Ekspert tahlili: “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi Qonunning yangi tahriri loyihasi

  • 09 iyul 2019, 14:24
  • 371
  • Jamiyat
  • Ekspert tahlili: “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi Qonunning yangi tahriri loyihasi
    Ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar jadallik bilan rivojlanib borayotgan sharoitda ushbu munosabatlarini tartibga soluvchi huquqiy normalarni mazkur jarayonlarga moslab, yangilab borish lozim.

    Amaldagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi Qonuni 2003 yil 29 avgust kuni qabul qilingan. Hozirgi kunga qadar Hukumat faoliyatini tartibga soluvchi 30 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan hamda Vazirlar Mahkamasining vakolatlari 200 dan ortiq qonun hujjatlarida aks ettirilgan bo‘lishiga qaramasdan, bugungi kunga qadar ushbu normalarning aksariyati tizimlashtirilmagan va mazkur Qonunda o‘z aksini topmagan.

    Bundan tashqari, amaldagi Qonun tahlili, unda Hukumat a’zolarining o‘ziga biriktirilgan aniq soha va tarmoqlar uchun javobgarligi hamda ularni baholash mezonlari tartibga solinmaganligi, Vazirlar Mahkamasining davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorligining samarali mexanizmlari nazarda tutilmaganligi hamda investitsiya, ta’lim, ilm-fan, sog‘liqni saqlash, ekologiya, tashqi iqtisodiy hududlarni rivojlantirish tashqi siyosiy faoliyat, axborot texnologiyalari, va mudofaa va xavfsizlik sohalaridagi Hukumatning vakolatlari aniq belgilanmaganligini ko‘rsatmoqda.

    Ayni shu sababdan mazkur Qonunni tanqidiy ko‘z bilan qayta ko‘rib chiqib, yangi tahrirda qabul qilish hozirgi kunda dolzarb bo‘lib turipti.
    Shu nuqtai nazardan kelib chiqib, Vazirlar Mahkamasi va Adliya vazirligi tomonidan boshqa manfaatdor vazirliklar, qo‘mitalar va idoralar bilan hamkorlikda yangi tahrirdagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi hamda regulation.gov.uz saytiga jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

    Mazkur yangi tahrirdagi qonun loyihasini ishlab chiqishdan qo‘zlangan maqsad Hukumatni zamonaviy ijro hokimiyati rahbar organi sifatida uning vakolatlarini aniq belgilash, Hukumat a’zolarining vakolatlari va javobgarligi hamda ijtimoiy himoyasi kafolatlarini o‘rnatish, ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, shuningdek, uning boshqa hokimiyat tarmoqlari hamda nodavlat notijorat tashkilotlari bilan munosabatlarini yagona qonun doirasida jamlash hisoblanadi.

    Ushbu yangi tahrirdagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi 10 ta bob, 50 moddadan iborat. Uni ishlab chiqishda Germaniya, Litva, Latviya, Estoniya, Rossiya Federatsiyasi, Belarus, Ukraina, Gruziya, Armaniston va Moldova kabi davlatlarining tajribalari o‘rganilib tahlil qilib chiqilgan.

    Yangi tahrirdagi Qonun loyihasining amaldagi qonun bilan farqli jihatlariga va yangi kiritilayotgan normalarga to‘xtalsak, ular quyidagilardan iborat.

    Birinchidan, mazkur qonun loyihasi bilan Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi hokimiyatning oliy organi sifatidagi huquqiy maqomi belgilanmoqda. Amaldagi qonunda Hukumatning huquqiy maqomi o‘z aksini topmagan edi.

    Ikkinchidan, ushbu yangi tahrirdagi loyiha bilan Hukumat faoliyatining asosiy dastur amal prinsiplari inson hamda fuqaroning huquq
    va erkinliklarini ta’minlash, hokimiyat tarmoqlarining bo‘linishi va hamkorligi, ochiqlik va shaffoflik
    kabi prinsiplar bilan boyitilayotganligi qayd etish lozim.
    Mazkur inson hamda fuqaroning huquq va erkinliklarini ta’minlash prinsipining kiritilishi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qilishi lozimligi to‘g‘risidagi fikrlarining ayni aksi hisoblanadi.

    Uchinchidan, yangi tahrirdagi qonun loyihasi Vazirlar Mahkamasi faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash maqsadida Hukumat faoliyatini ommaviy axborot vositalarida muntazam yoritish tartibini nazarda tutuvchi norma bilan to‘ldirilmoqda. Shuni ta’kidlab o‘tish joizki, ushbu faoliyatni tartibga solishga qaratilgan norma amaldagi Qonunda mavjud emas.
    Hozirgi axborot texnologiyalari asrida bunday normaning kiritilishi albatta ayni muddao hisoblanadi.

    To‘rtinchidan, ushbu qonun loyihasi bilan Vazirlar Mahkamasining mas’uliyati va javobgarligini oshirish maqsadida uning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi oldidagi hisobdorligini tartibga soluvchi norma bilan to‘ldirilmoqda.

    Beshinchidan, mazkur yangi tahrirdagi qonun loyihasidagi yana bir yangilik sifatida Bosh vazirga takliflarning puxta ishlab chiqilishini, qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari va topshiriqlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlarining sifatli va o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash maqsadida Bosh vazir maslahatchilari lavozimi joriy qilinayotganligi ta’kidlab o‘tish lozim. Amaldagi Qonunda ushbu turdagi norma mavjud emas.

    Oltinchidan, ushbu qonun loyihasi bilan davlat boshqaruvi, xo‘jalik va ijtimoiy-madaniy qurilishning eng muhim masalalari yuzasidan samarali qaror qabul qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasining majlislari o‘tkaziladigan masalalar doirasi belgilanib, Hukumat va uning Rayosati majlislarida ko‘rib chiqiladigan masalalar ro‘yxati, majlislarni tashkil qilish va ularni o‘tkazish tartibi mustahkamlanmoqda.

    Yettinchidan, Amaldagi Qonunda Vazirlar Mahkamasining boshqa hokimiyat idoralari va vakillari bilan o‘zaro hamkorligi ancha tor qilib ko‘rsatib o‘tilgan.
    Shu sababli, mazkur yangi tahrirdagi qonun loyihasi Hukumatning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va uning Administratsiyasi, sud hokimiyati organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va harbiylashtirilgan tuzilmalar, siyosiy partiyalar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan o‘zaro hamkorligini tartibga soluvchi normalar boyitilmoqda.

    Sakkizinchidan, Vazirlar Mahkamasining iqtisodiyot, byudjet, moliya, pul-kredit siyosati; ijtimoiy, madaniy-gumanitar, ekologiya; hududlarni rivojlantirish; tashqi siyosat; investitsiyalar va tashqi iqtisodiy faoliyat; axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari; jamoat tartibini saqlash, mudofaa va xavfsizlik sohalaridagi vakolatlari aniq belgilab berilmoqda.

    To‘qqizinchidan, Hukumat faoliyatini tashkil etishning yangi ish uslublari, shu jumladan, hududlarda Vazirlar Mahkamasining mavzuli sayyor majlislarini o‘tkazish tartibi belgilanib, Bosh vazir o‘rinbosarlari va maslahatchilari, Hukumat a’zolarining vakolatlari va javobgarligi, shuningdek, ularni lavozimga tayinlash va ozod etish tartibi keng yoritilmoqda.

    O‘ninchidan, Hukumat a’zolari va Vazirlar Mahkamasi apparati xodimlarining ijtimoiy himoyasi kafolatlari ko‘rsatib o‘tilmoqda.
    Mazkur Qonun loyihasining qabul qilinishi Vazirlar Mahkamasi tashkil etishning sifat jihatidan yangi, samarali usullari va zamonaviy mexanizmi joriy etilishiga, Hukumat a’zolarining davlat siyosatini amalga oshirilishidagi hamda o‘zlariga biriktirilgan sohalarda aniq natijalarga erishishdagi shaxsiy mas’uliyati oshishiga, ushbu sohalarni rivojlantirish bo‘yicha javobgarlik hissi kuchayishiga, mazkur munosabatlarni tartibga soluvchi turli darajadagi qonun hujjatlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan qonunda mujassamlashishiga hamda sohaga doir huquqni qo‘llash amaliyotining aniq va bir xilda bo‘lishiga olib keladi.

    Murod Ismatov,
    Adliya vazirligi huzuridagi
    Huquqiy siyosat tadqiqot instituti mas’ul xodimi

    » » Ekspert tahlili: “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi Qonunning yangi tahriri loyihasi