14:44 / 13.06.2019
2 892

Xususiy avtomaktablarning haydovchilarni tayyorlash bo‘yicha faoliyati talabga javob beradimi?

Xususiy avtomaktablarning haydovchilarni tayyorlash bo‘yicha faoliyati talabga javob beradimi?
Foto: «Adolat.uz»
«Adolat» SDP deputatlari O‘zbekistonda haydovchilari tayyorlash bo‘yicha faoliyatini o‘rgandi. Quyida o‘rganish natijalari e’tiboringizga havola etiladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2018 yilda mamlakatimizda yo‘l-transport hodisalarida 2262 kishi halok bo‘lgan, 8458 kishi jarohatlangan. Bu avtohalokatlarda kuniga 6 nafar kishi vafot etib, 23 nafar fuqaro tan jarohati olganini bildiradi.

Afsuski, bu raqamlar mamlakatimiz uchun ham, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mezonlari bo‘yicha ham yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

Albatta, bu raqamlarni keltirib chiqaruvchi ko‘plab omillar mavjudki, ular orasida haydovchilar tayyorlash tashkilotlari tomonidan haydovchilikka o‘qitishda tinglovchilarga berilayotgan ta’lim sifatining pastligini ham alohida qayd etib o‘tish lozim.

Shu boisdan Qonunchilik palatasidagi hamda mahalliy vakillik organlaridagi «Adolat» SDP deputatlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 31 maydagi 408-sonli «Avtomototransport vositalari va shahar elektr transport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish bo‘yicha nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish faoliyatini litsenziyalash tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi qarori talablarining joylardagi ijrosi o‘rganildi.

O‘rganishlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, ushbu qarorning ijrosini ta’minlash bo‘yicha joylarda qator ijobiy ishlar amalga oshirilayotganiga qaramay, hozirgi kunda avtomototransport haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash bilan shug‘ullanuvchi xususiy tashkilotlarning (bundan buyon matnda — xususiy tashkilotlar) faoliyatida tizimli kamchiliklar aniqlandi:

Birinchidan, keyingi paytda xususiy tashkilotlarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yuqoridagi qarori ilovalarida ko‘rsatib o‘tilgan nizomlarning tegishli bandlariga rioya qilmagan holda ochish holatlari tez-tez sodir bo‘lmoqda. Xususan, o‘qitish ishlari turar-joy massivlaridagi har xil tipdagi kottejlarda, savdo markazlari va binolarning yer osti joylarida belgilangan talablarga javob bermaydigan xonalar hamda o‘quv avtomobili sifatida qayta jihozlanmagan, o‘rnatilgan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan mashq avtomobillarini ijaraga olgan holda amalga oshirilmoqda.

Ikkinchidan, qator xususiy tashkilotlarning o‘quv dasturlarida ko‘rsatib o‘tilgan amaliy laboratoriya mashg‘ulotlarini olib borish uchun kerakli asbob-uskunalar va jihozlarning yetishmasligi kuzatilmoqda. Ayrim holatlarda esa hatto amaliy mashg‘ulotlarda umuman qatnashmagan yoki o‘qish muddatini to‘liq tugatmagan tinglovchilarga haydovchilik kurslarini tugatganlik to‘g‘risidagi guvohnomalarni berish holatlari ko‘zga tashlanmoqda.

Uchinchidan, qator yangi tashkil etilgan xususiy tashkilotlar faoliyatida o‘quv-mashq maydonlari (avtodromlar)ning yo‘qligi yoki bo‘lsa ham jihozlanmaganligi, o‘quv avtomobillarini saqlash joylarining yo‘qligi, texnik nazorat maskanlarining umuman jihozlanmaganligi yoki mavjud emasligi, o‘quv avtomobillarining kundalik texnik ko‘rikdan o‘tkazilmasligi, avtomobilni amaliy boshqarishni o‘rgatuvchi instruktorlar hamda o‘rganuvchi o‘quvchilarning tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmasligi kabi salbiy holatlar mavjud.

To‘rtinchidan, haydovchilarni tayyorlashda muhim o‘rin tutadigan o‘qitish monitoringini olib borish va o‘quv jarayonini rejalashtirishning avtomatlashtirilgan axborot tizimi asosida tashkil etish ishlari umuman yoki to‘liq yo‘lga qo‘yilmagan.

Beshinchidan, ta’lim oluvchilarni o‘qitish ishlari yakunlangandan so‘ng ular to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlar(o‘quv jurnallari, amaliy boshqarish kitobchalari, yo‘l varaqalari va boshqa normativ hujjatlar)ni o‘z ichiga olgan hujjatlarni saqlash (arxivatsiya) ishlari to‘g‘ri tartibga solinmagan.

Oltinchidan, xususiy tashkilotlarda o‘qitish sarf-xarajatlari bilan bog‘liq yagona unifikatsiyalashgan tizimning yo‘qligi, real hisob-kitoblarga asoslangan kalkulyatsiya ishlab chiqilmaganligi natijasida tinglovchilardan o‘qish uchun har xil miqdordagi, asoslanmagan to‘lovlar amalga oshirilmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, qator xususiy tashkilotlar faoliyatida asosiy maqsad haydovchilarni tayyorlash yoki ularning malakasini oshirish emas, balki tijorat bilan shug‘ullanish bo‘lib qolayotganligi ko‘zga yaqqol tashlanmoqda. Vaholanki, avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash inson xavfsizligi bilan bog‘liq faoliyat turi hisoblanadi.

Yuqoridagi ko‘rsatilgan salbiy holatlar kelgusida respublika yo‘llarida yo‘l-transport hodisalarining ko‘payishiga olib kelishi mumkin.

O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: mazkur muammolar kelib chiqishining oldini olish va ularni nazorat qilish qaysi tashkilotga yuklatilgan?

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 18 iyuldagi 515-son qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga idoraviy mansubligi va tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, ta’lim muassasalarini attestatsiya va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish; o‘quvchilar, talabalar va tinglovchilar bilimlarining O‘zbekiston Respublikasi davlat ta’lim standartlari, davlat talablari va malaka talablariga muvofiqligini tahlil qilish, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Nodavlat ta’lim muassasalari faoliyatini litsenziyalash komissiyasining ishchi organi sifatida nodavlat ta’lim muassasalariga litsenziyalar berishni tashkil etish kabi muhim vazifalar yuklatilgan.

Shulardan kelib chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston «Adolat» SDP fraksiyasi a’zosi Qodir Jo‘rayev Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga avtomototransport haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash bilan shug‘ullanuvchi xususiy tashkilotlarning faoliyatida uchrayotgan tizimli kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli chora-tadbirlarni belgilashni hamda amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga ma’lum qilishni so‘rab deputatlik so‘rovi chiqardi.

Fuqarolar sog‘lig‘i va xavfsizligi oid ushbu masala mas’ullar tomonidan batafsil o‘rganib chiqiladi va tegishli choralar ko‘riladi, deb o‘ylaymiz.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Xususiy avtomaktablarning haydovchilarni tayyorlash bo‘yicha faoliyati talabga javob beradimi?