13:57 / 24.06.2019
8 346

O‘zbekistondagi teleshou tashkilotchilari jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin

O‘zbekistondagi teleshou tashkilotchilari jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin
Qonunchilik palatasida 20 iyun kuni «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi markaziy kengashi «Milliy axborot makonida milliy manfaatlar: bugungi holat va istiqbol» mavzusida davra suhbati o‘tkazildi, deb xabar bermoqda O‘zA.

Unda davlat va nodavlat telekanallar orqali namoyish etilayotgan xorijiy seriallar, tavakkalchilikka asoslangan turli teleshoular urfga aylangani, bu voyaga yetmagan yoshlar ongi, tafakkuriga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani ta’kidlangan.

Shuningdek. ayni kunda ko‘p sonli tomoshabinlar, jumladan, partiya elektorati bo‘lgan ziyolilar e’tiroziga sabab bo‘lgan media mahsulotlarning axborot makonidan o‘rin olayotgani, bu esa mamlakat imijiga putur yetkazayotgani aytilgan.

«Boriga baraka», «Omad shou», «Millioner shou», «Oltin kalit» kabi ko‘rsatuvlar negizida mehnat qilmasdan oson pul topish, o‘zgalarning hisobidan bir zumda boyib ketish kabi chalg‘ituvchi g‘oyalar borligi tilga olingan.

Qayd etilishicha, 2007 yil 1 sentyabrdan boshlab O‘zbekistonda qimor o‘yinlarini va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni (shu jumladan, totalizatorlar) tashkil etish va o‘tkazish (tirajli, bir lahzali va raqamli lotereyalardan tashqari) taqiqlangan. Shuningdek, qimor o‘yinlarini va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazish uchun telekommunikatsiya tarmoqlarida, shu jumladan, internet tarmog‘i provayderlari tomonidan xizmatlar ko‘rsatish, mamlakatimiz hududiga pul yutug‘iga ega bo‘lgan o‘yin avtomatlarini olib kirish man etilgan.

Bu Vazirlar Mahkamasining 2007 yil 16 avgustdagi «Qimor o‘yinlarini tashkil etish va o‘tkazishni yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida belgilangan.

«Davlat va xususiy telekanallarda efirga uzatilayotgan turli kapital shoular yuqoridagi qaror talabiga javob beradimi? Buni aniqlash uchun barcha kapital shoularni ekspertlar baholab berishi kerak. Agarda o‘sha teleshoular tavakkalchilikka asoslangani va qimor o‘yini, deb topilsa, tashkilotchilar jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin», — deyiladi xabarda.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistondagi teleshou tashkilotchilari jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin