«Bir kun sen ham qaynona bo‘lasan»

  • 12 iyul 2019, 08:23
  • 1 351
  • Jamiyat
  • «Bir kun sen ham qaynona bo‘lasan»
    Karomat ayaning ikki nafar o‘g‘li bor. Kattasi Sodiq ikkinchisi Ortiq. Ularni yedirdi, ichirdi hech kimdan kam qilmay katta qildi... Umrning tez o‘tishini qarangki, bolalar ko‘z ochib yumguncha katta yigitlar bo‘lishdi.

    Ikkisi ham baquvvat, esli-hushli bo‘lib, voyaga yetdi. Kasb-hunar egasi bo‘lishgach, ularni uylantirish payiga tushgan ota-ona quvonchdan ichiga sig‘mas edi. Ko‘p o‘tmasdan, erkatoy nabiralarning suyukli bobo-buvisiga aylanishdi. Ikki o‘g‘ilning farzandlari ham hash-pash deguncha ulg‘aydi. Uyda Karomat ayaning aytgani-aytgan, degani-degan edi.

    Bir kuni gapdan gap chiqib, aka-uka o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga keldi.
    – Aka, siz noto‘g‘ri tushun­mang-u, jiyaningiz ham ulg‘ayib, katta bo‘lib qoldi. Erta-indin uylanadigan yoshga yetdi. Kelin kelgandan keyin uy biroz kichiklik qilmasmikan? Kamiga sizning keliningiz ham shu yerda bo‘lsa...

    Bu gaplardan jahli chiqqan Sodiq ukasiga o‘shqirdi:
    – Ha, uka!.. Hali biz uyga sig‘may qoldikmi? Buncha bag‘ring tor bo‘lmasa, shuncha payt yashab kelganmiz-ku.

    Alamdan xo‘rsingancha, eshikni qattiq yopib, chiqib ketdi. Kechki dasturxon atrofida Sodiq gap boshladi:
    – Dada, oyi, hayhotday hovliga ukajonim sig‘may qolib­di. Shuning uchun hovlini teng ikkiga bo‘lsalaringiz erkatoy o‘g‘lingiz yoniga uy solib, o‘zi xohlaganicha kengaytirib olar­midi. Xo‘sh, nima deysizlar?

    Ona hayratdan qotib qoldi. Ortiq o‘rnidan turib, qo‘lini paxsa qilgancha, «bu uy meniki, odat bo‘yicha uy kichik farzandga qoladi. Demak, akam boshqa joydan uy olib chiqib ketishi kerak. Hech qanday yarim degan narsa yo‘q, gap tamom!», deya ichidagi dardini aytib, yengillashib oldi.

    Vaziyatni kuzatib turgan xotini miyig‘ida kulgancha, bir chekkada turardi. Bu gaplarni eshitgan ota-onasi o‘g‘lining bu darajada akasiga oqibatsiz, bemehr bo‘lib ketishini kutmagan edi.

    Tong otishi bilan Sodiq xotini, bola-chaqasini olib, narsalarini yig‘ib, ketishga shaylandi. «Ijarada yashasam ham sizlarning minnatli oshingizni yemayman», dedi-yu, eshikni zarb bilan yopib, chiqib ketdi. Onasi ming yalinib, yolvormasin, zorlanmasin, foydasi bo‘lmadi...

    Oylar, yillar o‘taverdi. Sodiqdan xabar yo‘q. Otasining uni axtarmagan joyi qolmadi. Oxiri eshitdiki, oilasi bilan bir xonali uyni ijaraga olib, kun kechirayotgan ekan. Katta o‘g‘li ham o‘z aravasini o‘zi tortib yuribdi... Ro‘zg‘or katta edi, xarajat ko‘p edi. Shuning uchun ham bir xonali uyda yashayotgani malol kelmasdi...

    Bir kuni onaning tobi qochdi. Ortiqni yoniga chaqirib, «Jon bolam, akangni qaytarib olib kel. Jahl chiqqanda aql ketadi. Uyga qaytishsin. Axir, bilib-bilmay gapirding-ku, to‘g‘rimi? Qayerlarda yurgan ekan, bolam bechora», – deb zorlandi.

    Ortiq endi og‘iz juftlaganda xotini ilib ketdi: «Bizni endi keragimiz bo‘lmay qoldimi yoki biz bilan yashash yoqmayaptimi? Sizning ming‘ir-ming‘ir gaplaringizni eshitib yashash bizning ham jonimizga tegdi. Har gapning birida o‘sha o‘g‘lingizni so‘raysiz! Mayli, o‘sha o‘g‘lingizni olib kelib birga yashayveringlar. Biz esa bu uydan ketamiz. O‘g‘lingizni ishlari yurishib ketdi endi uyingizga zoremasmiz. Ketdik dadasi!...» Ortiq xotinining bu gaplariga miq etmadi. Xotinining ortidan sudralib chiqqanicha, oilasi bilan uyni tark etdi.

    Onaning ko‘z yoshlari befoyda ketdi. Chunki o‘g‘il orqasiga qayrilib ham qaramadi. Uyda yolg‘iz qolgan ota-ona nega bunday ko‘ngilsizliklar bo‘layotganini payqab turardi. Afsus va nadomat chekkani bilan endi kech. Ikki o‘g‘il ham uyga qaytishni xohlamadi.

    Ota-onasini qoldirib ketgan bu o‘g‘illar uchun hayot shu qadar oson tuyular ediki, vaqt o‘tib, o‘zining boshiga shunday kulfatlar tushishini o‘ylab ham ko‘rmasdi...

    Karomat aya ohu nolalari tugagandan keyin ortga bir nazar soldi. Bir paytlar erining burnidan ip o‘tkazib, ota-onasi, akalaridan ajratib, boshqa joyga ko‘chib ketgani, qaynonasining «bir kun sen ham qaynona bo‘lasan», deya zorlanganlari bir-bir ko‘z oldidan o‘tdi...
    Gulhayo HUSANOVA

    Manba: Od-press.uz

    » » «Bir kun sen ham qaynona bo‘lasan»