21:16 / 25.06.2019
4 408

Olimlar: «Endi paxtani odamlar emas, mashinalar teradi»

Olimlar: «Endi paxtani odamlar emas, mashinalar teradi»
Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan e’lon qilingan grantlar tanlovida «Paxta maydoni agrofonini shakllantirish va klaster asosida paxta xom ashyosini mashina orqali bir terimda yig‘ib olish uchun texnik vositalarning tayanch to‘plamini ishlab chiqish» mega loyihasi ham mavjud. Loyiha kelgusi ikki yilda bajarilishi rejalashtirilib, unga 2,2 mlrd mablag‘ ajratildi.

«Loyihadan ko‘zlangan maqsad — paxtani sifatli yetishtirish va terib olish. Albatta, bu jarayonni bir qancha texnik vositalarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bundan ilgari, agrotexnika mashinalari O‘zbekistonga chet davlatlardan keltirilgan. Bu katta mablag‘ni tashkil etadi. Qolaversa, har bir mashina o‘sha mamlakat iqlim va ekinchiligiga moslashtirilgan holda ishlab chiqariladi.

Shu bilan birga paxta terib olish mashinasi uchun maxsus vositalar kerak bo‘ladi. Uni tozalash, paxtani sifatli terishi uchun doim texnik vositani sozlab turish kerak. Bu qo‘shimcha mahsulotlar ham katta xarajatlarni tashkil qiladi. Biz yaratmoqchi bo‘lgan mashina ulardan kamida 3, 5 barobar arzon bo‘ladi», — deydi loyiha rahbari o‘rinbosari, professor Anvar Rizayev.

Loyihaga ko‘ra, bir nechta paxta terib oladigan mashinalar O‘zbekistonda tayyorlanadi. Buni uchun 11ta tashkilot mas’ul etib tayinlangan.

Ma’lum qilinishicha, loyihada ko‘rsatilgan prototip mashinalar amalda sinab ko‘rilgan va yaxshi natijani qayd etgan. Endi uni keng dalalarga tatbiq qilish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

«Bugungi kunga qadar bir terishda paxtani 70 foizdan ko‘p miqdorda mashinalar bilan terish imkoni bo‘lmagan. Bunga sabab, chet eldan kirib kelgan mashinalar bizni ekish tizimimiz uchun mo‘ljallanmagan va buning natijasida paxtaning ko‘p qismiga zarar yetgan holda terilgan», — deydi loyiha direktor o‘rinbosari professor Anvar Rizayev.

Yangi ishlab chiqarilishi ko‘zda tutilgan paxta terish mashinasi ikki tipda bo‘lib, ular paxtani qachon va qanday yetilganligiga qarab ishga tushiriladi. Bundan tashqari paxta barglarini to‘kuvchi va yana bir nechta vazifalarni bajaruvchi mashinalar ham loyihaga muvofiq tayyorlanadi.

Vazirlik e’lon qilgan grantning asosiy shartlaridan biri, mashinalar bir aylanib terganda paxtaning 94-95 foizi hosilini jamlashdir.

«Oldimizga qo‘ygan oliy maqsadimiz — paxta terimida qo‘l mehnatini bartaraf etish. Bugungi kunda bir nechta mamlakatlar, jumladan, Amerika, Rossiya, Angliya va yana boshqalar mashinada terish usuliga allaqachon o‘tishgan. Biz yaratmoqchi bo‘lgan mashinalar ham zamonaviy terish usullarida ishlaydigan kuchga ega bo‘ladi. Qolaversa, yaratilajak mashinalarni qo‘shni Ozarboyjon, Qozog‘iston, Turkiya mamlakatlariga eksport qilish ham ko‘zda tutilgan. Yaqin ikki yil ichida paxta sanoatida katta o‘zgarishlar bo‘lishidan umidvormiz», — deydi Anvar Rizayev.

Ozoda VALIYeVA

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Olimlar: «Endi paxtani odamlar emas, mashinalar teradi»