15:46 / 18.07.2019
3 493

Internetda fleshmob: San’atkorlar nega MIBni maqtab qolishdi? (video)

Internetda fleshmob: San’atkorlar nega MIBni maqtab qolishdi? (video)
Ijtimoiy tarmoqlarda Valijon Shamshiyev boshlab bergan va boshqa bir qator san’atkorlar davom ettirgan o‘ziga xos fleshmob tarqalmoqda. Telegramdagi «BUGUNUZ» kanalida joylashtirilgan videoda so‘z ustalari va qo‘shiqchilar MIB xodimlarini og‘iz ko‘pirtirib maqtashini ko‘rish mumkin.


Boshidan ta’kidlash kerak, bu fleshmobda barcha san’atkorlar va xalq artistlari ham ko‘rinmaydi. San’at olami vakillari tomonidan uyushtirilgan bu kichik aksiya tabiiyki bir qator savollarni keltirib chiqaradi:

1. San’at vakillari o‘z ixtiyorlari bilan MIBni maqtashyaptimi?
2. Birinchi savolga katta ehtimol bilan yo‘q degan javob berilishini taxmin qilsak, kim yoki nima ularni bu ishga majbur qilmoqda?
3. Tabiiyki mavzu yuzasidan so‘ralsa, barcha san’atkorlar bu o‘zlarining tashabbuslari ekanini aytishadi, lekin nega ular ko‘pchilik bo‘lib va bir vaqtda bunday g‘oyaga ergashdilar?
4. MIBning obro‘si shu qadar tushganmidi, bu aksiyadan so‘ng ko‘tariladimi?
5. Eng muhimi, bu fleshmobga MIB va «O‘zbekkonsert» rahbariyatining munosabati qanaqa?

Bugun mana shu savollarga javob axtarib ijtimoiy tarmoqlardagi bu aksiyaga munosabat, shuningdek o‘z shaxsini sir saqlagan manbalarning ma’lumotlarini ham o‘rganamiz.

Demak, o‘z shaxsini sir saqlashni so‘ragan manbaning aytishicha, MIB xodimlariga o‘zlariga tanish san’atkorlarni topib, MIB faoliyatini maqtab berishlarini so‘rash va videolarini jamlab, tarqatish buyurilgan.

Video ostidagi izohlar kutilganidek turli-tuman bo‘ldi. Kimdir san’atkorlarning ikkiyuzlamachiligini qoralagan, o‘zlari hamisha to‘lov va soliqlardan qochib yurishlarini tanqid qilgan bo‘lsa, yana kimdir MIB shu yo‘l bilan o‘z imijini yaxshilashga urinayotgani, lekin bu piar ko‘p ham samarali bo‘lmayotganini ta’kidladi. Bu aksiyani oqlaganlar, o‘zaro hamkorlik natijasida ommaning to‘lov madaniyati yaxshilanishini bildirganlar ham bo‘ldi, ammo ular juda ozchilik edi.

Yuqoridagi savollarga javob olish uchun avval MIB vakillariga, keyin san’atkorlarga, va nihoyat «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi rahbariyatiga murojaat qildik.

Dastlab MIB MIB jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Farrux Toshpo‘latov bilan bog‘landik:

– Yuqoridagi san’atkorlarga Byuro organlari haqida o‘z fikri va e’tiroflarini bildirishlari haqida topshiriq yoki ko‘rsatma umuman bo‘lmagan. Bu aksiya haqida o‘zimiz ham telegram kanallari orqali bildik. Lekin bir narsani tan olishimiz kerak, MIBning Chilonzor tumanidagi ba’zi xodimlari boshqa tumandagi xodimlarga artistlar orqali salom yo‘llashgan, bu esa telegram tarmog‘i orqali boshqa tuman xodimlari nazariga tushib, ular fleshmobni davom ettirishgan.

E’tibor bergan bo‘lsangiz, gap asosan cheklangan hudud haqida – Toshkent shahrining uch tumani to‘g‘risida ketadi. Biz telegramda xabar topishimiz bilan bu aksiyaning umuman Byuroga yoki MIB rahbariyatiga taalluqli emasligini tushuntirib, to‘xtatish haqida ko‘rsatma berdik.

Kimdir o‘ylashi mumkin, san’atkorlarga shu yo‘sinda qandaydir imtiyoz berilarmikan, deb. O‘zingiz o‘ylang, bu san’atkorlar MIBni maqtashmoqda. Lekin qonun hamma uchun barobar, qarzi bor, yoki sud qarori bo‘yicha undiruv amalga oshirish jarayonida bo‘lsa, hammaga bir xilda chora qo‘llandi. Agar e’tibor bergan bo‘lsangiz, ba’zi san’atkorlarimizning xonadonlariga borib, majburiy undiruv amalga oshirilgani haqida misollar juda ko‘p. Hatto alimentlar bo‘yicha mashhur artistlarga ham 15 sutkalik qamoq jazosi qo‘llangan.

Bu aksiya Byuro obro‘yiga taalluqli, ya’ni qandaydir obro‘ olib keladi, deb hisoblamaymiz. Sababi, MIB bunday aksiyaga muhtoj emas. San’atkorlarning fikrlari ijobiy yoki salbiy bo‘lishidan qat’i nazar MIB xodimlari belgilangan qonun-qoidalarga ko‘ra ish ko‘radilar.

San’at ustalarining so‘zlariga quloq tutamiz.

Dilfuza Ismoilova, xonanda: – MIB haqida... Ha, esladim u fleshmobni. Zo‘r bo‘ldi, oldin to‘lovlar uchun uyoq-buyoqqa qatnab ovora bo‘lardik, hozir shu tashkilot chiqib ancha oson bo‘ldiku? Bu haqda eshitib, men o‘z ixtiyorim bilan intervyu berdim. Shunchaki o‘zim tushib berdim, hamma o‘z tumanini maqtagan ekan, men ham o‘z tumanim xodimlarini chin dildan maqtadim. Buning yomon tomonini ko‘rmasdan, odamlarga ham qulaylik yaratayotganini tan olishimiz kerak, axir to‘lovlarni to‘lashda xalqimizga, o‘zimizga oson bo‘ldiku?

Suhrob Hasanov, aktyor: – Bizga o‘sha yerdagi o‘rtoqlar iltimos qilishgandi. Hech kim bizni majbur qilgani yo‘q, tanishlarimizning tanishlarining iltimosida bu, shaxsan o‘zimga chiqishmagandi. Yaxshi niyatda qilingandi, lekin izohlarni o‘qib o‘zimiz ham noqulay bo‘ldik... Hech kimning dilini og‘ritishni, kimgadir noqulay vaziyat yaratishni o‘ylamagandim. Mehriddin aka Rahmatovdan ham ayni shu masalada men iltimos qilgandim. U kishi o‘zlari s’yomkada bo‘lganlariga men so‘ragandim, yo‘q demadilar. Lekin birortamizning qarzdorligimiz ham, MIB xodimlari bilan bog‘liq muammomiz ham yo‘q.

«O‘zbekkonsert» davlat muassasasi ham izoh berdi.

Odiljon ABDUQAHOROV, «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi direktori:
— Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda bir qator san’at vakillari tomonidan Majburiy ijro byurosi xodimlari maqtalgan videolar tarqaldi. «O‘zbekkonsert» davlat muassasasining bu fleshmobga hech qanday aloqasi yo‘q. Ochig‘i, bu biz uchun ham kutilmagan holat bo‘ldi.

Fursatdan foydalanib, biz xonandalarga ijtimoiy tarmoqlarda o‘zlari tushunmagan, bilmagan mavzularda fikr bildirib, keng ommaga yomon ko‘rinib yurishlari o‘rniga, chiroyli ijod namunalari yaratish ustida ishlab, qalblardan joy oladigan qo‘shiqlar, sahnaviy chiqishlar tayyorlab, muxlislar olqishiga sazovor bo‘lib yurishlari afzalligini ta’kidlab o‘tmoqchimiz.

Ijtimoiy tarmoqlardagi bunday holatlar va san’atkor odobi haqida esa yaqin kunlarda «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi tomonidan «Ma’naviyat soati» o‘tkazish rejalashtirilgan. Mazkur yig‘ilishda shu va shunga o‘xshash masalalarga yana batafsil to‘xtalamiz».

Abror Zohidov

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Internetda fleshmob: San’atkorlar nega MIBni maqtab qolishdi? (video)