14:30 / 14.07.2019
2 775

Rasul Kusherbayev: Ko‘chmas mulkni buzish huquqini hokimlardan olib, sudlarga berish kerak

Rasul Kusherbayev: Ko‘chmas mulkni buzish huquqini hokimlardan olib, sudlarga berish kerak
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi hamda partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasining kengaytirilgan qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Yig‘ilish partiyaning yangilangan dasturi, Saylovoldi dasturi loyihalarining muhokamasi, joriy yil dekabr oyida Oliy Majlis va xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashlari saylovlarida samarali ishtirokini ta’minlash masalalariga bag‘ishlandi.

Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Rasul Kusherbayev partiyasining yangilangan dasturi va Saylovoldi dasturi loyihalariga o‘z takliflarini bildirdi:

— Partiya dasturi avvalgisidan butunlay farq qilishi kerak. – dedi Rasul Kusherbayev. — Bunda e’tibor umumiylikdan qochib, reallik va aniqlikka qaratilsa maqsadga muvofiq. Masalan, bugungi kunda tadbirkorlarni o‘ylantiradigan muammo, kiritmoqchi bo‘lgan investitsiyasi uchun sharoit va kafolatlar barqarormi, yo‘qmi? Tadbirkorlar bizdan kafolat talab qilmoqda. Dasturda bunga alohida to‘xtalish kerak.

Afsuski, so‘nggi vaqtlarda jismoniy va yuridik shaxslarning ko‘chmas mulklarini davlat, jamiyat ehtiyoji uchun degan bahonalar bilan qonunlarga rioya qilmasdan buzish holatlari ko‘plab uchramoqda. Biz fuqarolarning ko‘chmas mulkini buzish haqida qaror qabul qilish vakolatini hokimlardan olib, to‘liq sudlarga berishimiz zarur.

Chunki ko‘pchilik hokimlar bu boradagi qonun talablarini buzib, fuqarolarning mulk huquqlariga putur yetkazmoqda. Sud esa qonunlarga asosan qaror qabul qiladi. Bu taklifimiz inobatga olinsa, ko‘chmas mulk egalari, tadbirkorlarning mulk daxlsizligini ta’minlashda yangi qadam tashlangan hamda xorijiy investorlarni mamlakatga yanada ko‘proq jalb qilishga ham turtki bo‘lardi.

So‘nggi yillarda uy-joy qurilishi jadal amalga oshirilmoqda. Biroq aholi belgilangan narx-navodan norozi. Ularga «arzon» uylar qimmatlik qilyapti. Qurilish sohasida bir nechta monopol tashkilotlarning faoliyat olib borishiga ruxsat berilgani va boshqa tadbirkorlarning buyurtmachi sifatida qatnashish imkoniyati cheklangani ham bu muammoning kelib chiqishiga sabab bo‘lyapti. Nima uchun faqat «Qishloq qurilish invest» yoki «O‘zshahar qurilish invest» injiniring kompaniyalari davlat buyurtmasini bajarishi kerak?

Bugungi kunda xorij tajribasini o‘rganib, arzon va sifatli uylar qurayotgan tadbirkorlarimiz ham yo‘q emas. Biz ularga ham davlat buyurtmasini bajarishga imkon bersak bo‘lmaydimi? Bu partiya dasturlari loyihasiga kiritilgan monopollashuv jarayoniga qarshi kurash bo‘limiga to‘g‘ri keladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Rasul Kusherbayev: Ko‘chmas mulkni buzish huquqini hokimlardan olib, sudlarga berish kerak