09:30 / 16.06.2019
2 899

Soliq qo‘mitasi blogerlarga soliq to‘lattirmoqchi

Soliq qo‘mitasi blogerlarga soliq to‘lattirmoqchi
Davlat soliq qo‘mitasi rahbariyati Facebook, Telegram, Instagram kabi ijtimoiy tarmoqlardagi reklama orqali pul topayotgan blogerlarni tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tib, daromad solig‘ini to‘lashga chaqirdi. Bu haqda 12 iyunda soliqlar sohasidagi o‘zgarishlarga bag‘ishlangan brifingda aytilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda e’lonlarini joylashtirish orqali daromad olish va bundan soliq to‘lanishi shart yoki shart emasligi haqida savol berildi.

«Daromad olishga yo‘naltirilgan har qanday faoliyat tadbirkorlik hisoblanadi, – degan Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati vakili Muzaffar Yusuf Nazarov. – Qanday yo‘l bilan daromad topishingizning ahamiyati yo‘q. Davlat ro‘yxatidan o‘tishingiz shart. Agar siz daromad topish bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsangiz, albatta yo yakka tartibdagi tadbirkor sifatida, yo yuridik shaxs sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgan bo‘lishingiz kerak».

Qo‘mita vakillari blogerlarning ijtimoiy tarmoqlardagi kanallari, shaxsiy sahifalariga reklama joylashi va shu yo‘l bilan soliq to‘lamasdan daromad olishini «noqonuniy faoliyat» deb atagan.

«To‘g‘ri, qonunda blogerlik degan tushuncha yo‘q. Blogerlik faoliyat turi emas, bunga qonunchilikda ta’rif berilmagan, – dedi Davlat soliq qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Aydos Qoshanov. – Lekin siz kimdandir pul olib, xizmat ko‘rsatayapsiz-ku. Bu xizmat ko‘rsatish evaziga haq olish hisoblanadi. Va xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq holat sifatida qayd etiladi. Qonunda blogerlik tushunchasi mavjud bo‘lmasa-da, xizmat ko‘rsatish degan tushuncha bor».

Davlat soliq qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Ahmadjon Suyunov ijtimoiy tarmoqqa reklama joylab pul topayotgan blogerlar patent, ya’ni yakka tartibdagi tadbirkorni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida guvohnoma olishi kerakligini aytgan. Agar ijtimoiy tarmoqlarda reklama orqali daromad ko‘rayotgan shaxs davlatga soliq to‘lamasa, undan texnikasi (telefon, noutbuk, planshet, kompyuteri) olib qo‘yilish mumkin.

«Agar kimda-kim noqonuniy tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsa, biz undan tadbirkorlikni qanday vosita orqali amalga oshirayotgan bo‘lsa, o‘sha vositasini, jihozini olib qo‘yishga haqqimiz bor, – dedi Aydos Qoshanov. – Bu qonun doirasida kafolatlangan. Olib qo‘yilgan jihoz 30 kungacha ushlab turilishi mumkin. Agar o‘sha shaxs yoki bloger 30 kun ichida prezidentning 4848-farmoni asosida davlat ro‘yxatidan o‘tsa, olib qo‘yilgan jihozlari qaytarib beriladi».

Yangi tahrirdagi Soliq kodeksida elektron tijorat sohasida soliqlar joriy etilishi ko‘zda tutilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Soliq qo‘mitasi blogerlarga soliq to‘lattirmoqchi