homiylar va hamkorlar ishtirokidagi materiallarda «Dastur homiysi» va «Dastur hamkori» so‘zlari qayd etilishi shart. Bunday so‘zlar xronometraji telekanallarda ko‘pi bilan 5 soniya va radiokanallarda 20 soniya vaqt olishi kerak.

Reklama vositalari
Televideniye va radioda, shuningdek, telekom-tarmoqlardan foydalangan holda reklama tarqatish tartibiga juda muhim o‘zgartirishlar kiritilishi kutilmoqda:

- tele-, radio-, video-, kinoxronikal dasturlardagi reklamaning umumiy davomiyligini bir soat ichida efir vaqtining 10 foizidan 15 foizigacha, ya’ni soatiga 6 daqiqadan 9 daqiqagacha yoki 1,5 baravar oshirish taklif qilinmoqda. «Reklama pauzalarining» o‘zi ham ko‘payishi mumkin – ularni har 15 daqiqada ( hozir – 45 daqiqa) ko‘rsatishga ruxsat beriladi.

Biroq bitta reklama blokining maksimal davomiyligi belgilanadi – 4 daqiqadan ortiq emas. Bundan tashqari, bitta blokda birgina reklama roligini takrorlash taqiqlanadi, biroq birgina mahsulotni reklama qiluvchi bir necha xil rolik namoyish etishga yo‘l qo‘yiladi;

- telekommunikatsiyalar tarmoqlarida, shu jumladan ko‘chma radiotelefon aloqasi orqali reklama tarqatish uchun abonent yoki adresatning bunga oldindan roziligini olish talab etiladi.

Cheklovlar
Ayrim turdagi tovarlarni reklama qilish xususiyatlariga tuzatish kiritiladi. Misol uchun, saytda foydalanuvchilarning yoshi oldindan identifikatsiyalanadigan bo‘lsa, «20+» yosh cheklovi bilan ayni paytda to‘liq taqiqlangan alkogolli ichimliklar reklamasiga Internetda ruxsat berish rejalashtirilmoqda. O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan vino mahsulotlari va pivo namunalarini ko‘rgazma-savdolarda, ular sotiladigan turg‘un savdo shoxobchalarining ichida bepul tarqatish, shuningdek, xorijiy davlatlarning O‘zbekistonda ko‘rsatiladigan telekanallari reklama bloklarida namoyish etish orqali ularni reklama qilish mumkin bo‘ladi.

Qonun loyihasiga oid o‘z fikr-mulohazalaringiz va takliflaringizni muhokama sahifasida qoldirishingiz (25 iyungacha) yoki bevosita Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga yo‘llashingiz mumkin: Toshkent sh., Labzak ko‘chasi, 3 (tel: 71 207-47-00), elektron pochta: [email protected].

Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonda TV va radiodagi reklama ko‘payishi mumkin