Qabohat va halokatga undagan nafs

  • 16 iyul 2019, 14:43
  • 1 499
  • Jamiyat
  • Qabohat va halokatga undagan nafs
    Qutqaruvchilar "Amu — Buxoro" kanalining Kogon tu­manidan o‘tuvchi 1120-piketini ko‘zdan kechirish jarayonida g‘alati voqeaga duch kelishdi.

    Aniqroq aytganda, kanalning ayni shu joyida qandaydir to‘siq paydo bo‘lgan va oqibatda suv qirg‘oqqa toshib chiqayotgandi. G‘avvoslar tomonidan kanal tubi ko‘zdan kechirilganda, suv ostida yengil mashina borligi ayon bo‘ldi.

    Avtomashina suv tubidan chiqarib olingach, voqea joyiga yetib kelgan ichki ishlar idorasi xodimlari oldida jumboqli savollar paydo bo‘ladi. Chunki oq rangli "Lasetti" avtomashinasi haydovchining ehtiyotsizligi tufayli kanalga g‘arq bo‘l­magani aniq edi. Buning ustiga avtomashinaning eshiklarini buzib ochishganida, dahshatli manzaraga duch kelishdi.

    Orqa o‘rindiqda butkul loyga qorishib ketgan jasad ham bor ekan...

    Shundan so‘ng o‘tkazilgan ekspertiza xulosasiga ko‘ra, marhumning o‘limi ruhiy kasallikka chalingan bemorlarga mo‘ljallangan dori vositasi ta’sirida ro‘y bergan ekan. Ushbu dori vositasi bunday bemorlarni tinchlantirish, uxlatish maqsadida qo‘llaniladi. Sog‘lom kishiga, ayniqsa, spirtli ichimlik iste’molidan so‘ng bu dori juda kuchli ta’sir qiladi, hatto markaziy asab tizimini izdan chiqarishi mumkin. Suv ostidan topilgan jasadda ayni shunday holat ro‘y bergan, chunki dori uning mushaklarida yig‘ilib qolgan edi.

    Shundan so‘ng izquvurlar ishga kirishdi. Holbuki, ularning qarshisida bir-biridan jumboqli savollar ko‘ndalang turardi: avvalo, bu jasadning shaxsini aniqlash zarur. Ke­yin esa, bu mudhish jinoyatga kim qo‘l urganini topish lozim edi...

    Huquqni muhofaza qiluvchi idoraga bundan ikki yarim oycha muqaddam Nabi Qudratov (ism-familiyalar o‘zgartirildi) ariza bilan murojaat qilib, o‘g‘li Furqat "Lasetti" rusumli avtomashinasida uydan chiqib ketgani va qaytib kelmaganini ma’lum qilgandi.

    Ush­bu arizaga asosan Furqat Qudratov ichki ishlar idoralari xodimlari tomonidan qidirilayotgandi.

    Ichki ishlar idorasi xodimlari Nabi akaga tanib olish uchun haligi jasadni ko‘rsatishgan. Unga qarashga otaning yuragi dosh berolmagan. Jasad haqiqatan ham Furqatniki ekanini N. Qudratovning ukalari, ya’ni marhumning amakilari tasdiqlashdi.

    Bu mud­hish­ jinoyatga kim qo‘l urgani barchani birdek qiziqtirardi. Surishtiruv va tergov ishlari uzoq cho‘­zilmasdan kalavaning uchi yon qo‘shni Nosir Xolmatovga borib taqaldi. Chunki surishtiruv jarayonida avvalo Fur­qat kimlar bilan hamkorlik qilgani, hammaslak bo‘lgani obdan o‘rganildi. Tanish-bilishlar tergovga chaqirildi, so‘rab-surishtirildi. Nabi aka va Furqatning onasi Ro‘zibonu opalar bergan ko‘rsatma haqiqatga birmuncha yaqin ekanligi tergovchilarning e’tiborini tortdi.

    Furqat o‘zidan bir necha yosh katta Nosir bilan o‘n yildan buyon tadbirkorlik faoliyatida sherikchilik qilib kelgan. Ikkovining o‘rtasida qarz oldi-berdi daftari yuritilgan. Furqat kutilmaganda g‘oyib bo‘lishidan ikki oycha burun "Nosir aka qarz daftarni so‘­rayap­ti" deya qarz daftarini otasidan olib, qo‘shnisiga eltib bergan.

    Bundan tashqari, o‘sha mudhish voqea ro‘y bergan kun oqshom Nosir Furqatga "mashinangda bir joyga borib, pul olib kelamiz, keyin qarzni qaytaraman" deganidan Fur­qatning ota-onasi ham xabardor edi.

    Ammo o‘sha kun o‘g‘li uyga qaytib kelmagach, Nabi aka Nosirga uchrashadi.

    Shunda Nosir allaqanday bezovta tor­tib, ko‘zlarini olib qochgan ko‘yi "O‘g‘lingizni ko‘rganim yo‘q", deyishdan nariga o‘tmaydi.

    Ana shunday kunlarning birida tish do‘xtiri L. Taniberdi­yeva ularning uyiga kirib keladi. "O‘sha kun kechga tomon Furqat bilan istirohat bog‘ida avval aylandik, keyin birga ovqatlandik. O‘sha mahal Nosir aka o‘g‘lingizga telefon qildi, oqshom allaqayerga borib, pul olib kelamiz, dedi. Men Nosir akani ovozidan tanidim", deydi u.

    L. Taniberdiyevaning bu so‘zlari otaning ko‘nglidagi shubha-gumonni battar alanga oldiradi. Buning ustiga Nosirning o‘zi ham butkul o‘zgarib qolgan, allaqanday sovuq munosabatda bo‘lar, ko‘chada tasodifan duch kelib qolishganida salom-alikni ham unutib, o‘zini ko‘r­maganga olib, o‘tib ketardi.

    Qisqasi, barcha dalillar Nosirni Furqat bilan bog‘liq mudhish fojiadan xabardor ekanidan darak berardi. Ayniqsa, ushbu fojia yuzasidan o‘t­kazilgan tergov chog‘ida hammasi oydinlashdi. Hayoti bevaqt xazon bo‘lgan Furqatning oila a’zolari va tergov idorasi xodimlarining shub­ha-gumoni to‘g‘­ri chiqdi...

    Nosir Xolmatov 1974 yilda Buxoro shahrida tug‘ilgan. Oliy ma’lumotli, oilali, to‘rt nafar farzandning otasi. Otasi Masharif Xolmatov Buxoro shahridagi mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi qo‘shma korxona ta’sischisi. Nosir ushbu qo‘shma korxonada texnolog sifatida ishlash bilan birga otasi bilan hamkorlikda tadbirkorlik faoliyatini ham yuritib kelgan.

    Bir kuni Masharif aka ilgari qo‘sh­ma korxonada ekspeditor vazifasida ishlagan, ayni damda kirakashlik bilan shug‘ullunayotgan Husan Narziqulovni chaqirib, tergovda shaxsini aniqlash imkoni bo‘lmagan — Samarqand viloyatidagi biznes hamkorlariga 100 ming AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ni yetkazib berishni iltimos qiladi. Haydovchi Husan Narziqulov bunga rozi bo‘ladi. Lekin Masharif akaning omonati manziliga yetib bormaydi. Nega deganda, Husan Narziqulov yo‘lda ketaturib, kutilmaganda sog‘lig‘i yomonlashadi va Vobkent tumanining "Yangi hayot" qishlog‘idan o‘tuvchi "M-37" yo‘lning 247-kilometrida avtomashinasini to‘xtatishga majbur bo‘ladi.

    Baxtli tasodifni qarangki, bu payt­da fermer xo‘jaligi ishchisi I. Olimov velosipedini yetaklagan holda shu yerdan o‘tib ketayotgandi. U avtomashina haydovchisi og‘zidan ko‘­pik kelib, hushsiz yotganiga ko‘zi tushgach, shosha-pisha odamlarni yordamga chaqiradi. Yuz qadamcha narida bo‘lgan YPX xodimi va yana bir fuqaro I. Olimov yor­damga shoshiladi.

    Viloyat IIB YHXB 3-safarbarlik YPH inspektori S. Shoimov va "Damas" avtomashinasi haydovchisi J. Do‘stmurodov yetib kelganda haydovchining ahvoli ancha og‘ir, uning boshi yoniga osilib tushgan, og‘zidan ko‘pik kelib, hushsiz holda yotardi.

    Yordamga yetib kelganlar zudlik bilan "Tez tibbiy yor­dam"­ga qo‘ng‘iroq qilishadi. Shifokorlar darhol yetib kelib, haydovchini tekshirib, qon bosimi tushib ketganini aytishadi va uni darhol shifoxo­naga olib borishadi. Shundan so‘ng inspektor S. Shoimov J. Do‘stmurodovga haydovchining qarindoshlariga qo‘ng‘iroq qilib, voqeadan xabardor etishni buyuradi. J. Do‘stmurodov Husan Narziqulovning avtomashinada qolgan qo‘l telefoni tugmachasini bosganida, birinchi bo‘lib, "shef" degan yozuv chi­qadi.

    J. Do‘stmurodov "shef"ga qo‘ng‘iroq qilib, yuz bergan voqeani aytadi.

    "Shef" — Nosir Xolmatov edi...

    Buyog‘ini so‘rasangiz, Nosir otasi Masharif aka samarqandlik hamkorlariga katta miqdorda mablag‘ jo‘natayotganidan allaqachon xabar topgan va bu mablag‘ni bosqinchilik yo‘li bilan qo‘lga kiritish payiga tushgandi. Bu­ni sog‘­lom fikrli odam hatto tasavvuriga ham sig‘dira olmaydi, ammo Nosir o‘z otasiga nisbatan shunday ishga qo‘l urgandi.

    Nosirga bu jinoyatni amalga oshirish uchun sherik kerak edi. U bu haqida o‘ylaganda, birinchi bo‘lib, tanishi Zokir Xolmirzayev ko‘z oldiga keldi va unga qo‘ng‘iroq qilib, tezda uchrashish zarurligini aytdi.

    Shundan so‘ng Nosir vaqtni qo‘ldan boy bermay haydovchi Husan Narziqulovga qo‘ng‘iroq qiladi-da, "pochta"ni olib, yo‘lga chiqishdan oldin o‘ziga bir uchrashib ketishni, samarqandlik tanishiga kuchuk berib yubormoqchi ekanini aytadi.

    Husan Narziqulov biron-bir noxushlikni xayoliga ham keltirmay Nosirning uyiga boradi. Bu paytda hovlida Zokir Xolmirzayev ham bor edi. Nosir jinoiy rejaga ko‘ra, allaqachon dori vositasini limon sharbatiga aralashtirib qo‘ygandi. Yo‘lga shoshib turgan Husan Narziqulov Nosir uzatgan limon sharbatini bir ko‘tarishda ichib yuboradi.

    O‘sha kun Husan Narziqulov kuchukchani olib, yo‘lga tushadi.

    Jinoiy sheriklar limon sharbatiga qo‘shilgan dori odamni qattiq uxlatib tashlashini ular yaxshi bilishardi. Shuning uchun "Lasetti"da "Buxoro — Samarqand" yo‘nalishi bo‘yicha H. Narziqulov harakatlanishni boshlagan paytda Nosir o‘zining "Kaptiva" avtomashinasida Z. Xolmirzayev bilan uning ortidan poylab borardi.

    O‘sha kun YPX inspektori "Lasetti"ning eshiklarini qulflab, boshqalarga hech qayoqqa ketmay turishni tayinlayotgan paytda ularning qarshisida "Kaptiva" avtomashinasi kelib to‘x­taydi va undan ikki kishi tushadi. Ular YPX inspektoridan "Hu­san akaga nima qil­di?!" — deya xavotirga tushgan ko‘yi so‘rashadi. YPX inspektori ro‘y bergan voqeani qisqacha aytib bergach, ulardan biri H. Narziqulovga tegishli "Lasetti"ning kalitini oladi-da, qayta-qayta rahmat aytib, avtomashinani haydab ketadi. Shu tariqa jinoiy sheriklar "Lasetti" avtomashinasining old o‘rindig‘i ostida turgan, Masharif Xolmatovning biznes hamkorlariga atalgan 100 ming AQSh dollarini qo‘lga kiritishadi.

    Eng qizig‘i shundaki, Nosir bilan Zokir H. Narziqulovning avtomashinasidagi boylikni bosqinchilik yo‘li bilan qo‘lga kiritishganidan Furqat ham xabar topadi. Ammo u Nosirni bu yo‘ldan qaytarish, otasiga nisbatan bunday qilmishga qo‘l urish og‘ir gunoh ekanini aytish o‘rniga tovlamachilik yo‘liga o‘tadi. Ya’ni u qirq ming AQSh dollari bermasa, barchasini otasi Masharif Xolmatovga oqizmay-tomizmay yetkazishini aytib, Nosirni qo‘rqita boshlaydi.

    Buni eshitib, Nosir talvasaga tushib qoladi va darhol Furqatning og‘zini yopishga harakat qiladi. Unga 10 ming AQSh dollari beradi, lekin Furqat bunga rozi bo‘lmaydi va yana ko‘proq pul berishni talab qiladi.

    Nosir Furqatni gumdon qilish payiga tushadi va mudhish rejasini sherigi Zokirga aytadi. Shundan so‘ng ular Furqatni yo‘q qilish uchun jinoiy reja tuzishadi.

    Kech soat o‘nlarda Nosir Furqatga qo‘ng‘iroq qilib, Buxoro shahrining Temiryo‘lchilar va Kogon ko‘chalari kesishgan joyda uchrashishni taklif qiladi. Fur­qat bunga rozilik bildiradi. Shundan so‘ng tungi soat o‘n birlarda Nosir, Zokir va Furqat kelishilgan joyda uchrashishadi. Nosirning Kogon tumanida yashovchi bir tanishida puli borligi haqidagi yolg‘on gapiga ishongan Furqat mashinani o‘sha tomonga haydaydi, ammo yo‘lda keta turib, kutilmaganda, belida qattiq og‘riq paydo bo‘ladi.

    Nosir ikki dona tabletkani aldov yo‘li bilan Fur­qatga ichiradi. Nosir kutganidek, dori tezda o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Bir zumda Furqat doridan zaharlanib, hayotdan ko‘z yumadi.

    Shundan so‘ng jinoiy sheriklar jinoyat izini qanday yashirish haqida o‘ylay boshlashadi. Ular Furqatni "Lasetti"ning orqa o‘rindig‘iga o‘tqizishib, avtomashinani kanalga cho‘ktirib yuborishadi.

    Hayotda biron-bir jinoiy qilmish jazosiz qolmaydi. Yuqorida bayon etilgan jinoiy qilmishlarni sodir etgan kimsalar ham oxir-oqi­bat qonun oldida javob berishdi.

    Sud hukm o‘qidi. Sudlanuvchi N. Xolmatov Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi "o", "p" band­lari, 164-moddasi 4-qismi "a" bandi, Z. Xolmirzayev Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi "o", "p" bandlari, 164-moddasi 4-qismi "a" bandi va 168-moddasi 1-qismida ko‘rsatilgan ji­noyat­larni sodir qilganlikda aybdor deb topildi. Sudlanuvchilarga nisbatan ayblangan har bir modda bo‘yicha alohida-alohida jazo tayinlab, tayin­langan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan jinoyat­lar majmui bo‘yicha uzil-kesil yigirma yildan muddatga ozodlikdan mahrum qi­lishga hukm chi­qardi. Sudlanuvchi N. Xolmatov jazoning — dastlabki to‘rt, Z. Xolmirzayev esa, uch yilini turmada, qolgan qismini umumiy tartibli koloniyada o‘taydigan bo‘lishdi.

    Qodirbergan YaXShIMURATOV,
    jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyati sudining raisi

    Manba: Kun.uz

    » » Qabohat va halokatga undagan nafs