Ombudsman qamoqxonada Gulnora Karimova bilan uchrashdi

  • 25 iyun 2019, 17:30
  • 1 103
  • Jamiyat
  • Ombudsman qamoqxonada Gulnora Karimova bilan uchrashdi
    Iyun oyida Ombudsman boshchiligidagi monitoring guruhi Toshkent viloyati, Zangiota tumanida joylashgan umumiy rejimdagi ayollar koloniyasida bo‘ldi. Guruh tarkibida sog‘liqni saqlash sohasi eksperti ham bo‘lgan. 2017 yildan buyon ushbu jazoni o‘tash muassasasida saqlanayotgan mahkumalardan 203 ta murojaatlar tushgani aytilmoqda.

    Tadbir jarayonida mahkumalar yashayotgan binolardagi sharoitlar qonunchilikka qanchalik mos kelishi, sanitar-gigiyena talablariga amal qilinishi, ovqatlanishni tashkillashtirish, ma’naviy-ma’rifiy ishlarning olib borilishi va tibbiy xizmat masalalari o‘rganib chiqildi.

    Ombudsman tomonidan 700 dan ortiq mahkumalar bilan jamoaviy uchrashuv tashkil etildi. Ularning e’tiboriga mamlakatda mahkumlarning huquq va erkinliklari uchun amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar hamda Ombudsman institutining bu borada tutgan o‘rni haqida ma’lumot berildi. Tushgan murojaatlar yuzasidan Ombudsmanning 87 ayol bilan shaxsiy uchrashuvi tashkil etildi. Murojaatlar asosan mahkumalarning oila a’zolari huquqlarini ta’minlash, qarindoshlar bilan aloqa qilishda amaliy ko‘mak ko‘rsatish va mulkiy hamda moddiy huquq borasida tushgan edi.

    Ombudsmanning tashrifi davomida ayollar qamoqxonasi mahkumasi G.I.Karimova bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Suhbat davomida Gulnora Karimova ayniqsa muassasaning tibbiyot xizmati xodimlariga e’tibor va o‘z vaqtida ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam uchun minnatdorchilik bildirdi.

    O‘rganish davomida muassasa tomonidan G.I.Karimovaning tibbiy ko‘rigi uchun kardiologiya, nevrologiya, gastroenterologiya, endokrinologiya va ginekologiya sohasida yetakchi mutaxassislar jalb qilingani qayd etildi. Shuningdek alohida tibbiy ko‘riklar IIV markaziy gospitalida amalga oshirilgan. Gulnora Karimova shifokorlar tavsiyasiga ko‘ra tizimli asosda kerakli tibbiy preparatlarni qabul qilmoqda. Bugungi kunda uning tibbiy holati umumiy jihatdan qoniqarli va sog‘lom ovqatlanish ratsioni tashkil etilgan.

    Eslatib o‘tamiz, biroz vaqt muqaddam Gulnora Karimova so‘nggi 6 yilda ilk marta o‘zbek xalqiga murojaat etgani xabar qilingan edi. Murojaat matnini uning qizi Imon Karimova Instagram sahifasida e’lon qilgan.

    Murojaatda Gulnora Karimova xalqdan uzr so‘ragan va O‘zbekistonga 1,2 mlrd dollarni qaytarganini ma’lum qilgan.

    » » Ombudsman qamoqxonada Gulnora Karimova bilan uchrashdi