18:30 / 18.07.2019
2 814

Deputatlar avtomobil oynalarini qoraytirish masalasini qanday hal qilmoqchi?

Deputatlar avtomobil oynalarini qoraytirish masalasini qanday hal qilmoqchi?
Foto: parliament.gov.uz
2019 yil 18 iyul kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida qonun loyihalari bilan birga, mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga oid bir qator muhim masalalar ko‘rib chiqildi. Bu haqda Qonunchilik palatasi saytida xabar berilmoqda.

Bu yilgi yoz oylari O‘zbekiston meteorologik kuzatuvlar tarixi davomida eng issiq ekani qayd etilmoqda. Ayniqsa, bunday jazirama kunlar avtomobil haydovchilariga qiyinchiliklar tug‘dirmoqda. Shu bois, ijtimoiy tarmoqlarda keng jamoatchilik, ayniqsa, haydovchilar tomonidan qizg‘in bahs-munozaraga sabab bo‘layotgan mavzu, shubhasiz, avtomobil oynalarini qoraytirish (“tonirovka”) masalasidir.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, “Adolat” SDP fraksiyasi deputatlariga xalqimiz tomonidan haydovchi va yo‘lovchilarni yozning jazirama issig‘idan himoya qilishda yetarlicha sharoitlar yaratish masalasi bo‘yicha ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda. Murojaatlarda asosiy masala sifatida, yozning issig‘idan, quyoshning nurlaridan, ayniqsa, ultrabinafsha nurlaridan saqlanishda avtomobil oynalarini qoraytirishga ruxsat berish so‘ralgan.

Foto: parliament.gov.uz
Biroq Vazirlar Mahkamasining “Tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali yengil avtotransport vositalaridan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, oynalarining tusini o‘zgartirish (qoraytirishga) ruxsatnoma olish jismoniy shaxslar uchun – eng kam oylik ish haqining to‘qson baravari (18 245 700 so‘m), yuridik shaxslar uchun – eng kam oylik ish haqining bir yuz yigirma baravari (24 327 600 so‘m) miqdoridagi mablag‘ni to‘lash orqali amalga oshiriladi. Tabiiyki, ko‘plab fuqarolarimizda buncha mablag‘ to‘lash evaziga bir yilgagina ruxsatnoma olishga moddiy imkoniyat yetarli emas.

Deputatlar tomonidan ta’kidlanganidek, agar ushbu summani to‘lashga haydovchining qurbi yetsa ham, unga buning issiqdan himoyalanishga xech qanday nafi bo‘lmaydi, chunki qarorga asosan, oynalarining tusini o‘zgartirish avtotransport vositasining faqatgina orqa oynalariga ruxsat beriladi, xolos. Demak, haydovchi qaror talablarini bajaraman deb pul to‘laydi va o‘zi yana o‘sha quyosh nurlarida qoladi.

Foto: parliament.gov.uz
Albatta, bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda, turli veb-saytlarda bu narxning juda qimmatligi, uni butunlay bekor qilish yoki mablag‘ miqdorini kamaytirish, darpardaga ruxsat berish to‘g‘risida takliflar bildirilmoqda. Ichki ishlar vazirligi mutasaddilari esa, mablag‘ miqdorini o‘zgartirishga hech qanday munosabat bildirmagan holda, oynalarining tusini o‘zgartirish fuqarolarimiz xavfsizligiga salbiy ta’sir o‘tkazishini ma’lum qilish bilan cheklanmoqda, deyiladi xabarda.

O‘zbekiston “Adolat” SDP fraksiyasi a’zolari fuqarolarni qiynayotgan ushbu masala yuzasidan, aholi fikrlari, ijtimoiy tarmoqlardagi munosabatlar va mutasaddi vazirlik pozitsiyasini o‘rganib, ham xalq manfaatlari, ham xavfsizlik talablarini inobatga olgan holda, o‘z takliflarini ishlab chiqdi.

Qayd etilganidek, bugungi kunda avtotransport vositalariga ehtiyot qismlari bilan savdo qilish do‘konlarida termal plyonkani uchratish mumkin. Ushbu plyonka bir muncha shaffof bo‘lib, uning asosiy vazifasi avtomobil salonini quyoshning ultrabinafsha nurlaridan saqlab, jaziramada isib ketishini bir muncha kamaytiradi.

Shuningdek, yig‘ilishda haydovchi va yo‘lovchilar uchun qulayliklar yaratish maqsadida taklif etilayotgan termal plyonka bilan qoplangan avtomabil oynalarining bir nechta namunalari ko‘rgazmali ko‘rinishda taqdim etilib, ularning afzalligi va qulayliklari bo‘yicha yig‘ilganlarga batafsil axborot berildi.

Taqdim etilgan namunalardan ko‘rish mumkinki, termal plyonka o‘zining xususiyatiga ko‘ra, tonirovka plyonkasidan ancha ustunlikka ega va haydovchilar uchun ham yon-atrofni ko‘rishga xalaqit bermaydi. Eng asosiysi, transport vositasining ichidagi shaxslar tashqaridan bemalol ko‘rinadi va hech kimning xavfsizligiga daxl qilmaydi.

Deputatlarning ushbu tashabbusini yig‘ilishda hozir bo‘lgan Vazirlar Mahkamasi mas’ul xodimlari, Davlat yo‘l harakati xavfsizligi va “O‘zstandart” agentligi mutaxassislari qo‘llab-quvvatlashdi va bu orqali fuqarolarimizga avtomobildan foydalanishlari uchun qulay shart-sharoit yaratilishi ta’kidlandi.

Deputatlar e’tirof etganidek, ushbu masalada muammoning yechimi sifatida Hukumat qaroriga tegishli o‘zgartirish kiritishni nazarda tutuvchi taklif tayyorlanmoqda. Ya’ni, Yo‘l harakati qoidalarining 3-ilovasi 7.4-bandiga muvofiq, transport vositasining old, yon va orqa oynalarining yorug‘lik o‘tkazuvchanligi 70 foizdan kam bo‘lsa, undan foydalanish taqiqlanishi belgilangan normani qayta ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq. Unga ko‘ra, mamlakatimizda ushbu 70 foiz cheklovi 15 foizga, ya’ni 55 foizgacha tushirilsa, haydovchilar bemalol termal plyonkadan foydalanishi mumkin bo‘ladi. Bu esa, nafaqat yo‘lovchilarga, balki, haydovchilarga ham afzalliklar tug‘diradi. Deputatlar, shuningdek, ushbu amaliyotni jamoat transportlarida ham qo‘llash mumkinligi taklifini ilgari surishdi.

Bildirilgan fikr-mulohazalar va muhokamalardan so‘ng mazkur masala yuzasidan fraksiyaning takliflarini Vazirlar Mahkamasiga yuborishga kelishib olindi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Deputatlar avtomobil oynalarini qoraytirish masalasini qanday hal qilmoqchi?