08:10 / 16.06.2019
5 545

Litsenziyali «yengiltak»ni oppog‘oy deylikmi?! Og‘riqli qonun-qoidalar «xit-paradi»

Litsenziyali «yengiltak»ni oppog‘oy deylikmi?! Og‘riqli qonun-qoidalar «xit-paradi»
Oxirgi vaqtlarda g‘alati tendensiyaga guvoh bo‘lyapmiz: «soqqasini to‘lab, propiska ol», «pulini to‘laginda, qoidabuzarlikdan soqit bo‘l», «puling bo‘lsa, o‘qishga kir» va hokazo. Buyoqda hali yangidan-yangilari chiqib kelyapti. Xullas, pul, pul, pul...

Jamoatchilik bahs-munozaralariga sabab bo‘layotgan shunday og‘riqli qonun-qoidalar «xit-paradi»ni tuzib chiqdik.

Tonirovkaga pul to‘laganning bemalol yurishi va pul bermaganning jarima to‘lashi.
Bunda yo‘l-harakati xavfsizligi qoidasi buzilganmi-yo‘qmi, farqi yo‘q. Umuman, bu masalada mantiqiy javob ham yo‘q. Puli to‘langanmi, ruxsat va mumkin. Puli to‘lanmaganmi, ruxsat yo‘q va noqonuniy, kamiga «jamiyat uchun xavfli bo‘lishing» mumkin. G‘alatiya?

Xorijda qoraytirilgan oyna (yoki parda) — jaziramadan himoyalanish uchun, bizda esa — «pont» va go‘yoki «xavfsizlik» uchun (mashinani ichi yaltillab ko‘rinib tursa, jinoyatchi yashirina olmasa kerakda. Koshki edi, shundan jinoyatchilik kamayib, qurib ketsa).

«Oynasi noqonuniy qoraytirilgan haydovchilar mashina ichida nima qilayotganini biz qayerdan bilamiz» deguvchi amaldorlar esa pulini to‘laginda, keyin nima qilsang-qilaver, degan ma’noni uqtirganday bo‘laveradi. Bu mantiqan — yo‘l-harakati xafsizligi xodimlarini boylarni himoya qiluvchi qo‘riqchiga aylantirib qo‘yyaptimi shunda?

Superkontrakt.
0,1 ball yoki qandaydir 1-2 ball talabani bir necha barobar ko‘p pul to‘lashgan majbur qiladi. Yana bir barobar emas, yarim barobar emas, naqd 10 barobar narx belgilash kamida bozor iqtisodiyoti sharoitida fuqarolarni kalaka qilishga teng.

Balki bordir-kuya, biroq hali birorta rektor o‘z farzandi uchun superkontrakt pulini to‘laganini eshitmadik. Agar buning iztirobini yuragidan o‘tkazishsa edi, barchaga bir ko‘z bilan qaragan bo‘lisharmidi...

Marhamat, kontraktmi – hamma uchun bir xil bo‘lsin. Ichida qo‘shimcha xizmatlari uchun balki turlicha bahoni belgilash mumkindir, lekin faqat insonning oddiy xatosi uchun jazolash bunchalik bo‘lmasligi kerak.

Bu shunisi bilan xatarliki, ilm, adolat va foydali mehnat, qonuniylik foydasizligini, asosiy qonun pul ekanligini aholiga, ayniqsa, hali g‘o‘r yoshlarning miyasiga singdirib qo‘yadi va ular qanday qilib bo‘lmasin pulning ketidan quvishga o‘rganadi, shunga intiladi.

Hali «zachyot», imtihon olishdagi korrupsiyani yo‘qotish uchun deb, yiqilgan talabalarni «jamg‘arma»ga pul to‘lash orqali o‘qishni davom ettirishiga ruxsat berib qo‘yishmasaydi (tfu, tfu, g‘oya o‘rnida o‘tib qolmasin bu).

Qo‘shiqchilik san’atini litsenziyalash.
Qo‘shiq ko‘ylash maydoni va ko‘lami, chiqish auditoriyasi va xullas hokazo-hokazo sabablarga ko‘ra, litsenziya olish narxi bir necha million so‘mga aylanadi. Aslida qo‘shiqchilik bu tadbirkorlik emas, balki ijodiy faoliyat turi hamdir. Undan daromad olinayotgan bo‘lsa, marhamat daromadiga qarab soliq to‘lab qo‘yishsin. Lekin chinakam ijod qiluvchi, vatan, muhabbat haqida mazmunli qo‘shiqlar yozgan san’akorlarning azbaroyi litsenziya pulini to‘lab, uni ololmagani uchun na efirga va na sahnaga qo‘yilmasligi kamida so‘z va ijod erkinligining bo‘g‘ilishidir.

Balki shu cheklovdir, bizni haqiqiy san’atdan mahrum qilayotgan? Balki shuning uchun mumtoz asarlar, mazmunli va ta’sirli qo‘shiqlarga qirg‘in kelib, to‘ybop «lik-lik, shik-shik»lar bolalab ketayotgandir? Litsenziya pulini ishlash, uni ovolib faqat to‘ybop, yengiltak ashula aytib yurish tendensiyasi shundan shakllanib qolmadimi?

Agar biz shunaqa yengiltak qo‘shiqlarga qarshi kurashyapmiz, litsenziyasini olib qo‘yib, ularning yo‘lini to‘sayapmiz deyishsa, bundayam xato qilishadi. Bunday qo‘shiqlar internetda osongina tarqalib ketyapti baribir. Cheklashning imkoni bo‘lgani yo‘q.

Hech kim kazo-kazolarning iltimosi yoki topshirig‘ini bilan tekinga xizmat qilib bermagan qo‘shiqchining lizenziyadan mahrum etilib, «sazoyi» qilinganini tan olgisi kelmaydi. Bu cheklov ko‘proq aynan shu «doira» manfaati uchundir balki.

Davlat tomonidan xizmat ko‘rsatgan yoki xalq artisti unvoni berilgan san’atkorlarning litsenziyasi bo‘lmagani uchun qandaydir to‘siqqa uchrashi ham mantiqsizlik. Yana qaytaramiz, agar u daromad topayotgan bo‘lsa, shunga ko‘ra soliq to‘lasin. Lekin faqat daromad ilinjida emas, chin san’at uchun xizmat qilayotganlarichi?

Bu ketishda kelajakda she’r yozayotgan shoirdan ham, roman yozadigan yozuvchidan ham palon pul to‘lab litsenziya olmasa, «ilhom parilari»ning erkin harakati cheklab qo‘yilmasligiga kafolat yo‘qda. Chunki birinchi ahmoqona amaliyot keyingisiga yo‘l ochishi shubhasiz...

Mikrohududdan tashqarida yashovchi bolalarni maktabga qabul qilishda pulli tizim joriy etilishi.
Davlat hamma maktablarda o‘qituvchiga bir xilda oylik to‘lab berayotgan ekan, ularda o‘qitish va saviya masalasi turlicha ekanligi aynan shu tizim va vazirlikning muammosi. Axir kim ham farzandini ta’lim sifati yaxshiroq bo‘lgan maktabga qo‘yishni istamaydi? Saviya-mundarijada muvozatning yo‘qolishini ota-onaning gardaniga yuklash esa adolatsizlikdir. Ayniqsa, bu tashabbusni zo‘r berib himoya qilayotgan amaldorlarning o‘zlari ham farzandlarini sifati sayoz maktabga bermagan bo‘lsa kerak.

Albatta, yaxshiroq maktabga bergani uchun eng kam oylik ish haqining o‘n barobarini to‘lashlari ham dargumon. Yuz foiz ishonaveringki, mikrohudud u yoqda tursin, makrohududdan tashqarida bo‘lmaydimi, na hokim, na prokuror va na boshqa obro‘li amaldor bu pulni to‘lashi qiyin. Yana kaltak oddiy odamlarning boshida sinadi.

Ikki xil yondashuv va standartga aslo toqat qilib bo‘lmaydi. Bo‘lsa, hammaga bir xil bo‘lsin. Axir biz insonlar teng huquqli va teng sharoitlar yaratiladigan jamiyatda yashamayapmizmi? Qolaversa, bolalarimiz katta hayotga birinchi qadam tashlashidanoq bunday tengsizlikni ko‘rmasin, his qilmasin.

Toshkent shahri va viloyatida doimiy ro‘yxatdan o‘tishda alohida to‘lov tizimi.
Sobiq Ittifoqdan qolgan zo‘ravonlik tizimining eng katta «merosi», ming afsuski, 1999 yildan keyingi davrda yanada qattiqroq kuchaydi. Xo‘sh, uni olib tashlash uchun asosiy to‘siq nima bo‘layapti? Hech kim lo‘nda qilib tushuntirib bera olmaydi. Lekin hayot davom etayapti va puli bor, harakat qilayotgan odam baribir Toshkentda yashayapti. Yanayam boyroqlari Moskvada, undan ham davlatmandroqlari ana Dubay, London va Nyu-Yorkda.

Pasport-viza rejimini buzgan 586 ming odam, vaqtincha ro‘yxatda turmay yashayotganlardan 120 ming kishi ma’muriy javobgarlikka tortilibdi. Ular Marsdan yoki chet eldan kelishmagandur. O‘zimiznikilar. Aniqki, profilaktika inspektorlari yana qancha-qanchasiga «rahm-shafqat» aylab, «gunohi»dan kechgan.

Jinoyat qilmayaptimi, tinch qo‘yaylik vatandoshlarimizni. Uyimizga onamiz yoki opamiz, akamiz yoki ukamish yo bo‘lmasa boshqa qarindoshlar kelsa, 5 kundan keyin uchastkovoyga yuring, uyga vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazaylik deb qaysi yuz bilan aytamiz?!

Axir, ular asosan qishda qishloqning sovug‘idan saqlanish, bemor bo‘lsa, malakaliroq shifokorlarga ko‘rinish uchun kelishadi. Yo‘qsa, diqqanafas domda bir soat turishga ham toqatlari yo‘q.

Xo‘p, bunday tartiblar qaysidir «aqlli bosh»lar tomonidan yaratilgan ekan, endi ulardan voz kechish vaqti yetmadimi? Bu xalqni ko‘p qiynamaylik. Qurbaqaki vaqqillab yuboradi, lekin biz millatmiz-ku! Bunday «ezg‘ilangan» avlod ertaga pul uchun hamma narsasini sotishga tayyor bo‘lmaydi, degan kafolat bormi? Bunday amaliyot ertaga yana qanday og‘ir qilmishlarga boshlashini tasavvur qilayapsizlarmi? Ehtimol, «yengiltak»lik uchun litsenziya joriy qilib, bu «biznes»ni avj oldirganni oppoqoy, lekin pattasiz qo‘lga tushganni ahloqsiz, jirkanch dermiz?

Bu mamlakatda konstitutsiyaviy sud degan organ ham bormi? Ular ham 25 yil mum tishlagani kammidi? Qonun va tartiblar konstitutsiyaga zid qabul qilinmasligi haqida nega bong urishmaydi? Buning ham har birini prezident Shavkat Mirziyoyev aytib, ko‘rsatib berishi kerakmi?!
L.Tursun

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Litsenziyali «yengiltak»ni oppog‘oy deylikmi?! Og‘riqli qonun-qoidalar «xit-paradi»