12:34 / 22.06.2019
15 951

Korrupsiya. Bu illatga qarshi kurashish endi qattiq bo‘ladi

Korrupsiya. Bu illatga qarshi kurashish endi qattiq bo‘ladi
Bu illat butun dunyoda bor va muntazam ravishda unga qarshi jiddiy kurashiladi. Korrupsiya jamiyatning har bir sohasi rivojiga to‘siq bo‘libgina qolmay, ildiz otib, mamlakatni muammolar botqog‘iga botiradi.

Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi. Unda mamlakatimizda bu illatga qarshi kurashish, bu sohada davlat siyosatining samarali amalga oshirilishini ta’minlash hamda korrupsiya ko‘rinishlarining sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish bo‘yicha yangi tizimli choralar belgilab berildi.

Korrupsiya holatlari kompleks o‘rganiladi
2019-2020 yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat dasturi hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasining yangilangan tarkibi tasdiqlandi.
Barcha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlar ikki oy muddatda Davlat dasturining har bir bandi bo‘yicha maqsadlarga erishishda samaradorlik indikatorlarini ishlab chiqadi.
Endilikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashlari, tuman va shahar xalq deputatlari Kengashlarining tarkibida korrupsiyaga qarshi kurashish komissiyalari tashkil etiladi.

Ular joylarda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi ishlarning holatini kompleks o‘rganadi. Joylarda korrupsiya ko‘rinishlari namoyon bo‘lishiga olib keladigan tizimli muammolar va korrupsiyaning holati to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari bo‘yicha qo‘mitalariga ushbu sohadagi faoliyatni takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritadi.

Davlat xizmatchilariga yetarlicha rag‘bat, ammo daromad deklaratsiyasi
Xo‘sh, korrupsiyaga qarshi kurashish qanday amalga oshiriladi?
Avvalo, sud hokimiyatining mustaqilligi yanada mustahkamlanadi, sudyalarga har qanday tarzda qonunga xilof ravishda ta’sir o‘tkazish shart-sharoitlari istisno etiladi.

Endi davlat xizmatchilarini tanlov asosida saralab olish, lavozimga tayinlash va yuqori lavozimlarga ko‘tarishning shaffof tartibiga asoslangan davlat xizmati tizimi shakllantiriladi. Ular uchun cheklovlar, taqiqlashlar, rag‘batlantirish choralari hamda korrupsiyaning oldini olish boshqa mexanizmlarining aniq ro‘yxati belgilanadi.

Eng muhim yangiliklardan biri — davlat xizmatchilari daromadlarini deklaratsiya qilish tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi va ularning ish haqi yetarli darajada bo‘lishini ta’minlash, shuningdek, davlat xizmatini o‘tashda manfaatlar to‘qnashuvini hal etishning tashkiliy-huquqiy asoslari qayta ko‘rib chiqiladi. Korrupsiya bilan bog‘liq huquqbuzarliklar to‘g‘risida xabar bergan shaxslarni himoya qilishning samarali tashkiliy-huquqiy mexanizmlari joriy etiladi.

Bu jarayonlarning barchasi keng jamoatchilik nazorati asosida bo‘ladi. Ya’ni, fuqarolik jamiyati institutlari, OAV faoliyatining chinakam erkinligi ta’minlanib, ular korrupsiyaga qarshi choralarni tayyorlash, o‘tkazishda va ijrosini monitoring qilishda ishtirok etishga jalb qilinadi

Korrupsiyaga eng ko‘p duch keladigan sohalar ro‘yxati tuziladi
Joriy yil 1 iyuldan boshlab davlat organlari o‘z zimmasiga yuklangan vazifa va funksiyalarni amalga oshirishda yuzaga keladigan korrupsiya xavf-xatarlarini vaqti-vaqti bilan majburiy baholab borishi belgilab qo‘yilmoqda. Uning yakunlari bo‘yicha esa korrupsiya xavf-xatariga eng ko‘p duch keladigan davlat xizmatchilarining faoliyat sohalari va lavozimlari, shuningdek, ularning funksiyalari (vakolatlari)ning ro‘yxati shakllantiriladi.

Davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari korrupsiya xavf-xatarlarini o‘z vaqtida aniqlamaganliklari va tegishli baho bermaganliklari, shuningdek, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni takroran sodir etish holatlariga yo‘l qo‘yganliklari yuzasidan shaxsan javobgar ekani ham qat’iy belgilab qo‘yilmoqda.

Kapital qurilish va oliy ta’lim «Korrupsiyasiz soha» bo‘la oladimi?
Idoralararo komissiya 2019 yil 1 avgustdan boshlab eksperiment tariqasida, jamoatchilik va yetakchi ekspertlarni, shu jumladan, xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda dastlabki bosqichda kapital qurilish va oliy ta’lim sohalarida «Korrupsiyasiz soha» loyihasini amalga oshiradi. 2020 yil 1 apreldan boshlab esa ushbu loyiha boshqa sohalarga ham bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Har yili 1 aprelga qadar tegishli sohalar «Korrupsiyasiz soha» loyihasini amalga oshirish yakunlari to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritadi.

Qarshi kurashish samarasini o‘rganuvchi komissiya
Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi faoliyat samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish bo‘yicha maxsus komissiya tuzilmoqda. Ushbu komissiya korrupsiyaga qarshi kurashishga yo‘naltirilgan jamoatchilik nazoratining amaliy choralarini va qo‘llanilayotgan huquqiy mexanizmlarning joriy holatini tahlil qiladi. Korrupsiyaga va boshqa jinoyatlarga qarshi tizimli kurashish sohasida huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari, shu jumladan, ichki idoraviy nazoratni amalga oshiradigan bo‘linmalar faoliyatini tanqidiy o‘rganib boradi.

«Ishonch telefonlari» ishonchli bo‘lsa...
Endilikda davlat organlari, shu jumladan, mahalliy organlar tomonidan rasmiy veb-saytlar va «ishonch telefonlari»dan ular faoliyatining ochiqligini va axborot olish imkoniyatini ta’minlash vositasi sifatida foydalanishlari ustidan doimiy monitoring olib boriladi. Bu monitoring O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan amalga oshiriladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Korrupsiya. Bu illatga qarshi kurashish endi qattiq bo‘ladi