Sinoptiklar haroratning haqiqiy ko‘rsatkichlarini yashiryaptimi?

  • 12 iyul 2019, 21:20
  • 2 662
  • Jamiyat
  • Sinoptiklar haroratning haqiqiy ko‘rsatkichlarini yashiryaptimi?
    Yoz mavsumi ayni avjida va aholi o‘rtasida yana “sinoptiklar haroratning haqiqiy ko‘rsatkichlarini yashiradilar, aslida harorat kunduzi 47-50 daraja”, degan gaplar yuribdi. Ba’zilar esa o‘z maishiy asboblari 60 darajani ko‘rsatayotganini aytmoqdalar. Bunday insonlarni ishontirish qiyin, deyiladi “O‘zgidromet”ning Kun.uz’ga taqdim etgan ma’lumotida.

    Quyida haroratning qanday o‘lchanishi to‘g‘risida ma’lumot berilgan.

    Hozir aholi o‘rtasida haroratni aniqlaydigan maishiy termometrlar keng qo‘llanilmoqda. Ko‘pincha, bu asboblarning qabul qilish qismi, shahardagi elektron tablolarga harorat to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yetkazuvchi termometrlarning qabul qiluvchi qismlari tik quyosh nurlari yoki atrofdagi predmetlarning issiqlik nurlanishidan himoyalanmagan. Bunday holatda termometr havo haroratini emas, balki termometrning qabul qiluvchi qismi qizigan darajasini o‘lchaydi.

    To‘g‘ri quyosh nurlari ostida (ochiq havoda) bo‘lgan inson havo haroratini emas, Quyoshdan kelayotgan, yer yuzasidan ko‘tarilayotgan hamda atrofdagi qizigan predmetlar o‘zidan chiqarayotgan energiya ta’sirida issiqlik bosimini his etadi. Avtomashinadagilar quyosh nurlari ta’sirida qizigan mashina korpusining issiqlik nurlanishini his qiladi. Shuning uchun tik quyosh ostidagi harorat soyaga qaraganda ancha yuqoridek seziladi.

    Issiqlik nurlanishi omillari ta’sirini istisno qilish va meteorologik kuzatuvlarning taqqoslana olinishini ta’minlash maqsadida ular butun dunyoda Jahon meteorologiya tashkiloti qoidalariga muvofiq yagona uslubda va yagona standart sharoitlarda o‘tkaziladi. Xususan, havo harorati yer sathidan 2 metr balandlikda o‘rnatilgan maxsus shamollatiladigan meteorologik budkada o‘lchanadi. O‘lchov asboblari doimiy ravishda tekshiriladi, ularning ko‘rsatkichlari etalon asbob ko‘rsatkichlari bilan solishtiriladi.

    Shuning uchun havo harorati to‘g‘risida aniq ma’lumotlarni bilmoqchi bo‘lsangiz, “O‘zgidromet” prognozlaridan foydalaning va ularga ishoning, deyiladi ma’lumotda.

    Bildirilishicha, shahar aholisi yoz jaziramasini yengilroq o‘tkazishi uchun quyuq soya beradigan daraxtlarni ko‘proq ekish, aholining dam olishi maqsadida yashil xiyobonlar va serdaraxt parklar barpo etish, ariqlarni chiqindilardan tozalab suv bilan to‘ldirish zarur. Bularning barchasi shaharda maqbul mikroiqlim va ana shunday jazirama issiq kunlarda qulay yashash sharoitlarini yaratadi.

    Jahonda eng yuqori havo harorati AQShning Kaliforniya shtatidagi O‘lim vodiysi va Liviya cho‘lida qayd etilgan (57-58°S).

    O‘zbekistonda eng yuqori harorat Qizilqum cho‘lida va Termiz shahri yaqinida qayd etilgan (50°S).

    Toshkent shahrida yoz mavsumining absolyut maksimumi 44.6 daraja issiqqa teng. (1997 yil 18 iyul).

    » » Sinoptiklar haroratning haqiqiy ko‘rsatkichlarini yashiryaptimi?