20:15 / 10.07.2019
3 480

Pora berish «mumkin emas»

Pora berish «mumkin emas»
Ba’zi davlat idoralariga murojaat bilan borganda, asosli-asossiz «mumkin emas» iborasini qo‘llashadi, bu «mumkin emas»ning sababi, asosi ko‘rsatilmaydi, deb yozmoqda «Oila davrasida» muxbiri Sherali Otaboyev.

«Qaysi tashkilotga eshik qoqib bormaylik, «mumkin emas» degan iborani eshitish ostonadan boshlanadi. «Kirish mumkin emas». Xalqqa xizmat qilishi kerak bo‘lgan tashkilotning oldiga qo‘yilgan qo‘riqchi xalqning o‘zini «kirish mumkin emas» degan ibora bilan ortga qaytaradi. Sababini surishtirsangiz, «bilmaymiz, yuqorining topshirig‘i», deya og‘zingizga uradi.

Bir amallab ichkariga kirishga muvaffaq bo‘lasiz. Ammo ichkarida ham yana o‘sha gap: «mumkin emas». Bu iborani bot-bot takrorlayotgan mulozim nega mumkin emasligini o‘zi ham bilmaydi. Qabuldagi insonning savollariga beradigan 80 foiz javobi ham «mumkin emas» bo‘ladi. Sababini so‘rasangiz, javobning o‘zi yo‘q.

Bu navbatchi gap qarshimizda har kuni paydo bo‘lishi shu darajada odatiy holga aylanganki, mumkin emas ekan, deb ketaverishga odatlanib bo‘lganmiz. Aslida esa «mumkin emas» degan ibora qonunga zid bo‘lgan harakatga nisbatan ishlatilishi kerak.

Har kuni, har soatda, har daqiqada, har joyda aytilayotgan mana shu birgina «mumkin emas» degan rad javobining sababini qonuniy asoslab berishini har bir mas’ul shaxsga majburiyat qilib qo‘yish kerak.

Ushbu «sehrli» so‘zni aytdimi, uning sababini ham aytsin, agar qo‘lidan kelsa. Ular o‘zining ilmsizligi va xatosini birgina «mumkin emas» degan navbatchi ibora bilan yashirishlariga imkon bermasligimiz lozim.

Hayotiy tajribaga asoslanib, hisob-kitob qilib ko‘rsangiz, qayda korrupsiya ildiz otgan bo‘lsa, shu joyda mana shu «sehrli so‘z» ko‘p va xo‘p ishlatiladi. «Mumkin emas» qaydadir ko‘p ishlatilyaptimi, demak, shu joyda qandaydir g‘irromliklar avj olgan.

Ozgina jiddiyroq tashkilotga kirishingiz bilan ichkaridagi maxsus odamlar «tasvirga tushirish mumkin emas», «telefon olib kirish mumkin emas» va hokazo talablarni oldingizga qalashtirib qo‘yishadi. Sababini so‘rasangiz, yana o‘sha gap, «aytish mumkin emas». E’tibor qilsangiz, bunday tashkilotlarga ishga olinadigan xodimlarning chehralari ham og‘izlaridan chiqadigan javoblariga xos va mos.

Bir zamonlar jamoat joylarida faqat «chekish mumkin emas» degan yozuvni ko‘rar edik. Ana shu taqiq belgisidan o‘rnak olib o‘zbek tilidagi har bir fe’l bilan birga «mumkin emas» iborasini ishlatishni o‘rganib oldik. Misol uchun, kirish, chiqish, tasvirga olish, gapirish, so‘rash, eshitish, bilish, yashash, o‘lish kabi so‘zlardan keyin «mumkin emas» degan gapni qo‘ysak, har qanday murakkab savolning ham javobi naqd bo‘lib qoladi.

Oddiygina shu gapga shuncha xarxashami, deydiganlar ham topilib qolar. E’tiroz bildirish mumkin emas, deya olmayman. Chunki menda bu iborani aytishga vakolat yo‘q. Vaholanki, zarurat ham yo‘q.

E’tibor bersangiz, taqiq belgisini bildiruvchi bu gap birgina jarayonda ishlatilmaydi: «pora berish mumkin emas» . Muammolar girdobida biron bir tashkilotga zarur ish bilan borsak, negadir shu gapni hech eshitmaymiz. Aslida esa, ayni biz intiq bo‘lib kutganimiz shu bo‘ladi.

Islohotlar davrida bu «sehrli» iborani ishlatish ancha kamayganini sezish qiyin emas. Hozir mana shu mavzuni ommaga olib chiqyapmanmi, demak, taqiqni bildiruvchi bu mavhum gap aniq kamaygan. Aks holda, bu mavzuda so‘z yuritishim mumkin emasdi...» — deb yozadi muxbir maqolasida.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Pora berish «mumkin emas»