06:00 / 09.07.2019
2 529

O‘zbekistonda nega ko‘pchilik ijtimoiy fanlarga qiziqadi?

O‘zbekistonda nega ko‘pchilik ijtimoiy fanlarga qiziqadi?
Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazida fizika yo‘nalishi talabalari uchun yozgi maktab tashkil etildi.

Ushbu maktab o‘quvchilari Fizik-kimyoviy tadqiqot usullari laboratoriyasida 10 kun davomida skanerlovchi elektron mikroskoplarda elementli tahlil qilish, fazaviy-strukturaviy tahlil, molekulyar tuzilish tahlillari va boshqa yo‘nalishlarda amaliy mashg‘ulot olib borishdi.

Maktabni tamomlagan 8 nafar turli OTMlarning magistr va bakalavrlari oxirgi taqdimotlarini topshirdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Taqdimot ishlariga hakamlik qilgan fizika-matematika fanlari doktori Elvira Ibragimova O‘zbekistonga, birinchi navbatda, yaxshi fan analitiklari kerakligini ta’kidladi.

«Aniq fan yo‘nalishida buning uchun, avvalo, bola maktab yoshidan aniq laboratoriya sharoitida ishlashi kerak. Misol uchun ijtimoiy fanlarni mustaqil o‘rgansa bo‘ladi, ya’ni yodlash, mulohaza va mushohada qilish bilan ularni yaxshi o‘zlashtirish mumkin. Biroq bizda fizika, kimyo, biologiya kabi fanlarni laboratoriya sharoitida amaliy o‘rganish uchun maktab tizimida to‘liq potensial mavjud emas. Shuning uchun ko‘pchilik gumanitar fanlarni yaxshi ko‘radi», — deydi Ilg‘or texnologiyalar markazi Fizik kimyoviy tadqiqot usullari laboratoriyasi kichik ilmiy xodimi Furqat Tojinazarov.

Toshkent davlat pedagogika universiteti talabasi Avazbek Qarshiboyevning ta’kidlashicha, universitet laboratoriyasida jihozlar yetarli bo‘lsa-da, ularning ko‘pchiligi inglizcha qo‘llanmalar asosida keladi.

«Laboratoriya xodimlari ham ayrim vaqtlarda bu tilda berilgan instruksiyani to‘liq tushunmaydi. Shu sababli ba’zi murakkab asboblarga zarar yetkazmaslik uchun ulardan deyarli foydalanilmaydi», — deydi.

Yozgi maktabning maqsadi ham aynan shu: talabalarni mumkin qadar amaliy jarayon — laboratoriya sharoiti bilan yaxshiroq tanishtirish.

Shuningdek, yozgi maktab tinglovchilaridan birining ta’kidlashicha, talaba universitet laboratoriyasidan mustaqil foydalanish uchun, avvalo, tilxat yozishi kerak. U barcha javobgarlikni o‘z bo‘yniga olgandan keyin ichkariga kirishi mumkin. Yozgi maktabda esa ishtirokchilar bemalol o‘zlari tajriba ishlarini amalga oshirishgan.

Ma’lumot uchun, Ilg‘or texnologiyalar markazi Fizik-kimyoviy tadqiqot usullari laboratoriyasi o‘zida mavjud jihozlar bilan o‘qituvchilarni, talabalarni jamoaviy tarzda tanishtirish imkoniga ega.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonda nega ko‘pchilik ijtimoiy fanlarga qiziqadi?