13:13 / 17.06.2019
6 312

Oq yo‘l sizga, ofitserlar!

Oq yo‘l sizga, ofitserlar!
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tarixida 2019 yil 15 iyun sanasi quvonchli voqea ila muhrlandi. Ushbu kunda Milliy gvardiya Harbiy-texnik institutining navbatdagi bitiruvchilariga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi va ularga tantali ravishda diplom va ko‘krak nishonlari topshirildi.

Safda turgan yosh ofitserlarga o‘tgan davr mobaynida tajribali professor-o‘qituvchilar tomonidan mutaxassisliklar bo‘yicha zamonaviy moddiy-texnik baza asosida ta’lim-tarbiya berildi. Institutda tahsil olish jarayonida bo‘lajak ofitserlarning yuksak professional tayyorgarlikka, eng ilg‘or innovatsion bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishlariga, xorijiy tillarni o‘rganishlariga alohida ahamiyat berildi.

Natijada bitiruvchilarning harbiy bilim va ko‘nikmalari yuksalish bilan birga, ularning qalbida vatanparvarlik, sadoqat va matonat tuyg‘ulari shakllandi.

Tantanali marosimga O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondonligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, taniqli davlat va jamoat arboblari, bitiruvchilarning ota-onalari tashrif buyurib, yosh ofitserlarni institutni tamomlaganliklari, ofitser degan sharafli nomga sazovor bo‘lganliklari bilan samimiy muborakbod etib, unutilmas bayram bilan tabrikladilar.

“Yildan-yilga O‘zbekistonimizning yosh yigitlarida o‘z taqdirini Vatan himoyachisi kabi sharafli kasb bilan bog‘lash istagi yuqorilab bormoqda”, – deydi Muxarram Rasulova. – Otasi kabi harbiy bo‘lishga qaror qilgan o‘g‘lim Ziyovutdin ham bugungi kunda bitiruvchilar qatorida turganligi men uchun juda ham quvonchlidir. Kompyuter texnologiyalari litseyida tahsil olishi davomida u institutga o‘qishga kirishga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rdi, sport bilan muntazam shug‘ullandi. Natijada, ofitser bo‘lish orzusi amalga oshdi”.

Tadbirda so‘zga chiqqan Institut boshlig‘i polkovnik M.X.Rustambayev safda qad rostlab turgan ofitser-kadrlar kelgusida qanday lavozimlarda xizmat qilishmasin, yuksak mas’uliyat, halollik va kamtarlik fazilatlarini namoyon etishlarini, ona Vatani, xalqi va Prezidentiga bir umr sodiq qolishlarini ta’kidladi.

Shuningdek, Harbiy-texnik institutida tashkil etilgan bitiruv marosimi o‘ziga xos an’analarga boy bo‘ldi. Dastlab endigina ta’lim muassasasini bitirgan yosh leytenantlar nomidan birinchi bosqich kursantlariga o‘tgan 4-5 yil davomida egallangan bilim va ko‘nikmalarga suyangan holda maslahat va tavsiyalar bildirildi hamda tantanali tarzda “Murojaatnoma” topshirildi. So‘ngra barcha bitiruvchilar jo‘rligida O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi haqidagi maxsus qo‘shiq jonli ravishda ijro etildi.

Barcha ishtirokchilar ko‘zlarida quvonch va xursandchilik yaqqol namoyon bo‘lgan tadbir estrada yulduzlari hamda Institut badiiy jamoasi ishtirokidagi konsert dasturiga ulanib ketdi.

“Bugungi bayram, bitiruvchilarning tantanali marosimi bir umrga yodimizda saqlanib qoladi. Barcha safdoshlarim qatorida men ham, yaqinlarim ham birinchi ofitserlik unvoniga ega bo‘lganligimdan xursandmiz. Kelgusida Vatanimga xizmat qilish yo‘lida bor kuch-g‘ayratimni va bilimlarimni safarbar etishga, Prezidentimiz va xalqimizga sidqidildan sadoqat bilan xizmat qilishga va’da beramiz” – deydi Institut bitiruvchisi, leytenant Ismoil Ochilov.

Biz esa Milliy gvardiya tizimida kuchli va yuqori salohiyatli professional harbiy kadrlar xizmat qilishidan faxrlanamiz. Yosh ofitserlarimizga kelgusi xizmat faoliyatlarida omad va zafarlar tilab qolamiz.

Nafosat Zafarova

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Oq yo‘l sizga, ofitserlar!