Propiskaga oid petitsiyani e’lon qilish rad etildi

  • 28 iyun 2019, 11:04
  • 714
  • Jamiyat
  • Propiskaga oid petitsiyani e’lon qilish rad etildi
    2019 yil aprelida huquqshunos va bloger Xushnud Xudayberdiyev «Mening fikrim» jamoaviy murojaatlar portaliga Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska rejimini bekor qilish to‘g‘risidagi murojaat joylashtirgandi.

    U bugun, 28 iyun kuni bu murojaat natijasi bo‘yicha ma’lumot berdi.

    «O‘sha petitsiyaga moderator tomonidan rad javobi berilgan. Ya’ni petitsiya ovozga ham qo‘yilmadi. Boshqacha aytganda mening fikrim «tug‘ilmayoq bo‘g‘ildi».

    Rad qilishning asosi sifatida balandparvoz gaplar yozilgan. Aytishlaricha, doimiy propiskani soddalashtirish bo‘yicha ko‘p ishlar qilinayotgan emish, shu sababli mening petitsiyamni e’lon qilish rad etilganmish.

    Vaholanki, men propiskani soddalashtirishni emas, bu tizimni butunlay bekor qilishni so‘raganman. Bu ikkalasi mazmunan boshqa-boshqa narsalar ekanligini tushunish qiyin emas.

    Moderator javobining so‘nggida quyidagicha deyiladi:

    «Yuqoridagilardan kelib chiqib, mamlakatimizda ushbu sohada islohotlar bosqichma-bosqich amalga oshirilayotganligini hisobga olgan holda, 2019 yil 2 fevraldagi «Mening fikrim» veb-portali orqali elektron jamoaviy murojaat qilish va ularni ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risida»gi Nizomga muvofiq, «Mening fikrim» veb-portaliga elektron jamoaviy murojaatni joylashtirish yoki joylashtirishni rad etish haqidagi masalani ko‘rib chiqish uchun vakolatli davlat organlari va moderator vakillaridan iborat tarkibda tuzilgan Ishchi komissiya tomonidan murojaatingiz «Mening fikrim» veb-portaliga joylashtirilishi maqsadga muvofiq emas, deb topildi».

    Lekin xulosada Nizomning aynan qaysi bandi bo‘yicha rad qilinganligi aytilmagan. Bunga hayron qolmasa ham bo‘ladi, chunki Nizomda rad qilish asoslari aniq sanalgan bo‘lib, mening petitsiyam ularning birortasiga tushmaydi. Qanday asos bilan rad qilayotganini o‘zlari ham bilishmaydi.

    Avvalroq «Mening fikrim» portalida Nizomdagi muddatlarga rioya qilmaslik holati muntazam uchrab turgani haqida ham ma’lumot bergandim.

    Xullas, bu portaldan ko‘nglim qoldi. Faqat rahbarlarga yoqadigan petitsiyalarni o‘tkazib, sal yoqmaydigani chiqib qolsa, asossiz rad qiladigan bo‘lishsa, bunaqa portaldan kimga nima foyda?

    Yodingizda bo‘lsa, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 22 dekabr kuni Oliy Majlisga Murojaatnomasida qonunlar muhokamasiga keng xalq ommasini jalb qilish, buning uchun zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, jumladan, Internet tarmog‘ida maxsus «maydon»lar yaratish zarurligini ta’kidlab o‘tgan edilar.

    «Mening fikrim» portali ham shu tashabbus ortidan ochilgandi. Davlatimiz rahbarining ushbu maqsadi «xalq - qonunlarning asosiy ijodkori bo‘lsin» degan prinsip ustiga qurilgandi.

    Ammo propiska haqidagi petitsiyaning assosiz rad qilinganini ko‘rib, aytish mumkinki, portalni yuritayotganlar, nazorat qilayotganlar o‘zlarining asossiz senzuralari orqali xalqning fikrini bo‘g‘ishmoqda, faqat o‘zlariga yoqadigan jamoaviy murojaatlarni o‘tkazib, sal yoqmaydiganlari chiqib qolsa, rad etishib, ko‘zbo‘yamachilik bilan shug‘ullanishmoqda. Prezidentning ishonchi hayf Sizlarga!», deydi Xushnud Xudayberdiyev telegramdagi kanali orqali.

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » Propiskaga oid petitsiyani e’lon qilish rad etildi