16:42 / 15.06.2019
9 912

Ichki bozorda gilos narxi nega oshib ketdi?

Ichki bozorda gilos narxi nega oshib ketdi?
Joriy yilning aprel oyi yog‘ingarchilikka boy bo‘ldi.

U o‘zi bilan ko‘plab talafotlarni ham olib kelganligi kunday ravshan. Bundan tashqari, dasturxonni bezab turuvchi sarxil mevalar joriy mavsum payti narxi yuqoriligicha saqlanib qoldi. Mutaxassislar meva-cheva narxiga ko‘p miqdordagi yog‘ingarchilik ta’sir qilganini bildirmoqda. Birgina gilos narxi o‘tgan yilgi maksimal narxi (10-12 ming so‘m)dan ikki baravar oshib ketgan. Sabab faqat yog‘ingarchilikmi? Haqiqiy vaziyatni bilish uchun aholi va mutasaddilar fikri o‘rganildi.

«O‘tgan yili gilosning maksimal narxi 10-12 ming so‘m edi»

Toshkent shahridagi nisbatan qimmat va arzon bozor rastalaridagi narx o‘zaro solishtirildi. Farxod dehqon bozorida gilosning buqako‘z navi 25-27 ming so‘m atrofida. Sotuvchilardan buni sababi so‘ralganda, bu yil yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lganligi aytildi, hosil ko‘p nobud bo‘lgan.

Mirobod dehqon bozorida esa narx-navo biroz yuqoriroq: 35-45 ming so‘m. U yerdagilar ham seryomg‘ir mavsumni asosiy vaj, deya ko‘rsatishdi. Shuningdek, eksport hajmi oshganligi ham narxga ta’sir ko‘rsatganligi ta’kidlandi.

«Gilos qancha ko‘p eksport qilinsa, dehqonlarga shuncha foyda»

Fermer Dilshod Ikromov:
«Toshkent viloyatida 3 gektardan ortiq yerda gilos yetishtiraman. Hosil yig‘ishtirib olish paytida qo‘shni respublikadan xaridorlar kelib ulgurji narxda dalaning o‘zidan gilosni olib ketishadi. Bu yili hosilning 30-40 foizi yog‘ingarchilik oqibatda yaroqsiz holatga keldi. Yaqin yillarda eksport qilishga cheklovlar bekor bo‘lgandan keyin tashqi bozorga chiqish imkoniyati paydo bo‘ldi. Ilgarilari eksportga limit qo‘yilardi va qog‘ozbozlik ham ko‘p edi. Valyuta konvertatsiyasidagi davlat belgilagan narx bilan «qora bozor» niki bir-biriga to‘g‘ri kelmasdi. Vaziyat o‘zgargandan keyin ko‘proq foyda ola boshladik. Fikrimcha, eksport hajmining oshganligi fermerlar uchun juda yaxshi» .

«Seleksiya ishlari to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilsa, bir yilda to‘rt martagacha hosil olish mumkin»

«Agrosanoat» majmui qoshidagi agentlikning bog‘dorchilik ekinlarini ishlab chiqarish va marketing bo‘yicha koordinatori Azamat G‘ulomov:
«Gilos narxining oshishiga turli omillar sabab bo‘lishi mumkin. Birinchi omil yog‘ingarchilikning ko‘p bo‘lganligi meva hosilini kamaytirgan. Ikkinchisi esa qo‘shni respublikalar, MDH davlatlariga eksport hajmi oshganligi uchun ichki bozordagi taklif pasaygan va narx ko‘tarilishiga sabab bo‘lgan. Undan tashqari, o‘zbek gilosi Angliyaga ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotilmoqda. Bir tarafdan eksport orqali valyuta kirib kelyapti, ikkinchi tarafdan esa aholi cho‘ntagiga zarar yetyapti. Ikkalasini mutanosiblikda ushlash uchun nima qilish kerak?

Avstraliya, Janubiy va Shimoliy Amerika tajribasini misol qilib keltiraman. Avstraliyada seleksiya ishlari yaxshi yo‘lga qo‘yilganligi uchun bir yilda 4 martagacha hosil olinadi. Natijada, yil bo‘yi narx bir xil muvozanatda saqlanadi. Qo‘shimchasiga eksport uchun ham sotiladi. Bizda gilos faqat yilning may-iyun oylarida iste’mol qilinadi. Qish oylarida supermarketlardagi gilos bizga Janubiy Amerika (Chili)dan import qilinadi» .

G‘ulomovning fikricha, masalaning bir nechta yechimlari bor. Eng avvalo, gilosning seleksiya ishlari to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi kerak. O‘zbekistonda gilos daraxti uzun o‘sadi. Unga ishlov berish, hosilni bus-butun to‘lig‘icha terib olishda qiyinchiliklar bo‘ladi. Amerikalik dehqonlar gilos daraxtlarining yarim pakana turini issiqxona sharoitida parvarish qilishadi. Natijada, ham uning holatini to‘liq nazoratga olish imkoniyati bor, ham hosil yig‘ishda muammo bo‘lmaydi. Shuningdek, yil bo‘yi aholi talabini qondirish mumkin. Bu tajribani O‘zbekistonda ham qo‘llasa bo‘ladi. Muzlatkichlarda saqlash tizimi ham talab darajasida bo‘lsa, bu usul yaxshi samara beradi. Negaki hosilning barchasi bozorga olib chiqilmaydi. Talabga qarab taklif o‘zgaradi.

Ikkinchi yo‘nalish esa qayta ishlash (sublimatsiya) jarayoni hisoblanadi. Janubiy Koreyada gilos muzlatilgan holda sotiladi. Og‘izga tushgandan keyin muz eriydi va xuddi yangi gilos iste’mol qilinganday bo‘ladi. Yana bir usullardan biri gilosni quritishdir.

«Ko‘pchilikda savol tug‘ilishi mumkin: gilos hosilini qanday qilib yiriklashtirish mumkin? Bunda Ispaniya tajribasini ham o‘zimizda sinab ko‘rsak kattaroq natijaga erishamiz. U yerda erta bahorda gilos gullamasdan oldin gul kurtaklari kesib chiqiladi (toqalanadi). Shundan so‘ng hosil hajmi sezilarli kattalashadi va eksportbop mahsulotga aylanadi», deydi u.

«Gilosning eksport hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan oshgan»

«O‘zagroeksport» rahbari Ulug‘bek Xaldibekov:
«Solishtirish uchun 2 yillik statistikani keltirib o‘taman: 2017 yilda 30 ming tonnadan ortiq gilos eksport qilingan. 2018 yilda ko‘rsatkich 3 ming tonnaga oshdi. 2019 yil iyun holatiga ko‘ra, 16 ming tonna (o‘tgan yilning iyun oyi ko‘rsatkichidan 450 tonna ko‘p)ga yaqin gilos tashqi bozorga chiqarilgan.

Ammo bir jihatni e’tiborga oling: jarayon yil oxirigacha davom etadi va eksport hajmi oldingi yillarnikidan kam yoki ko‘p bo‘lishi ham mumkin. Buni oldindan prognoz qilish imkoni yo‘q, chunki eksportga limit qo‘yilmagan. Hozir gilos, asosan, Rossiya, Qozog‘iston, Xitoy, Janubiy Koreyaga eksport qilinmoqda» .

Yog‘ingarchilik natijasida gilos hosilining kamayganligi alohida masala. Lekin eksport hajmining oshganligi evaziga ichki bozordagi taklif tushgan bo‘lsa, albatta, muammoni hal qilish kerak. Lekin shuni ham unutmaslik kerakki, eksport hajmi cheklansa, bozordan ortgan hosil nobud bo‘ladi. Bu tajribani o‘tgan yili ham boshdan kechirdik.

Bundan tashqari, gilos narxiga ta’sir etuvchi omildan biri soliq tizimidagi o‘zgarish va qishloqx xo‘jaligi mahsulotlari qo‘shilgan qiymat solig‘iga tortilmaganidir. Shu tufayli, ayrim riteyl savdo markazlarida QQS bilan hisoblangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining narxi bozorga nisbatan farqlanmoqda. Davlat soliq qo‘mitasi bunga yechim bo‘lishini va’da qilmoqda.

Optimal yechim – gilos hosilini oshirish uchun seleksiya ishlarini takomillashtirish lozim. Yuqorida aytilganidek, bir yilda bir necha marotaba hosil olinsa, yil bo‘yi narx muvozanati saqlanadi.

Muhabbat Ma’mirova

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ichki bozorda gilos narxi nega oshib ketdi?