09:20 / 17.07.2019
3 360

Bizni qanday kelajak kutmoqda?

Bizni qanday kelajak kutmoqda?
Mamlakatimiz jadal olib borilayotgan islohotlar tufayli dunyo siyosiy xaritasidan munosib o‘rin egallab bormoqda. Bugun ko‘plab axborot portallarining “nigohi” O‘zbekistonga qaratilgan. Internetdagi “qidiruv” orqali yuborilgan millionlab so‘rovlarga ko‘zingiz tushsa, jahondagi eng ilg‘or davlatlar qatoriga kirish maqsadida tub o‘zgarishlarni amalga oshirayotgan O‘zbekistonga qiziqish naqadar kuchayayotganiga amin bo‘lasiz.

Nigoh

Uchta ssenariydan qaysi biri?
Kelajakni oldindan ko‘ra bilish qobiliyati azaldan qadrlangan. Chuqur bilim hamda unga asoslanib tahlil va bashorat qilish salohiyati zulmatni yorituvchi yog‘du sifatida qabul qilingan.

Allomalar aytganidek, kelajakka nisbatan chinakam saxiylik, bu — butun borimizni bugungi kunga bag‘ishlash demakdir. Mazkur so‘zlar ayni damda O‘zbekistonda kechayotgan jarayonlarni aniq va to‘liq ifoda etadi. Xuddiki, Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida ro‘yobga chiqarilayotgan islohotlar metin poydevor va unda saxovat hamda kelgusi avlodlarga mehr-oqibat ustun bo‘lgani singari...

Xo‘sh, bizni qanday kelajak kutmoqda? Yaqinda Birlashgan Millatlar Tashkilotining ekspertlari tomonidan demografik prognozlar haqidagi ma’ruza e’lon qilindi. Unda olimlar 2100 yilgacha Yer yuzida aholi soni borasidagi o‘zgarishlarni bashorat qilishdi.

Bunda voqealar bir nechta ssenariy asosida rivojlanishi mumkin ekan. Taxminlarga ko‘ra, noxush ssenariy bo‘yicha O‘zbekiston aholisining eng ko‘paygan vaqti XXI asr o‘rtalariga to‘g‘ri kelib, 39 million nafarni tashkil etarkan, so‘ngra asta-sekin pasayish kuzatilib, 2100 yilga borib 26-27 million nafar, ya’ni hozirgidan yetti million kam inson qolar ekan.

Navbatdagi ssenariyga ko‘ra, asr oxirida o‘zbekistonliklar 37 million nafarga yetadi. Va nihoyat, voqealar rivojining ijobiy variantiga binoan, 2057-2058 yillarda O‘zbekistonda 50 millionga yaqin aholi yashaydi, XXII asr boshida esa ko‘rsatkich 65 million nafarga yetadi.

Mazkur tadqiqot xulosalari fikrlash uchun qiziqarli ma’lumotlarni beradi. Ko‘rinadiki, ayni vaqtda olib borilayotgan siyosat natijalari, hatto bundan bir necha o‘n yillar o‘tib tug‘iladigan avlodlar uchun ham nihoyatda muhim ahamiyatga ega. Siyosiy, iqtisodiy o‘zgarishlar, ijtimoiy sohaning taraqqiyot darajasi millionlab yangi insonlar dunyoga kelishi yoki kelmasligini belgilab beradi.

Shularni o‘ylar ekanmiz, mamlakatimizda aynan hozir, shu pallada yuz berayotgan voqealarning qadr-qimmati ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ladi. Shu bilan birga, barcha islohotlarning tashabbuskori — davlat rahbari zimmasiga tushayotgan ulkan mas’uliyat, qolaversa, har bir fuqaroning ana shu tarixiy jarayondagi daxldorligi nechog‘li zarur ekanini anglab yetamiz.

Loqaydlikka qarshi “emlash”
Bugungi inqilobiy texnologiyalar bundan o‘n, yigirma yillar o‘tib yoki XXI asr oxiriga borib hayotimizni qanchalik o‘zgartirib yuboradi — buni tasavvur qilishga ojizmiz. Ilm-fan taraqqiyoti shu qadar tezlashdiki, voqelikni butkul o‘zgartirib yubordi. Kelajakda nafaqat mehnat qurollari va usullari, bino, inshoot hamda transport, turmush tarzi, balki odamlarning o‘zi, qiyofasi, muloqot shakli, tafakkuri umuman o‘zgaradi.

Xo‘sh, yangi tamaddun vakillari orasida o‘zbekistonliklar nimasi bilan ajralib turishi mumkin? Ular yillar osha qaysi an’analarni kelajakka olib o‘tadilar? Robotlar va kosmik sayohatlar olamida ularni qaysi qadriyatlar birlashtirishga qodir?

Davr o‘zgarishlariaro sinchkov nazar tashlasak, yuqoridagi savollarga javob topa olamiz. Ya’ni bular — xalqimizga xos insonparvarlik, saxovat va muruvvat, o‘zaro hurmat! Ushbu fazilatlarga hatto globallashuv, yangi texnologiyalar ham salbiy ta’sir ko‘rsata olmasligiga shubha yo‘q.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari azaliy qadriyatlarni unutish emas, aksincha, mustahkamlash, har bir inson qalbiga, yoshlarga singdirishni o‘rgatmoqda. Ayniqsa, muammoli, murakkab vaziyatga tushib qolganlarga davlat tomonidan ko‘mak ko‘rsatilayotgan sharoitda bu juda zarur.

Masalan, ehtiyojmand insonlarni uy-joy bilan ta’minlash tizimli ravishda davom etyapti. Nogironligi bor shaxslar, ota-onasi yo‘qlar, yolg‘iz onalarga davlat bu masalada yordam bermoqda. Shunday ekan, ular qalbida paydo bo‘lgan umid uchquni o‘sha azaliy qadriyatlarimiz, mehr-muruvvat va saxovatni yanada kuchaytirishga olib keladi.

“Mehr” degan so‘z yaqinda davlatimiz tomonidan amalga oshirilgan yangi xayrli tadbirning ramziy nomiga aylandi. Muborak Ramazon oyida Prezidentimiz topshirig‘iga ko‘ra, 156 nafar o‘zbekistonlik ayol va bola Yaqin Sharqdagi qurolli mojarolar o‘chog‘idan maxsus aviareys bilan Vatanga qaytarildi. Yot g‘oyalarga ishonib yurtini tark etgan va taqdirning og‘ir sinovlarini boshidan kechirgan yurtdoshlarimizga tibbiy, ruhiy, moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatildi.

Ularning tinch-osoyishta hayotga qaytishi, jamiyatga moslashib ketishi, ta’lim va boshqa ijtimoiy dasturlarda ishtirok etishi uchun sharoit yaratildi. Uy-joy, ish bilan ta’minlash choralari ko‘rildi. Bularning barchasi xalqaro tashkilotlar e’tirofiga sabab bo‘ldi.

— YuNISEF O‘zbekiston rahbariyatining shu mamlakat fuqarolari va ularning farzandlari bo‘lgan bolalar uchun javobgarlikni zimmasiga olish haqidagi qarorini, ular fuqaroligi yo‘q shaxs bo‘lib qolmasligi choralarini ko‘rganligini olqishlaydi, — dedi ushbu xalqaro tashkilotning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sasha Graumann.

Bu — bir martalik aksiya emas. O‘zbekiston o‘z fuqarolarini tashlab qo‘ymaydi. Davlat adashganlarni jazolash emas, aksincha, ularga ko‘mak berishini boshqa insonparvarlik tadbirlari ham tasdiqlaydi.

Mana, yaqinda xorijdan to‘rt nafar yetim qolgan bola qaytarib kelindi. Ularni ekstremistik ta’sirga tushib qolgan ota-onalari olib chiqib ketishgan. Qanchalik murakkab bo‘lmasin, ana shu bolalar Vataniga qaytarildi. Endi esa davlat g‘amxo‘rligi ostida bo‘lishadi.

Tan olish kerak, ayrim kishilar chet elga chiqib ketganlarni qaytarish uchun nega shuncha mablag‘ va kuch sarf qilish kerak, axir mamlakat ichkarisida ham muhtojlar ko‘p-ku, degan fikrga ham borishdi. Bu esa, yuksak insonparvarlik namunasining chuqur mazmunini anglamaslik natijasidir. Odamni xatosi uchun kechirish, unga ta’na qilmasdan, yaxshilikka undashning yosh avlod tarbiyasidagi ahamiyati juda katta.

Bu — go‘zal an’analarimizni yana bir bor eslatish, obrazli qilib aytadigan bo‘lsak, loqaydlikka, inson taqdiriga nisbatan beparvolikka qarshi “emlash” deganidir. Xalqimizda kechirimlilik fazilatlari shakllangan va u, albatta, keyingi avlodlarga ham o‘tadi.

Milliondan 18 nafar
Davrlar o‘taveradi, lekin “Jaholatga qarshi ma’rifat” iborasida mujassam bo‘lgan jiddiy tashabbus o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydi. U ikki yil avval BMT Bosh Assambleyasi minbaridan yangragan edi. Qisqa vaqt ichidayoq uni hayotga tatbiq etish o‘z mevasini bera boshladi. Natijalar shuni ko‘rsatmoqdaki, shunday yondashuv nafaqat respublikamiz, balki butun jahon uchun foydali.

Shavkat Mirziyoyev Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning beshinchi sammitida ma’ruza qilar ekan, dinlararo hamjihatlik, ma’rifat va o‘zaro madaniy almashinuv masalalari bo‘yicha tizimli muloqotni yo‘lga qo‘yish taklifini kiritdi. Bunda Samarqanddagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Toshkentdagi O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markazi samarali poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

Poytaxtimizdagi ana shu ma’naviyat maskanida olib borilayotgan qurilish ishlari bilan tanishar ekan, davlatimiz rahbari Islom sivilizatsiyasi markazi mazkur mavzuda tadqiqot yurituvchi muassasalar uchun fundamental baza bo‘lishi, u orqali biz xalqimizning fan, ma’rifat va madaniyat rivojiga qo‘shgan hissasini aks ettirmoqchi ekanimizni aytdi.

Ma’naviyat, din va uni o‘rganishning naqadar muhimligiga batafsilroq to‘xtalish joiz. Ayrim faylasuflar ma’rifatni o‘z fikridan kimningdir ko‘rsatmasisiz foydalana olmaslikka qarshi vosita, ya’ni mustaqil, biror g‘oyaga qaram bo‘lmagan tafakkur, deb ta’riflashadi. Shunday ekan, ma’rifat johiliyat va radikalizmga, tarkidunyochilik va bir tomonlama fikrlashga qarshi tura oladi.

Bunday yondashuv qanchalik ta’sirchan? Undan keng foydalanish katta ijobiy natija beradi va ba’zi OAV hamda soxta tahlilchilarning Markaziy Osiyoni aholisi radikallikka, zo‘ravon ekstremizmga berilgan hudud sifatida baholashlarini rad eta oladi. Aslida vaziyat butunlay boshqacha-ku.

Internet-siyosat fuqarolik tashabbusi tashkiloti Yevropa Ittifoqi loyihasi doirasida aholisi radikalizmga eng ruju qo‘ygan mamlakatni aniqlash bo‘yicha tadqiqot o‘tkazdi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, Belgiyada har million nafar aholidan 689 nafarida ekstremistlar ta’siriga tushib qolish ehtimoli kuchli ekan. Bunday ko‘rsatkich Buyuk Britaniyada 204 nafarni tashkil etsa, O‘zbekistonda har milliondan faqat 18 kishi o‘ta radikallar “to‘ri”ga ilinishi mumkin ekan.

Bundan kelib chiqadiki, o‘rta hisobda diniy ta’limot masalasida Antverpen yoki Bryuggeda yashovchi odamlarga nisbatan o‘zbekistonlik 25 marta ko‘proq bilimga ega ekan. Yoki qaysi ta’limot to‘g‘ri-yu, qayerda ekstremistik qarashlar mavjudligini ajrata olish qobiliyati bizda Britaniya fuqarolaridan ko‘ra 8 barobar ortiq ekan.

Ushbu ko‘rsatkichlar AQSh Davlat kotibi Maykl Pompeoning yaqinda bergan bayonotida yanada yaqqol aks etdi. Ya’ni u O‘zbekiston diniy erkinlik sohasidagi vaziyatni yaxshiladi va alohida tashvish uyg‘otuvchi mamlakatlar ro‘yxatidan chiqarildi, deb aytdi.

Qo‘shma Shtatlar tashqi siyosat idorasining rahbari O‘zbekistonning bu boradagi yutuqlarini sanar ekan, o‘tgan yili mamlakatimizda diniy e’tiqod erkinligini rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” qabul qilingani, shuningdek, bir yarim ming diniy mahbuslar ozod qilingani va diniy qarashlari sababli “qora ro‘yxat”da turgan 16 ming kishi mamlakat tashqarisiga chiqish uchun ruxsat olgani kabi dalillarni keltirdi.

O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida keyingi vaqtda inson huquqlari sohasida sezilarli rivojlanishga erishgani to‘g‘risida Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili, Yevrokomissiya vitse-prezidenti Federika Mogerini ham aytib o‘tdi.

Ko‘rib turganimizdek, taqiqlar vositasida emas, balki bilimlarni kengaytirish, o‘z ustida ishlash uchun imkoniyatlar yaratish orqali ko‘proq natijaga erishish mumkin ekan.

Taraqqiyot uchun tinchlik zarur
Ayni vaqtda ham, XXI asr oxirida ham O‘zbekiston taqdiri qo‘shni mamlakatlar bilan chambarchas bog‘liq bo‘ladi. Rivojlanish tinchlikni talab qiladi. Shu bois respublikamiz atrofda tinchlik va xotirjamlik hukm surishidan manfaatdor.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ShHTga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining iyun oyidagi majlisida hudud barqarorligi ko‘p jihatdan Afg‘onistondagi vaziyat bilan belgilanadi, deb ta’kidladi. Yaqinda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Doxada bo‘lib o‘tgan anjumanda Afg‘onistondagi osoyishtalik bo‘yicha qabul qilingan Tinchlik haqidagi qo‘shma rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Bunda mamlakatda uzoq kutilgan tinchlik o‘rnatilishi faqat afg‘onistonliklar tomonidan, Afg‘oniston xalqi rahbarligi ostida amalga oshirilishi lozim, deb e’tirof etildi.

O‘zi va mintaqa kelajagi haqida qayg‘urayotgan O‘zbekistonning janubiy qo‘shnisi — Afg‘onistonda vaziyat o‘nglanishi, tinchlik jarayoni bo‘yicha tashabbuslari, shuningdek, mintaqadagi boshqa davlatlar bilan hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlari jahon hamjamiyati tomonidan yuqori baholanmoqda.

Mintaqamiz tobora barqaror, iqtisodiy jihatdan ishonchli va kelajakni bashorat qilish imkoniyati bo‘lgan hududga aylanib bormoqda. Shavkat Mirziyoyev qayd etganidek, bu holat keng doiradagi hamkorlik uchun, eng muhim mintaqaviy loyihalarni ilgari surish uchun qulay va noyob imkoniyatlarni ochib beradi. Britaniyaning “The Economist” nashri mamlakatimizda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar to‘g‘risidagi maqolada O‘zbekistonning zamonaviy taraqqiyotidagi ijobiy siljishlarni e’tirof etib, ularning har biri aholi farovonligiga erishish uchun yo‘naltirilganligini qayd etdi.

Darhaqiqat, Prezidentimizning Oliy Majlis Senati yigirmanchi yalpi majlisidagi ma’ruzasida ta’kidlanganidek, iqtisodiyot sohasida bozor mexanizmlarini tobora chuqur joriy qilish, xususiy mulk va tadbirkorlikni rivojlantirish uchun keng sharoitlar yaratish, zamonaviy ishlab chiqarish ob’ektlari va infratuzilmani tashkil etishga ustuvor ahamiyat qaratiladi.

Yangi ish o‘rinlari yaratish, zamonaviy uy-joylar, yo‘l va ko‘priklar, bolalar bog‘chalari, maktab hamda oliy ta’lim muassasalari qurish, shifoxonalar, madaniyat, san’at va sport inshootlarini bunyod etish — xullas, xalqimiz farovonligi, hayot tarzini yaxshilash maqsadida amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari barcha darajadagi rahbar va mas’ul xodimlar faoliyatining bosh mezoniga aylandi.

Amerikaning siyosiy jurnalistikaga yo‘naltirilgan “The Daily Signal” yangiliklar veb-saytining yozishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev va uning jamoasi qonun ustuvorligini o‘rnatgan holda o‘zgarishlarni amalga oshirish, iqtisodiyotni erkinlashtirish, ijtimoiy rivojlanish, ochiq va konstruktiv tashqi siyosat olib borish maqsadida “Yo‘l xaritasi”ni ro‘yobga chiqarmoqda. Nashrda qayd etilishicha, O‘zbekiston yetakchisi respublikaning gullab-yashnashi uchun poydevor bo‘lib xizmat qiluvchi islohotlarni amalga oshirayapti.

Yurtimizda hukm surayotgan bunyodkorlik shiddatiga e’tibor berilsa, taraqqiyot muqarrarligini yaqqol tasavvur qilish mumkin. Mamlakatdagi tinchlik muhiti, barqarorlikka erishish uchun intilish, dunyoga ochiqlik siyosati, iqtisodiyot va ijtimoiy sohada uch yildan kamroq muddat ichida qo‘lga kiritilgan yutuqlar zamonaviy O‘zbekistonning tashrif qog‘oziga aylandi. Hech shubhasiz, mamlakatimiz kelajagi haqidagi eng dadil va optimistik ssenariylar bir kun kelib real voqelikka aylanadi.

O‘tkir RAHMAT.

Manba: Xs.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bizni qanday kelajak kutmoqda?