Bo‘ritosh Shodiyeva Islom Karimovning maxfiy topshirig‘i haqida aytib berdi

  • 19 iyul 2019, 08:05
  • 3 695
  • Jamiyat
  • Bo‘ritosh Shodiyeva Islom Karimovning maxfiy topshirig‘i haqida aytib berdi
    Yozuvchi Akbar Mirzoning “Prezidentning bajarilgan topshirig‘i yoxud bugunning “To‘maris” ayoli” nomli maqolasi O‘zA tomonidan e’lon qilindi. Unda respublika Xotin-qizlar qo‘mitasida rais o‘rinbosari bo‘lgan, shuningdek, Oliy Majlisda ishlagan Bo‘ritosh Shodiyeva bilan suhbat uyushtirilgan. Quyida suhbat matni to‘liq holda keltiriladi.

    Oltmish oltini qoralangan, sochlarini qirov bosgan, keng peshonasida shafqatsiz hayotning qat-qat izi qolgan Bo‘ritosh opa gapga ancha chechan bo‘lsa-da, ko‘ngildagi sirlarni darhol oshkor qiladigan ayollar toifasidan emas ekan. Ayni paytda olib borayotgan ishlari xususida to‘lqinlanib gapirib berdi, ammo o‘zi ko‘rsatgan jasoratlar haqida so‘z ketganda xayolga toldi. Keyin menga ma’noli nigoh tashlab, “Sirligicha qola qolsin”, dedilar astagina.

    “Yoshlarga ibrat qilib ko‘rsatamiz”, dedim, yaqin tariximizni o‘rganyapmiz deb vaj ko‘rsatdim, mustaqillik uchun kurashgan, uni saqlab qolish uchun jonini tikkan insonlarni xalqimiz bilishi lozimligini tushuntirdim. Biroq opa negadir jim edi. Tabiatan tortinchoq emasman, qaysarlik, o‘jarlik kabi xislatlarim ham bor. Ofisimdagi devorga ham “Hech qachon taslim bo‘lma!” degan maqolni hayotiy shior qilib yozuv qo‘yganman...

    Moskvadagi Oliy partiya maktabining tinglovchisiman, – va nihoyat, ancha yillar avval ro‘y bergan voqeani so‘zlab berishga rozi bo‘ldi Bo‘ritosh opa. Aslida men Surxondaryoning Uzun va Sariosiyo tumanlarida ko‘rsatgan qahramonliklarini yodiga solib, shu haqida gapirib berishlarini iltimos qilgandim. Biroq suhbatni uzoq Moskvadan boshladilar. Umuman olganda, debochasi chakki emas edi. Qalbiga yo‘l topsam, hammasini bilib olaman, deb o‘ylab, sabr qilishga qaror qildim.

    – Bu vaqtda respublikamizda sobiq SSSR Prokuraturasining tergovchisi Gdlyan boshchiligidagi maxsus guruh butun kuch-qudratini, makrini, shafqatsizligini ishga solib, xalqimizning asl farzandlarini elakdan o‘tkazayotgan edi. Goh markaziy televideniyeda, goh matbuotda Gdlyanning intervyulari berib borilar, faktlarda asosan o‘zbekistonlik rahbarlarning olgan poralari, ular topshirayotgan pullar, oltin va kumushlar to‘g‘risida gap ketardi.

    “Hammasi poraxo‘r, hammalari davlatni talagan, hisobsiz boylik orttirgan tovlamachilar, yulg‘ichlar!” degan haqoratlarning zalvoridan boshimiz egik, tilimiz qisiq edi.

    Biz tinglaydigan kurslarda asosiy mavzu qolib ketib, o‘sha intervyular, maqolalar, fotoreportajlar qayta-qayta muhokama bo‘lar, o‘qituvchilar bir-biridan o‘tkazib respublikamizda sodir bo‘layotgan jinoyatlar xususida tinimsiz bahs yuritishardi.

    O‘sha vaqtlarda Moskva meri bo‘lgan Boris Nikolayevich Yelsin bizga dars o‘tar, Gdlyanning qahramonliklari to‘g‘risida faxr bilan gapirarkan, biz o‘zbeklar tomonga tez-tez nigoh tashlab qo‘yardi.

    Uning zimdan qarashlariga, achchiq pichinglariga chiday olmay bizlar yelkamizni qisardik, stolning tagiga kirib ketgudek bo‘lardik.Biroq navbatdagi darsda o‘zimni tutib turolmadim. Shart o‘rnimdan turib,hamma o‘zbeklar ham poraxo‘r emasligini,o‘z yurtining kelajagi uchun jonini jabborga berib, halol-pok ishlayotganlar nihoyatda ko‘pligini, bunday ishlarda oddiy xalqning aybi yo‘qligi isbotlashga tushib ketdim.

    Mehnatkash odamlarimiz ertadan kechgacha dalada ishlayotgani, paxta rejasini bajaramiz, deb gulday umri shudgorda o‘tayotganini, majburan topshirilayotgan tilla va kumushlar esa odamlar nohaq qamalayotgan otalari, aka-ukalari uchun berayotgan shaxsiy mol-mulklari, farzandlarining to‘yiga atab yig‘ayotgan taqinchoqlari ekanini ro‘y-rost gapirib tashladim.

    Yonimda o‘tirgan qaysidir hamyurtim yengimdan tortar, gapimni to‘xtatib darhol uzr so‘rashga undardi. Bunga sari yuragimdan otilib chiqayotgan nido – achchiq haqiqatni so‘zlashda davom etardim. Boshladimmi, oxiriga yetkazishga qaror qildim. Kursdan haydalishim aniq, demak, nimaniki bilsam, yetishgan, ko‘rgan bo‘lsam, hammasini aytib qolishim kerak!

    Kursdagilarning ba’zilari jur’atimdan hayrat to‘la nigohlarini menga qadashgan, gapim tugashi bilan nima voqea sodir bo‘lishini ko‘z oldilariga keltirishgan chog‘i qarashlari tobora achinish tusini ola boshlagan, ayrimlar esa millatini oqlashga jazm qilgan menday ayolning jasoratini aqlsizlikka, shakkoklikka yo‘ygan, darsdan so‘ng menga nisbatan qo‘llaniladigan har qanday jazoni haq deb hisoblashga tayyor turishardi.

    Boris Nikolayevich Yelsin gaplarimni bo‘lmadi, diqqat bilan oxirigacha eshitdi. So‘ng katta boshini ma’noli qimirlatib qo‘ydi-da, auditoriyani tark edi. Kursimizda o‘n beshta respublikaning barchasidan vakillar bor edi.

    Ularning birortasi menga e’tiroz bildirishmadi, faqat... faqatgina o‘zimiznikilar yonimga kelib malomat toshlarini yog‘dira boshlashdi: “Endi senga qo‘shib bizlarni ham haydashadi!”, “Nimalar qilib qo‘yding, ahmoq qiz, qamalib ketmoqchimisan?”, “Senga kim qo‘yibdi, Yelsinday shaxsga qarshi gapirishni, endi O‘zbekistonga qaytib bormaysan, shu yerning o‘zida qamoqqa olinasan!”

    Boya gapirayotgan paytimda yuragimda zarracha qo‘rquv alomati yo‘q edi. O‘z sheriklarimning vahimali gap-so‘zlaridan keyingina ichimga g‘am tushdi. Menga dalda bo‘lish o‘rniga, tanbeh berayotgan, malomat qilayotgan ba’zi hamshaharlarimning tutgan pozitsiyasidan ensam qotdi, ularga nima deb javob qilishni bilmay qoldim.

    Noiloj beriladigan jazoni kuta boshladim. Albatta, kimdir auditoriyada bo‘lgan gap-so‘zlarini yuqoriga yetkazgan edi. Ha, keyingi darsda meni Moskva raykomiga chaqirishdi. Ortimdan hech kim bormadi. Yuragi betlab, dalda ham berolmadi.

    Raykomning qabulxonasida turarkanman, o‘tgan-ketganlar menga o‘qrayib qarashar, ayrimlari hatto turtib o‘tishga jazm qilgan ham edi. Sovuq munosabat va yuragimni tobora egallab borayotgan g‘ussadan oyog‘imga titroq tushsa-da, ammo buni sezdirmaslikka harakat qilib devorga mahkam suyanib oldim. Mardlik qilib gapirgandan keyin oxirigacha turib ber, degan ichki bir nido qaddimni tik tutishga, qog‘oz ko‘tarib u yoqdan - bu yoqqa chopayotgan partiya xodimlarining ko‘zlariga dadil qarashga undar edi. Shunday bir holatda ancha turib qoldim. Ko‘z o‘ngimdan erim, bolalarim o‘ta boshladi. Meni o‘qishga yuborgan rahbarlarning g‘azabga to‘la nigohlarini ko‘rganday bo‘ldim.

    Kimdir kelib qo‘limga kishan solib, qamoqxonaga sudrashi xayolimdan o‘ta boshladi. Vahimali o‘ylar qurshovida qolgan edim. Vaqt xuddi to‘xtab qolganday edi nazarimda.

    Soat millari imillagan sari boshim tars yorilib ketgudek bo‘lar, binodan tezroq chiqib ketish uchun har qanday jazoni olishga shay edim. Bosim shu darajada kuchli ediki, ayanchli hodisalar xayolimda charx ura boshladi. Qattiq o‘y odamni o‘ldirishi mumkin, desa ishonmasdim, ana endi shu ko‘rgiliklar yosh boshimdan o‘tayotgan edi. Bir payt meni ichkariga chaqirib qolishdi. Oyog‘imda mador qolmasa-da, irodasizlik qilib sharmanda bo‘lishni istamadim.

    – Shodiyeva deganlari senmisan? – dedi yuqorida o‘tirgan badqovoq kishi ko‘z ostidan menga nigoh tashlab.
    – Ha.
    – Nega Sovet hukumatiga qarshi gapirding? Nima bizning olib borayotgan odilona siyosatimizga qarshimisan?
    – Gdlyan va Ivanovlarning hamma ishlari ham odilona emas.

    – Qanday hadding sig‘di, sovet prokuraturasining xodimlariga tuhmat qilishga?! Sening joying qamoqda! – zarb bilan tushgan mushtdan stol taraqlab ketdi. Uning ustidagi narsalar uchib tushdi. Keyin eshik birdan ochilib, qo‘lida kishan ko‘targan militsiya xodimlar paydo bo‘ldi. Xuddi shu damda telefon jiringlab qoldi.

    – Eshitaman, Boris Nikolayevich! – deb beixtiyor o‘rnidan turib ketdi meni so‘roq qilayotgan Ijroqo‘m raisi. – Nima qilardim, sizga shartakilik qilgan, sovet hukumatining olib borayotgan dono siyosatiga qarshi gapirgan Shodiyevani qamoqqa olishlarini buyurdim. Nega? Axir u... Sovet davlatiga qarshi, – hozirgina faxr va g‘urur bilan gapirayotgan Ijorqo‘m raisining rangi o‘zgara boshladi. – Qanday kechirib bo‘ladi? Balki qaroringizni o‘zgartirarsiz? Mayli, o‘zingiz bilasiz.

    Bu so‘zlardan keyin asta qaddimni tik tuta boshladim. Qarashlarim dadillashdi. Yuragim sezdi, hammasi yaxshilik bilan tugaganini. Ha, Boris Nikolayevich Yelsin meni to‘g‘ri tushungan, har bir millatning vakili xuddi shunday bo‘lishi kerakligini bilgan va darsga qaytishimga ruxsat bergan edi.

    – Ko‘zimdan yo‘qol! – dedi rejasi amalga oshmay qolgan Ijroqo‘m raisi.

    Men shu zahoti o‘qday otilib, tashqariga chiqdim. To‘yib-to‘yib erkin nafas olarkanman, haqiqatning ko‘ziga tik qaragan o‘qituvchimdan minnatdor edim.

    “ShIFOKOR BO‘LIB BORASAN!”
    Bu voqeani so‘zlab berishga ko‘ndirish men uchun oson bo‘lmadi. Tushunaman, yuqori lavozimlarda ishlangan rahbar kadrlar uchun davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan ma’lumotlarni ma’lum muddat oshkor qilmaslik talab yetiladi. Lekin shaxsning amalga oshirgan jasorati qanchalik muhim, qanchalar sir bo‘lmasin, xalqqa, ayniqsa, ertangi kunning egalari bo‘lmish yosh avlodga yetib borishi kerak emasmi?

    Yoshlar o‘zlarining ota-onalari, mahalladosh yoxud yurtdoshlarining mardlik namunasi bo‘lmish voqea-hodisalarning tafsilotlari bilan qanchalar erta tanishsa, ularda insonlarga bo‘lgan mehr-muhabbat, vataniga bo‘lgan sadoqat shunchalar tez shakllanadi va kattalarday mard, jasur va dovyurak bo‘lishga intilishmaydimi?

    O‘tkir aka bilan Uzun va Sariosiyo tumanlariga qilgan sayohatimiz, yovuz niyatli kimsalarning nima uchun aynan shu ikki hududga kirishgani, u yerlarda jangarilar to‘dasi bilan olib borilgan jang, ularning ko‘rsatgan qarshiliklari xususida to‘plagan faktlarim, so‘rab-surishtirishlarim asosida “Snayper” degan qissa yozganim va bu asar 2018 yilda “O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan kitob holida nashr etilgani haqida ancha gapirib berganimdan keyingina Bo‘ritosh opaning diliga yo‘l topganday bo‘ldim.

    – Bir bir savol qiynaydi, – deya so‘rayman Bo‘ritosh opadan. – Jangarilar to‘g‘risidagi maxfiy ma’lumotlarni Bosh qo‘mondonga kim yetkazdi? Maxsus razvedkadagilarimi yoki o‘sha yerdagi aholi vakillari orasida o‘z odamimiz bo‘lganmi?

    Xuddi shu savol Bo‘ritosh opaning yurak tubiga yashirib qo‘ygan sirlarni ochishga turtki bo‘ldi, deb o‘ylayman.
    – Bilmasangiz qo‘ymaysiz shekilli? – deya menga ma’nodor qarab qo‘ydi suhbatdoshim.
    – Axir shu niyatga kelganman, – dedim tashrifimning boisini ochiq aytib.
    – U vaqtda men ... vazifasida ishlardim. Bir kuni O‘zbekiston birinchi Prezidenti Islom Karimov huzuriga chaqirib, Surxondaryoning Uzun va Sariosiyo tumanlarida g‘araz niyatli kimsalar paydo bo‘la boshlagani to‘g‘risida tashvishlanib gapirib qoldilar.

    Hayron bo‘ldim, axir men ayol kishiman, bunday xatarli yumushga qanday aloqam bori ekan? Nechun aynan menga so‘zlab beryapti? Shunday savollar ko‘nglimdan o‘tarkan, Prezidentga yuzlandim.

    – U yerga borish kerak. Hech kimda shubha tug‘dirmay bemalol kirish lozim. Shundagina gazandalarning qanchaligini, qanday qurollarga ega ekanligini, yana qaysi qishloqlarda odamlari borligini bilib olamiz.
    – Ayol kishi begona qishloqqa qanday kirishi mumkin? Faqat shifokor bo‘lib.
    – Ha, dilimdagini topding. Kallang ishlaydi, Bo‘ritosh Aminovna! Prezident birinchi marta menga rasmiy murojaat qilayotgan edi. G‘alati bo‘lib ketdim. Gaplarini diqqat bilan tinglay boshladim.

    – To‘g‘ri aytding, Uzun va Sariosiyoga “shifokor” bo‘lib kirib borasan. Yoningga uch-to‘rtta o‘zingga ishongan ayollarni olgin-da, borib qishloq ayollarini ko‘rikdan o‘tkaz. Agar yanglishmasam, fors tilini yaxshi bilasan. Shuning uchun butun diqqat-e’tiboring qishloqdagi begona odamlarda bo‘lsin. Ular nima ish bilan band, bir-birlari bilan nima haqida gaplashyapti, hammasini bilishim kerak. Tushundingmi, bu juda muhim topshiriq. Senga ishonganim uchun ham aytyapman, bu gaplarni.

    Prezidentning tashvishini to‘g‘ri tushunardim. Yurtimizga suqilib kirmoqchi bo‘lgan har qanday yovuz niyatli maxluqlar u kishini qattiq ranjitar edi. Jangarilar tinch aholiga tashvish keltirishi, farovonlikka raxna solishi aniq edi. Toshkentdagi qo‘poruvchilik jinoyatlari tufayli qanchadan-qancha begunoh yurtdoshlarimiz nobud bo‘lganiga hali uncha ko‘p vaqt bo‘lmagan edi. Nahot, endi Surxondaryoda davlatimizga tashvish tug‘diradigan kunlar boshlangan bo‘lsa?!

    Shunday qilib, mamlakatimizning janubiga otlandim. Hamshiralikdan xabarim borligi uchun “shifokor” roliga kirish menga unchalik qiyinchilik tug‘dirmadi. Qishloqma-qishloq yurib, xotin-qizlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkaza boshladik. Biroq begona kishilar bizga shubha bilan qarashar, har bir bosgan qadamimizni erinmay kuzatishar edi. Bo‘ynigacha soqol qo‘ygan, paxmoq sochli kishilarning ayrimlari hatto beva ayollarga uylanib ham olgan ekan. Ular xotinlarini tekshirishga qo‘yishmas, bizga qattiq qarshilik ham qilishardi.

    Shunday janjallarning birida barzangi bir kishi qarshimga keldi-da, ikki qoshimning o‘rtasiga musht tushirdi. O‘zimni eplolmay orqaga yiqildim. Burnimdan tirqirab qon keldi. Biroq shafqat nima ekanligini bilmaydigan kimsa, bunga parvo ham qilmadi. Aksincha, to‘pponchasini peshonamga tirab, agar yana bir marta ayoliga so‘zimni o‘tkazadigan bo‘lsam, u shartta otib tashlashini aytib dag‘dag‘a qildi.

    Menga xuddi shu bepisandlik bilan qilingan sovuq munosabat qattiq ta’sir qildi. Kim bu yerda xo‘jayin? Kelgindi kimsalarmi yoki shu yurtning fuqarosi bo‘lgan bizlarmi? Ikkita qishloqni ko‘rib ortga qaytmoqchi edim, ammo yuragimda tug‘ilgan nafrat meni oxirigacha kurashga chorladi. Sariosiyoning deyarli barcha qishloqlarini ko‘zdan kechirib chiqdim.

    Tunlari uyqum kelmay o‘t-o‘lanlar orasida, derazalarning tagida begonalarning gap-so‘zlariga quloq tutdim. Har bir ko‘rgan va eshitganlarimni eslab qolishga harakat qildim. Qurol-yarog‘i saqlanadigan xonadonlarigacha bilib oldim. Kelasi oy yana ancha odamlar kelishidan ham xabar topdim. Ba’zi ayollarni gapga solib, kelgindilarning nima ish bilan shug‘ullanayotganliklarini, yashirin reja tuzayotganliklarini taxminan bilganday edim. Ayol dardini ayol tushunadi deganlariday, ularni qiynayotgan muammolari haqida tinimsiz so‘zlay boshladim.

    Keyingi paytlarda nima uchun nogiron bolalar tug‘ilishi ko‘payib ketayotgani tashvish bilan gapirdim, xuddi o‘z opa-singillarimday yaqin oldim. Hatto ko‘z yoshi ham qilib oldim. Bu harakatlarim besamar ketmadi. Dardi ichida ayollarning ba’zilari qishloqlarda giyohvand moddalar bilan savdo qiluvchilar ko‘payib ketayotgani, hatto ba’zi erkaklar ana shu zormandadan iste’mol qilayotganliklarini tashvish bilan gapirib berishdi.

    Giyohvand moddalar qayerdan kelyapti, degan savolimga esa Afg‘onistondan o‘tayotgan qoramollarni tekshirish kerakligini aytishdi. Ha, onalar barcha qiyinchiliklar, ko‘rgiliklarga chidashi mumkin, ammo norasidalarining kelajagi haqida gap ketganda jim turisholmaydi. Buni faqat ona sifatida anglash va tushunish kerak.

    Prezident bu ishga meni tanlaganda ana shularni nazarda tutgan bo‘lsa kerak, deb o‘yladim va barcha ma’lumotlarni Bosh qo‘mondonga yetkazdim. Shunday qilib, jangarilar bilan olib borilgan jang uzoqqa cho‘zilmadi. Giyohvand moddalarning yo‘li qirqildi. Bor gap, shu xolos. Buni qahramonlik deyish shart emas. Mening o‘rnimda boshqa ayol bo‘lganda ham xuddi shunday qilgan bo‘lardi. Vatanni asrab qolish uchun bor bilim va salohiyatini ishga solardi.

    Bo‘ritosh opa hikoyasini oddiy qilib, “bor gap, shu xolos”, deb tugalladi. To‘g‘ri, bori shudir, ammo bu o‘zbek ayolining jasorati namunasidir.

    » » Bo‘ritosh Shodiyeva Islom Karimovning maxfiy topshirig‘i haqida aytib berdi