Go‘sht narxi oshganmidi? Narxni tushirish uchun nimalar qilindi?

  • 13 iyul 2019, 06:34
  • 1 268
  • Jamiyat
  • Go‘sht narxi oshganmidi? Narxni tushirish uchun nimalar qilindi?
    Foto: «Xabar.uz»
    O‘tgan kunlar davomida bozorda go‘sht narxi oshgani va bir kilogrammi 60 ming so‘mga qadar ko‘tarilgani haqida xabarlar paydo bo‘lgan edi. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga tayanib ushbu holat yuzasidan Xabar.uz ma’lumot berdi.

    Xabar qilinishicha, qo‘mita tomonidan go‘sht narxi oshishining oldini olish uchun qo‘shimcha do‘konlar ishga tushirilmoqda. Ushbu do‘konlarda viloyatlardan keladigan tadbirkorlar o‘z mahsulotlarini erkin sotishlari mumkin.

    Poytaxtda «Chorsu» nomi bilan tanilgan «Eski Jo‘va» bozorida jurnalistlar ishtirokida o‘rganish ishlari o‘tkazildi va bir kilogramm go‘sht narxi 34-39 ming so‘mdan sotilayotgani aniqlandi.

    Xo‘sh, bu narxda go‘sht sotish qanchalik o‘zini oqlaydi?

    «Turkiston chorva xo‘jaligi» MChJ rahbari Muzaffar Musomuhammedov arzonlashtirilgan narxlarda mol va qo‘y go‘shtlari sotish yarmarkasida o‘z do‘konlariga ega. Uning aytishicha, bozor ma’muriyati tomonidan berilgan imkoniyatlar tufayli arzonlashtirilgan narxda mahsulot sota oladi. Tadbirkorga bozor xududida go‘sht sotish uchun rasta va saqlash uchun muzlatkich tekinga ajratilgan. «Turkiston chorva xo‘jaligi» MChJ har kuni Qozog‘istondan 60 boshgacha qoramol olib kiradi va so‘yib sotadi. «Har bir kilogrammdan 1000 so‘m qoladi», — deydi MChJ rahbari.

    Muzaffar Musomuhammedov go‘sht narxi 60 mingga qadar ko‘tarilgani haqidagi xabarlarga izoh ham berib o‘tdi. Uning aytishicha, xabarlarda qisman jon bor. «Haqiqatan ham 60 ming so‘mdan sotiladigan go‘sht bor, ammo bunday go‘sht bitta qoramoldan nari borsa 2-2.5 kilogramm chiqadi. Qoramolning biqin go‘shti rostan ham 60 ming so‘m turadi, ammo uni faqat «shashlik» pishirib sotadiganlar olishi mumkin, ro‘zg‘or uchun deyarli olinmaydi», — deydi tadbirkor.

    «O‘zbekchorvanasl» agentligining bosh direktori o‘rinbosari Ziyadulla Pirnazarov tomonidan bildirilishicha, ayni vaqtda O‘zbekistonda go‘sht va go‘sht mahsulotlariga bo‘lgan talabni qondirish uchun bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, yem-xashak yetishtirish bo‘yicha uch yillik reja ishlab chiqilgan. Qishloq xo‘jaligida almashlab ekish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bahorda 50 ming gektar yerga beda sepilgan. Kuzda yana 90 ming gektar beda ekilishi ko‘zda tutilgan.

    Bundan tashqari takroriy ekin sifatida 230 ming gektar yerga makkajo‘xori ekish ishlari olib borilyapti.

    «Go‘sht tannarxining 65 foizini yem-xashak tashkil qiladi. Biz aynan shu sohada ko‘proq ish olib borishimiz kerak. Yurtimizda 10 million bosh chorva bor. Bu chorvaning 94 foizi aholida. Bir kilogramm paxta shroti esa birjada 1918 so‘mga baholanmoqda. Bu narx yana 15 foiz o‘sishi mumkin. Bozorda sotilib, chorvadorning qo‘liga yetib borgunga qadar esa narxi 145 foizga o‘sib ketmoqda», — deydi Ziyadulla Pirnazarov.

    » » Go‘sht narxi oshganmidi? Narxni tushirish uchun nimalar qilindi?