08:30 / 02.07.2019
7 310

Qodirov, Abdullayev, Murodov... O‘tmish achchiq. Kelajak-chi? (Birinchi maqola)

Qodirov, Abdullayev, Murodov... O‘tmish achchiq. Kelajak-chi? (Birinchi maqola)
Prezidentning Oliy Majlis Senatidagi ma’ruzasi ko‘p narsani qayta idroklashga undadi.

O‘zbekistonda prokuratura tizimi nega bunchalar korrupsiyaga botgan? Avvalgi Bosh prokurorlar — Bo‘ritosh Mustafoyev (1990—1998) va Usmon Xudoyqulov (1998—2000) og‘ir qismatni chetlab o‘tgan bo‘lsa-da, keyingi avlod vakili Rashid Qodirov 10 yilga «kesildi», Ixtiyor Abdullayev va Otabek Murodov «ishi» tergovda...

Hamonki, tizimning eng yuqori darajali rahbarlari yuz-yuz minglab dollar poralar olgan ekan, xalqning ularga ishonchi va hurmati qoladimi?! Qonunlar ijrosi ustidan nazorat qiluvchilarning o‘zi qattiq nazoratga muhtoj ekan, endiyam nima qilmoq kerak? Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi raisining o‘zi uchiga chiqqan korrupsioner bo‘lsa, odamlar dardini kimga aytsin?

Avvalo, tizimning asosiga, uning qanday qurilganiga bosibroq nazar tashlash kerakday. Sobiq Ittifoq davridan buyon prokuraturaga mustaqil va alohida markaziy muassasa sifatida qarab kelinadi, biroq u strategik jihatdan adolatli adliya tizimining ajralmas bir bo‘lagiga aylana olmadi.

Mustafoyev va Xudoyqulovdan keyin MXXning tergov boshqarmasidan bu tizimga o‘tib, uch muddat bosh prokuror lavozimini mahkam egallab kelgan Rashid Qodirov davrida prokuratura Milliy xavfsizlik xizmatining bitta «boshqarmasi»ga aylanib qoldi. Poraxo‘rlik, mansab vakolatini suiiste’mol qilish, siyosiy sabablar bilan jinoyat ishi ochishlardan ko‘plar hayratlanmay qoldi hatto.

Prezident Shavkat Mirziyoyev boshqaruvga kelgan davrida uni norozi qilgan eng katta sabablar ham shunda bo‘lgan, bosh vazirlik chog‘ida bu kabi illatlarga duch kelaverib, tizimning og‘riqli nuqtalarini juda yaxshi bilar edi.

2018 yil fevralda Konstitutsiyaviy sud a’zosi bo‘lgan sobiq «generalniy» va uning hamtovoqlari hibsga olinib, tergovga tortildi. Sud hukmini o‘qidi, ayblov o‘ta jiddiy va ko‘p edi...


Bosh prokuraturaga uch yil ham rahbarlik qilmagan Abdullayev davrida tizim kengaydi, qo‘shimcha vakolatlar berildi va ayni shu narsalar islohot sifatida talqin etildi. U quv, siyosiy maydonda o‘ta ayyorona usullardan foydalanib, nimaki ish bo‘lsa, boshqalar qo‘li bilan qilish hadisini olgandi.

Otabek Murodov ham ustozi Abdullayev yo‘lidan yurdi. Yosh, g‘ayratli Murodovning avvalgi salafi «chizib ketgan chiziq»dan chetga chiqishiga imkoniyat yo‘q darajada ediki, natijada prokuratura davlat va mahalliy boshqaruv organlarida qonuniylikni ta’minlash bahonasida ularga o‘z bosimini o‘tkazuvchi qudratli organga aylanib oldi. Asta-sekin ijro hokimiyati faoliyatiga ham aralashib, hatto ijroiya funksiyasi bilan ham shug‘ullana boshladi.

Umuman, bu tizimning nimasi noto‘g‘riki, xatolar ketidan xatolar yuz bermoqda?

Katta umid bildirilgan Nig‘matilla To‘lqinovich ham avvalgi achchiq amaliyotlarni takrorlaydimi yoki uni mutlaqo yangi pog‘onaga olib chiqadimi? Albatta, uzoq yillar tizimda samarali ishlagan, Senatda o‘zining xalqona chiqishlari bilan katta obro‘ qozongan bu insondan ko‘p narsa kutishmoqda.

Biz ham ayrim mulohazalarimizni bildirishni istar edik.

Xabaringiz bor, bir paytlar Adliya vazirligi ixtiyorida bo‘lgan Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy ta’minlash departamenti Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosiga aylantirildi.

Eski «zo‘ravoncha» uslublar asosida ijroni amalga oshirayotgan yoxud o‘zini aholiga shunday qilib ko‘rsatayotgan mazkur tuzilma faoliyati ko‘p hollarda aholining noroziligiga sabab bo‘layotgani bor gap. Buni jiddiy ravishda o‘rganib, byuroni tashkil etishga qaratilgan qonunchilikni yangilash lozimday.

Bu tizim mohiyatan va funksiyaviy jihatdan sud qarorlarini ijro qilishga mas’ul. Shunga qaramay, Byuroni sud qarorlari va boshqa organlar hujjatlarni ijro etuvchi yagona tizim deb bo‘lmaydi. Masalan, jinoiy sud hukmlari ijrosi Ichki ishlar organlari vakolatiga berilgan. Byujdetdan mablag‘ undirish belgilangan sud qarori ijrosi esa moliya bo‘limlariga yuklatilgan. Boshqasi Majburiy byuro ijrosi (MIB) gardanida. Ko‘rinadiki, sud qarorlari ijrosi bo‘yicha yaxlit tizimning o‘zi yo‘q. Nega uchala davlat organining ijroga aloqador funksiyalarini birlashtirish kerak emas? Shunda yaxlit tizim vujudga kelmaydimi?

Bundan tashqari, Majburiy byuro ijrosi huzurida maxsus jamg‘arma tashkil etilganki, bu hol ko‘pdan buyon katta bahs-munozaralarga sabab bo‘layotir. Jamg‘arma mablag‘lari, tegishli nizomga ko‘ra, sud qarorlari ijrosi jarayonida undiriladigan pullardan foiz olinishi, shuningdek, o‘zining bo‘sh mablag‘laridan foydalanish (bunda o‘sha mablag‘larni bankka omonat tariqasida qo‘yib, ko‘paytirish ham tushuniladi) hisobiga ham shakllantiriladi. Bunda tijorat alomatlari yaqqol ko‘rinadiki, prokuraturadek o‘ta jiddiy tizimga bu hol yarashmasligi (yumshoq aytganda, albatta) ayon.

Qolaversa, sud qarorlarini ijro etish jarayonida MIB xodimi tomonidan solinadigan jarimalarning 80 foizi jamg‘armaga o‘tkazilishi belgilab qo‘yilibdi. Bu hol o‘z-o‘zidan tizim xodimlari qarzdorga qancha jarima qo‘llasa (asosiy qarzdan tashqari), shuncha rag‘batga sazovor bo‘lishini anglatadi. Shu tariqa u o‘z qudrati va vakolatidan foydalanib yanada ko‘proq undirish payiga tushishi, aholiga jarimalar qo‘llashi ehtimoli juda yuqori. Tizim o‘z faoliyatini shaffoflik va ochiqlik mezoni asosida amalga oshirishi lozim bo‘lsa-da, o‘sha jamg‘armaga qancha mablag‘ tushganini oshkor etmayotganiga nima deysiz?

Bu o‘rinda gap MIB tashkil topganidan buyon necha trillion pul undirgani haqida ketayotgani yo‘q. Gap tizimning o‘zi haqida. Majburiy obuna kerak emas, deyildi va u bekor qilindi. Majburiy mehnatning ham har qanday ko‘rinishiga qarshi kurashyapmiz. Ammo demokratik davlatda Majburiy ijroning hozirgi shaklda bo‘lishi mamlakat imiji va obro‘siga qanday ta’sir ko‘rsatadi?! Gap shunda. Bu haqda jiddiy o‘ylash fursati yetdi, chog‘i?

Sud qarorlari ijrosiga mas’ul yaxlit tizim tashkil etib, uni qayta nom bilan prokuratura ixtiyoridan chiqarish maqsadga muvofiq emasmikan?! Toki, aholi MIB faoliyatidan norozi bo‘lsa, prokuraturaga bemalol murojaat qilsin. Hozir ham imkon yo‘q emas, biroq iloj-chi? Nima bo‘lgandayam MIB prokuratura tizimidagi tashkilot. Bir tizim xodimlari bir-birlarining ayb-xatolarini mamnuniyat bilan ochavermaydi-da. Ko‘z ko‘zga tushadi, to‘yi bir, ma’rakasi bir...

Yana bir mulohazaki, bu endi tergov amaliyotiga bog‘liq. Bizda dastlabki tergov harakatlarini uchta sub’ekt — prokuratura, ichki ishlar vazirligi va davlat xavfsizlik xizmati olib boradi. Jinoyat kodeksida nazarda tutilgan qilmishlarning to‘rtdan uch qismi ichki ishlar, qolgani prokuratura va DXX tomonidan tergov qilinishi ham ko‘p savollarni tug‘diradi.

Savolki, tergovchi amalda mustaqilmi? Bu savolga baralla «ha» deya javob bermoq mahol. Deylik, tuman IIB tergovchisi. U bevosita boshliqning tergov bo‘yicha o‘rinbosariga bo‘ysunadi. Bu tushunarli. O‘rinbosardan tashqari, u IIB boshlig‘iga ham qaram: chunki boshliqda uni (tergovchini) rag‘batlantirish, jazo qo‘llash, lavozim, unvoni oshirish kabi vakolat bor. Bundan tashqari, prokuror bilan ham hisoblashishga majbur. Negaki, tergovchi tuzgan ayblov xulosasi prokuror tasdig‘isiz sudga o‘tmaydi.

Endi o‘ylang, qismati va faoliyati bir emas, uchta mansabdorga bevosita bog‘liq bo‘lgan IIB tergovchisi qandoq mustaqil bo‘lsin? To‘g‘ri, qonunga ko‘ra, u mustaqil mansabdor shaxs. Biroq tergov jarayonida qonundan ko‘ra inson omili ko‘p hollarda tarozi pallasini bosib ketmayaptimi? DXX tergovchilari xususida ham gap shu. Faqat prokuratura tergovchisi boshqa organdagi hamkasblaridan ko‘ra mustaqilroq. Chunki, faqat u to‘g‘ridan-to‘g‘ri prokurorga bo‘ysunadi.

Yuqoridagi qisqa mulohazalardan muddaoki, alohida tergov qo‘mitasi tuzish fursati allaqachon yetganday...


Bu borada uzoqqa bormay yaqin xorij davlatlari tajribalari o‘rganish kifoya. Shundagina IIV, DXX va prokuratura ishi ancha «yengillab», har tashkilot o‘zining asosiy vazifasi bilan andarmon bo‘ladi. Qolaversa, qonunlar ijrosi nazoratiga mas’ul bo‘lgan prokuraturaning bu funksiyasi tergov qo‘mitasi faoliyatini chetlab o‘tmaydi-ku?!

Agrosanoat va oziq-ovqat bilan bog‘liq inspeksiya yana Vazirlar Mahkamasiga qaytarildi va mantiqli ish bo‘ldi. Qishloq xo‘jaligi vazirining qancha paxta yoki qancha g‘alla ekish, hosildorlik necha sentnerdan bo‘lgani-yu, kartoshka qurtini qanday zararsizlantirish, necha quti pillani kimga tarqatish-u, baliq chavog‘ini qancha miqdorda tashlash, olma bo‘liqroq hosil berishi uchun go‘ngni qanday sochish bo‘yicha prokurordan topshiriq kutib o‘tirishi o‘ta mantiqsiz va yig‘lagulik holat edi-da. Bu, bir tomondan, qishloq xo‘jaligi xodimlariga nisbatan to‘liq ishonchsizlikni anglatsa, ikkinchi tomondan, ijroiya hokimiyatining o‘z faoliyatini to‘liq bajarishiga to‘siq qo‘yadi.

Bu funksiya Vazirlar Mahkamasi va uning tuzilmalari mutlaq vakolatiga daxldor va uni «o‘zlashtirib olish» ma’muriy jihatdan qo‘pol xatolikdir.

Tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish kabi tuturuqsiz boshqarmalar qayta tuzilmasligi lozim. Chunki tadbirkorning huquqi buzilsa, prokuratura shundoq ham ularning huquqlarini ta’minlashga mas’ul va bu bilan shug‘ullanish uning qonuniy belgilangan burchidir.

Sobiq bosh prokurorlarning yana bir xatosi tizimda ijtimoiy-iqtisodiy hayotning barcha jabhalarini total nazorat qiluvchi «kuratorlar» institutini joriy etishi bo‘ldi...
(davomi bor)

Xabar.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qodirov, Abdullayev, Murodov... O‘tmish achchiq. Kelajak-chi? (Birinchi maqola)