11:55 / 22.06.2019
9 961

Suriyadan qaytgan ayollar Prezidentga murojaat bilan chiqdi (video)

Suriyadan qaytgan ayollar Prezidentga murojaat bilan chiqdi (video)
“Tongda ko‘zlarimni ochaman atrof tinch, xayol surish, orzu-niyatlar qilish mumkin. Kechagina urush – jahannamda edim, orzu qilish u yoqda tursin, ko‘zlarimni ochishga-da qo‘rqar edim...”

Suriyadan qaytgan, bugun O‘zbekiston fuqaroligi pasportini olgan 16 yoshli Samiyaning so‘zlari...

Gul nima ekanini umrida ko‘rmagan bolalar borligini bilasizmi?

O‘t-o‘lanlarni yeyishga yaroqli ozuqa deb tushungan bolalarni-chi? Yaqindagina Suriyadan qaytgan bolalar urush o‘choqlarida sarson-sargardon yurib, ocharchilikda o‘t-o‘lanlarni qovurib-qaynatib yeb kun ko‘rishga majbur bo‘lishgan ekan.

Tug‘ilgandan urushdan boshqa narsani ko‘rmagan 1,5 yoshli qizchaning onasi uni bir haftalar o‘tib, odamlarga qo‘shilishni o‘rgangani va o‘t yeyishni tashlaganini aytadi.

Urush dahshatlarida onalar bag‘rilariga otilib yurgan bolalar bugun onalari bag‘ridan qochib chiqib o‘ynab yuribdi.

“Suriya qamoqxonalarida farzandli bo‘ldim”

Andijonlik 25 yoshlar atrofidagi ayolning aytishicha, u Suriyadagi qamoqxonada farzandini dunyoga keltirgan. Bir yarim yoshga to‘lay degan bolakay O‘zbekistondan yordam borguncha yorug‘ olamni ko‘rmagan va qamoqxonaning qorong‘i, zax xonalarida katta bo‘lgan.

Yana bir urush o‘chog‘idan qaytgan vatandoshimiz “Tinch hayot nima ekanini unutgan edik. Ko‘z o‘ngimizda qanchadan-qancha odamlar jon berdi. Yaralanganlarga yordam berish, nobud bo‘lganlarni ko‘mish ham xavfli edi”, deydi.

O‘n kundan ortiq kun davomida «urush o‘chog‘i»dan qaytgan maktab yoshidagi bolalar bilan shug‘ullangan psixolog Barno Qurbonovaning aytishicha, bolalar avvaliga yorug‘likka, tinch hayotga ko‘nikishlari og‘ir bo‘lgan. Ularda yana tinch hayot ortidan qo‘rqinchli kunlar keladi, degan xavotir bo‘lgan. Ularga Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan velosiped va boshqa o‘yinchoqlar sovg‘a qilingach, o‘yinchoqlarga ham sekin ko‘nika borishgan. Bolalarda qo‘l matorikasi rivojlanmagan bo‘lsa-da, ko‘pchiligi arab, ingliz tillarini o‘zga yurtda yaxshi o‘zlashtirgan. Bir haftalar ichida bolalar salom berishni, so‘rashishni o‘rganishdi, deydi amaliyotchi psixolog.

Suriyadan qaytgan ayollarning ko‘pchiligi bugun yana o‘sha urush dahshatlarini yodga olishni istashmadi. Kechagi kunlari dahshatli tushdek, ortda qolganidan xursand bo‘lib, Damashqda O‘zbekiston bayrog‘i tasviri tushirilgan samolyotni ko‘rishlari bilan unga eson-omon yetib olishni Allohdan so‘rab yolvorishganini aytishadi.

“O‘zbekiston samolyotini ko‘rib, ichimda umid uyg‘ondi. Shu samolyotga yeta olarmikanman, degan qo‘rquv meni tark etmasdi. Samolyotga chiqib, Toshkentga kelgach esa hammasi ortda qolganiga ishondim”, deydi yangiyo‘llik yana bir ayol.

Ular moddiy yordam bilan ta’minlanadimi?

Bugun bu dahshatlar ortda qoldi. 100 dan ortiq vatandoshlarimizga ruhiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatilib, 11-12 iyun kuni ularga pasport va tug‘ilganlik haqida guvohnomalar topshirildi.

Yurtdoshlarimizni o‘z uylariga kuzatish uchun viloyat hokimligi, Xotin qizlar qo‘mitasi vakillari yetib keldi. O‘zga yurtda sarson-sargardonlikda bo‘lgan hamyurtlarimizga Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan 16 yoshgacha bo‘lganlarga 1 million, undan kattalarga 2 million so‘m miqdorida pul mablag‘lari topshirildi.

Viloyat hokimligi tomonidan bolalarni uy manzili bo‘yicha bog‘cha, maktabga joylash ayollarni hunarga o‘rgatish va ish bilan ta’minlash masalalari hal etilishi belgilandi.

Fuqarolik pasportlarini qo‘lga kiritgan ayollar tikuvchilik, oshpazlikka o‘qish, ishga joylashish borasidagi rejalari borligini aytishdi. Tug‘ilganlik haqida guvohnoma olgan o‘smirlar qaysi o‘quv yurtida tahsil olishni ham rejalashtirishga ulgurishibdi.

Suriyadan qaytgan yurtdoshlarimizga shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni topshirish marosimida qatnashgan Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimovning aytishicha, urush o‘choqlaridan qaytgan hamyurtlarimizga xalqaro konvensiyalarda ko‘rsatilgan huquqiy me’yorlar asosida yordam ko‘rsatilgan.

“Suriyadan qaytgan fuqarolarimizni jamiyatimizga integratsiya qilish bo‘yicha BMT va YuNISEFning yuqori malakali mutaxassislari, Xotin-qizlar qo‘mitasi, maktabgacha ta’lim, xalq ta’limi vazirligi vakillari, diniy qo‘mita xodimlari ikki hafta davomida ish olib bordi.

Hozirda mutaxassislarning xulosalariga ko‘ra, Suriyadan qaytgan hamyurtlarimiz jamiyatga qo‘shilishga, integratsiya qilishga tayyor.

Ularning ko‘pchiligi ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lganliklari sababli barcha O‘zbekiston fuqarolari bilan teng ravishda, qonunchilik asosida ularga ijtimoiy yordam pullari belgilanadi. Undan tashqari, ayollarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi shug‘ullanadi. Uzog‘i bilan bir oy ichida ular ish bilan ta’minlanadi, ya’ni doimiy daromadga ega bo‘ladilar.

Maktab yoki bog‘cha yoshidagi bolalar bilan ham alohida shug‘ullanilib, ularning ijtimoiylashuvi masalasi ko‘riladi. Hozirdanoq ularni integratsiyalashuvi bo‘yicha mutaxassislar shug‘ullana boshlashgan. Endilikda barchasi O‘zbekistonning teng huquqli fuqarolari. Biz Suriyadan qaytgan yurtdoshlarimizga yordam ko‘rsatishdan avval xalqaro integratsiyalashuv va sotsiyalizatsiyalashuv bo‘yicha tajribalarini o‘rgandik.

Fikrimcha, ularning jamiyatimizga qo‘shilishlariga to‘sqinlik qilayotgan muammolar yo‘q. Xalqaro tajribalarga ko‘ra urush o‘choqlaridan kelgan fuqarolarga ijtimoiy himoya va yordam 6 oydan bir yilgacha bo‘lgan muddatda davom etadi.

Biz esa bir yil davomida ularni ijtimoiy hayotga ko‘nikishlariga va ish, o‘qishga joylashishlarida yordam ko‘rsatamiz”, deydi Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov.

Suriyadan qaytgan ayollar Prezidentga nega murojaat qildi?

O‘n kun davomida “Bo‘ston” sanatoriysida reabilitatsiyada bo‘lgan Suriyadan qaytgan ayollarning 10 nafari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga tashakkurnomalar yozib bergan.

Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi xodimi Mag‘firat Zikirovaning aytishicha, ulardan hech kim minnatdorchilik xati yozishni so‘ramagan.

“Naqd jahannamning o‘zidan qaytgan yurtdoshlarimiz vatanda ijtimoiy himoya ko‘rsatilganidan xursand. Ularning ko‘pchiligi o‘z vatanida shunday munosabatda bo‘lishlarini kutmagan ekan”, deydi Mag‘firat Zikirova.

Ayrim yurtdoshlarimiz Suriyadan qaytgan vatandoshlarimiz ijtimoiy himoyaga olinganidan norozi ham bo‘ldi. Ularga jinoyatchidek munosabatda bo‘lish kerak, degan qarashlarni ham kuzatdik, ammo masalaga jiddiy yondashsak, bu insonlarni urush o‘choqlariga yetaklagan turli sabablar bisyor.

Bu borada Prezident Shavkat Mirziyoyev “Uyat bo‘lsa ham aytish kerak, 156 nafar Suriyaga ketganlar nima uchun ketgan? Kimni izlab ketgan? Tan olish kerak, biz ularga sharoit yaratib bermaganimiz uchun ketgan! Men konstitutsiyaga ko‘ra ularga chora ko‘rishim kerak aslida. Lekin unday qilmayman. Chunki ular o‘zbek, bizning Vatandoshlarimiz!

Ularni Vatanga olib kelish azob bo‘ldi. Juda og‘ir bo‘ldi. Biz hammamiz bu holatni chuqur o‘ylashimiz kerak”, degan edi.

Nima bo‘lganda ham bugun o‘zbek farzandi Suriya sahrolarida och-nahor qolib ketmadi. Ular qaytarilmoqda. Urushli yurtda farzandi faqat omon qolishini o‘ylagan onalar bugun ularning kelajakda kim bo‘lishi haqida orzular qilmoqda.

Anora SODIQOVA, Nishonboy ABDUVOITOV

Manba: Uza.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Suriyadan qaytgan ayollar Prezidentga murojaat bilan chiqdi (video)