23:16 / 19.06.2019
4 687

Buxoroda 4 mahbus qamoqxonadan qochish uchun 1,5 oy davomida hojatxona ostidan lahm kovlagan

Buxoroda 4 mahbus qamoqxonadan qochish uchun 1,5 oy davomida hojatxona ostidan lahm kovlagan
Buxoro viloyati IIB Jazoni ijro etish boshqarmasiga qarashli 1-sonli jazoni ijro etish koloniyasida jazo muddatini o‘tayotgan yoshlar bilan til biriktirib, qochishga uringan o‘ta xavfli retsidivist-mahkumga yana hukm o‘qildi. Bu haqda Jinoyat ishlari bo‘yicha Romitan tuman sudi raisi Ulug‘bek Bozorovga asoslanib «Daryo» xabar qildi.

2008 yildan buyon Jinoyat Kodeksining 164-moddasi (Bosqinchilik) 4-qismi, «v» bandi, 169-moddasi (O‘g‘rilik) 3-qismi, «a» bandi, 4-qismi «v» bandi va boshqa qator moddalar bilan ayblanib, 59-modda 8-qismi qo‘llanilib, jami 12 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi bo‘yicha sudlangan farg‘onalik Otabek Saidov qamoqxonada ham jinoyat sodir etdi.

2018 yil 21 noyabr kuni Otabek Saidov jazoni ijro etish koloniyasida muddatini o‘tayotgan 1990 yilda tug‘ilgan Ro‘zimatjon Dadaboyev, 1992 yilda tug‘ilgan Otabek Jo‘martov va 1997 yilda tug‘ilgan Azizbek Mahkamovni fikrini buzib, ularni aldov yo‘li bilan ozodlikka chiqishga undab, mazkur muassasa hududidan qochib ketishni rejalashtirgan. O‘z rejalariga ko‘ra, muassasa atrofini o‘rab turgan devor yaqinida joylashgan mahkumlar uchun mo‘ljallangan hojatxona ostidan lahm qazish orqali muassasa tashqarisiga chiqib qochishni mo‘ljallashgan.

Otabek Jo‘martov, Ro‘zimatjon Dadaboyev va Azizbek Mahkamovlar hojatxona ichki qismidagi oxirgi o‘rindiq joyining beton qismini sindirish orqali yerto‘laga tushish uchun maxsus joy tayyorlagan. Maxsus lahm qazish uchun kerak bo‘ladigan belkurak, bolg‘a, chelak, temir bo‘laklari singari anjomlarni hojatxonaga olib kelib qo‘ygan.

2018 yil dekabr oyidan boshlab asta-sekinlik bilan hojatxona yon devori beton qismini sindirish orqali maxsus teshik hosil qilgan. Undan hojatxona ostki yo‘liga tushib, 1,0x1,30 metr hajm kattalikdagi qismini sindirib, belkurak yordamida yana lahm qazishda davom etgan. Keyinchalik kunning ma’lum bir qismida muassasa qo‘riqchilariga sezdirmasdan jinoiy guruh a’zolari navbat bilan lahm qazib borishga o‘zaro kelishib olgan. Biroq jinoiy harakatlarini o‘zlariga bog‘liq bo‘lmagan holda oxiriga yetkaza olishmagan.

2019 yil 1 yanvarda jinoiy guruh a’zolari muassasa xodimlari tomonidan jinoyat ustida qo‘lga olingan.

7 iyun kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Romitan tuman sudi tomonidan mahkumlar tomonidan sodir etilgan jinoyatga yana hukm o‘qilgan. Hukmga ko‘ra, Otabek Saidovga JKning 25-, 222-moddasi (Qamoqdan yoki qo‘riqlov ostidagi saqlash joyidan qochish) 2-qismi «v» bandi bilan aybli, deb topilgan. O‘ta xavfli retsidivistga JKning 34-, 60-moddasiga asosan 16 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilgan.

Ro‘zimatjon Dadaboyev hamda Azizbek Mahkamov JKning 25-, 222-moddasi 2-qismi «v» bandi bilan aybli deb topilib, JKning 60-moddasiga asosan, har biri 8 yil 2 oy muddatga, Otabek Jo‘martovga esa 12 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Buxoroda 4 mahbus qamoqxonadan qochish uchun 1,5 oy davomida hojatxona ostidan lahm kovlagan