Bo‘stonliq tumanidagi Urungach ko‘lida yuzaga kelgan vaziyat o‘rganildi

  • 19 iyul 2019, 06:00
  • 1 267
  • Jamiyat
  • Bo‘stonliq tumanidagi Urungach ko‘lida yuzaga kelgan vaziyat o‘rganildi
    Ommaviy axborot vositalarida poytaxt viloyati tog‘ suv havzalarining ifloslanishi haqidagi xabarlar tarqalganligi munosabati bilan O‘zbekiston ekologik partiyasi O‘zbekiston Respublikasi Davlat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha qo‘mitasi bilan birgalikda joriy yilning 16 iyul kuni Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani Urungach ko‘li hududiga chiqib, vaziyat o‘rganildi, bu haqda O‘zA xabar qiladi.

    Suv havzasi holatini har tomonlama o‘rganib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi Davlat qo‘mitasi, Burchmulla o‘rmon xo‘jaligi xodimlari, Toshkent viloyati va Bo‘stonliq tumani hokimiyatlari, muvofiq tuzilma vakillari va jamoatchilik jalb qilindi.

    Avvalroq, 2019 yil 12 iyul kuni Davlat ekologiya qo‘mitasi mutaxassislari tomonidan hududni ko‘rib chiqish chog‘ida tabiatni muhofaza qilish qonunchiligi buzilganligi aniqlangan edi.

    Xususan, bevosita suv ustida 10 ta yog‘och supa (karavotlar) o‘rnatilgan bo‘lib, qayiqlar va katamaranlardan foydalanilgan. Sayyohlar uchun sanitar-gigiyenik sharoitlar yaratilmagan, cho‘milish esa ushbu maqsadlar uchun jihozlanmagan joylarda tashkil etilgan.

    Bundan tashqari, suv muhofazasi hududida maishiy chiqindilar, jumladan, plastik butilka, ovqat qoldiqlari va yoqilgan gulxandan qolgan kul va chiqindi uyumlari to‘planib yotibdi.

    Ushbu qoida buzilishlari hududning ekologik holatiga salbiy ko‘rsatadi. Agar ta’sirchan choralar ko‘rilmasa, atrof-muhit, jumladan, suv havzasi ifloslanishi va umuman mintaqada sanitar-epidemiologik vaziyat yomonlashishiga olib kelishi mumkin.

    16 iyul kuni o‘tkazilgan o‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, supa (karavot)lar yig‘ishtirilgan, suzish vositalari (rezina qayiqlar va katamaranlar), chiqindilar olib chiqib ketilgan.

    Qonun buzilishlarini bartaraf etish uchun Bo‘stonliq tumani ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha tuman inspeksiyasi va Burchmulla o‘rmon xo‘jaligi ma’muriyatiga zarur topshiriqlar berildi. Ko‘l ekotizimi holatini tun-u kun nazoratini olib borish tashkillashtirildi.

    O‘zbekiston ekologik partiyasi Davlat ekologiya qo‘mitasi bilan birgalikda ko‘l hududiga tabiiy qo‘riqlanadigan hudud maqomini berish takliflar tayyorlanmoqda.

    Bu esa o‘z navbatida Urungach ko‘li noyob ekotizimini va ushbu mintaqa atrof-muhitini ifloslanish va salbiy antropogen ta’siridan muhofaza qilish imkonini beradi.

    » » Bo‘stonliq tumanidagi Urungach ko‘lida yuzaga kelgan vaziyat o‘rganildi