"O‘zcharmsanoat" poyabzal import bojini kamaytirishga rozi bo‘ldi

  • 19 iyun 2019, 14:38
  • 505
  • Jamiyat
  • "O‘zcharmsanoat" poyabzal import bojini kamaytirishga rozi bo‘ldi
    «O‘zcharmsanoat» uyushmasi jamoatchilik va ekspertlarni tanqidlaridan so‘ng poyabzallarga import bojlarini oshirish to‘g‘risidagi prezident farmoni loyihasi uchun yangi taklif taqdim etdi. Bu haqda «Kun.uz» xabar berdi.

    Regulation.gov.uz saytiga qo‘yilgan dastlabki qaror loyihasida «O‘zcharmsanoat» import qilingan poyabzallarga bojxona boji stavkasini 1 iyuldan boshlab 30 foizgacha oshirishni va ikki juft poyabzal uchun 1,5 dollardan 5 dollargacha minimal chegirmani taklif qilgandi.

    Endi esa uyushma faqat erkaklar poyabzali uchun 20 foizlik stavka belgilashni taklif qilmoqda (avval barcha poyabzallar uchun tavsiya etilgandi), minimal chegara esa 3 dollar etib belgilanmoqda.

    «Bolalar va ayollar poyabzallari bozorining o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqadigan bo‘lsak, boj stavkasi o‘zgarishsiz qolishi mumkin», — deyiladi xabarda.

    «O‘zcharmsanoat» uyushmasi saytida 15 iyun kuni nashr qilingan xabarda qaror loyihasi himoya qilingan.

    «Bugungi kunda poyabzal mahsulotlari uchun Pokistonda 25 foiz, Turkiyada 30-50 foiz, Vetnamda 10-20 foiz, poyabzal sanoati rivojlangan va mahsulotlari butun dunyo bo‘ylab sotilayotgan Xitoyda esa 100 foiz import boji o‘rnatilgan», – deyiladi unda.

    Tadbirkor Zafar Hoshimov Facebook’dagi sahifasida import oyoq kiyimlarga boj to‘lovi miqdorining oshirilishi haqidagi taklifga munosabat bildirdi.

    «Agar ushbu o‘zgartirishlar sohaga joriy qilinsa, sifatli mahsulot kurerlik xizmatlari orqali onlayn buyurtmalar, kontrabanda va qora bozorga o‘tishini taxmin qilish qiyin emas. Va sifatli oyoq kiyim uchun narxlar ko‘tarilib ketadi. Shuningdek, iste’molchi uchun tanlov imkoniyati sezilarli darajada qisqaradi. Bundan manfaat ko‘radiganlar esa mahalliy oyoq kiyim ishlab chiqaruvchilari emas, balki kontrabanda bilan shug‘ullanuvchilar bo‘ladi. Ushbu holat bojxona, soliq va huquq-tartibot organlarida ham korrupsiya rivojlanishiga zamin yaratadi. Bu esa shubhasiz, davlat byudjetiga ham katta zarar yetkazadi», — deb yozadi tadbirkor.

    Iqtisodchi Behzod Hoshimov ham Facebook sahifasida bu loyihaga munosabat bildirdi.

    «Birinchidan, Xitoy Jahon savdo tashkilotining (JST) a’zosi, bu degani unga a’zo davlatlar uchun boj tariflari o‘rtacha nolga teng. Ikkinchidan, JSTga a’zo bo‘lmagan davlatlar uchun ham poyabzal boji atigi 12 foiz. Bundan tashqari Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra 2017 yilda Xitoyda o‘rtacha boj 3,7 foiz bo‘lgan. Bu savdo urushini inobatga olganda», – deydi u.

    » » "O‘zcharmsanoat" poyabzal import bojini kamaytirishga rozi bo‘ldi