Nega nolib yashaysan?..

  • 20 iyul 2019, 13:09
  • 1 447
  • Jamiyat
  • Nega nolib yashaysan?..
    Yaqinda televideniye orqali ko‘rsatilayotgan bir viloyatning sayyor qabulida murojaatlarning ichidagi ajabtovuri diqqatimni tortdi. To‘rt nafar farzandi bor ayol bir paytlar onalikdan mahrum qilingan ekan.

    Bolalari mehribonlik uyida katta bo‘lgan. Endilikda ona farzandlarining har biri uy-joy bilan ta’minlanishi masalasida ariza bilan mas’ul rahbarlarga murojaat qilgan. Noshukrlikni qarangki, farzandlar orasida berilgan uydan norozisi ham bor ekan hatto. Bu murojaat ham ijobiy yechimini topgan. Chunki mehribonlik uyida voyaga yetgan har bir bolaning kelajagi davlatimiz nazoratida.

    Ammo meni boshqa savol qiynadi. Bir paytlar onalikdan mahrum qilingan (qilmishlari og‘irdirki mahrum qilingan), farzandlarining tarbiyasi bilan shug‘ullanmagan ona, ularning kelajagiga befarq bo‘lgan ayol qaysi yuz bilan «farzandlarimning har biri alohida uyda yashashga haqli» degan e’tirozni bildirishi mumkin. Bunga qonunan haqqi bordir, ammo insoniylik tomondan ma’naviy haqqi bormi?
    ***
    Bundan ancha oldin tahririyatimizga bir ayol ko‘zida yosh bilan kirib keldi. Yaqinda uylantirmoqchi bo‘lgan o‘g‘li mashinada bexosdan yo‘lga chiqib qolgan besh yoshli qizchani urib ketibdi. Onaning aytishicha, o‘g‘li qizchaning butun ma’rakalarini o‘tkazib beribdi. Ammo, shunga qaramay, qizchaning onasi da’vo arizasini qaytarib olmoqchi emas ekan. Axir, norasida farzandidan ajrash ona uchun osonmi?! Hali uylanmagan yigitning qamalib ketishini o‘ylasangiz, unga ham rahmingiz keladi. Ammo har bir kishi qilgan xatosi uchun qonun oldida javobgar.

    Yigitning yosh umri qamoqda o‘tmasligi uchun jabrdiyda ona da’vosidan kechsa, jazo yengilroq bo‘lishi ham mumkin. Ammo... yigit shahardan hovlili uy olib bersa, jabrlanuvchi da’vosidan kechmoqchi. Buni eshitgan har qanday odamning taniga titroq yugurishi tabiiy. Gulday farzandi qora yer qa’rida yotsayu ona shu kulfat orqasidan uy-joyga ega bo‘lish haqida o‘ylasa. Xo‘p, yigit qamalib ketmasligi uchun uy olib ham berdi, deylik, ammo onaizor bu hovlida qanday yashaydi?

    Qanchalar andishasizlik...
    ***
    Bundan ikki yillar oldin... 9 may arafasi edi. Mahallamiz boshida ordenu medallar taqqan otaxon asoga suyangancha ketayotgan ekan. Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi bo‘lgan bu nuroniy otaxon men uchun haqiqiy topilma edi. Bekatgacha gaplashib ketdim, ammo... menga ismini aytishni istamadi.

    – Otaxon gazetga yozaman, sizdek yoshi ulug‘, qolaversa, urush qatnashchisini qancha yozsak kam, dedim.

    Qulog‘i og‘irroq otaxon boshini sarak-sarak qildi, keyin menga ohista, sekin ovozda:
    – Qizim, har yili 9 may arafasida tadbirlarda qatnashaman, suratga olishadi, gapirtirishadi, – dedi.
    – Men boshqa gazetada ishlayman, siz haqingizda juda bilgim kelyapti, – dedim men ham qaysarlik bilan.
    – Qizim, aytdim-ku, – dedi otaxon o‘ta vazminlik bilan. – Men haqimda bayramda har yili yozishadi, qayta-qayta yozishlarini xohlamayman, uyat bo‘ladi.

    Xullas, otaxon ismini aytmagan bo‘lsa-da, suhbatlashishga muyassar bo‘ldim.

    – Pensiyam bir milliondan oshadi, har oy medallarimga pul qo‘shib berishadi, shifoxonaga, sihatgohga order berishadi, Xudoga shukr. Hatto bir yili «mashina beramiz, ariza yozing» deyishdi. Men rad qildim. Shuncha e’tiboru hurmatdan keyin mashina ham so‘rasam, uyat bo‘lar. Bolalarim ham «dada, mashinaga ariza yozing» deyishadi. Ammo men ularga «mashina kerak bo‘lsa mehnat qilib olinglar», deyman.

    Men otaxonni bekatgacha kuzatib qo‘ydim, avtobusga chiqib ketdi.

    Otaxonni tushda ko‘rganday bo‘ldim. Axir, qaysi zamonda yashayapmiz? Yotib qolguncha otib qol, qabilida qayerdan tekin o‘lja kelarkan, deya tanish-bilishchilik qilayotgan zamondami yoki tekin mashinadan voz kechayotgan olijanob odamlar orasidami? Hali bitta ishni qoyillatmay yoki o‘rtamiyona kitoblarini chop ettirib, men uy olishim kerak, dala hovli olishim kerak, tanlovda g‘olib bo‘lishim kerak, men haqimda maqola yozing, deya o‘zini har tomonga urib ayuhannos solayotgan ba’zi odamlarni, hatto yoshlarni o‘ylab ketdim. Ularning oldida bu otaxon qanchalar olijanob-a?!

    Ishxonaga keldim. Yumush bilan yo‘lakka chiqsam ozg‘ingina, kamsuqumgina bir kishi rahbarimizni so‘rab kelibdi. Men uni o‘tirishga taklif qildim.

    «...Oldingizda to‘lab bo‘lmas qarzdormiz. Sizning ishonchingiz va ma’naviy kuchingiz doimo vatanparvarlik, yuksak axloq va burchga sadoqatning mezoni bo‘lib qoladi. Oldingizda chuqur ta’zimdamiz, mustahkam salomatlik va eng ezgu niyatlarni tilaymiz...» Bu Rossiya Federatsiyasi Prezidenti V.Putinning O‘zbekiston va sobiq Sovet ittifoqi xalq artisti, o‘zbek sirk san’atining yulduzli sulolasi vakillaridan biri Hakim Zaripovning nomiga tabriknomadan bir parcha.

    Dunyoga mashhur bo‘lgan chavandoz (95 yoshda bo‘lishiga qaramay hozir ham shogirdlarga saboq beradi), o‘z ishining asl fidoyisi, bir necha kitoblar va filmlar qahramoni bo‘lgan afsonaviy inson (yaqinda «Afsonaviy inson» hujjatli filmi olindi) sirk mehmonxonasining kichik xonachasida uzoq yillardan beri istiqomat qilarkan. Ushbu xona uning o‘z uyi devorlari o‘rnini bosganini tushunish qiyin. Bu holatning sababi oddiy: o‘z davrida sulola asoschisi Karim ota tomonidan qurilgan mustahkam uyi buzilgan va 1966 yildagi zilziladan so‘ng butkul vayron bo‘lgan. O‘sha vaqtda O‘zbekiston bosh kotibi bo‘lgan Sharof Rashidov chaqirtirib: «tanlang, istalgan tumanda, istalgan uy, istalgan vaqtda olishingiz mumkin».

    Ammo tinib-tinchimaydigan chavandozning uy masalasi bilan shug‘ullanishga vaqti bo‘lmagan. Uzoq yurtga gastrol safariga uchib ketayotgan edi. Shu tariqa yillar o‘tadi. Va bir kun kelib Hakim Zaripov doimiy yashash joyga ehtiyoj sezadi. Tashkilotlarga murojaat qilganda, o‘sha paytda ro‘y bergan zilzila hozirgi kunda uy masalasini hal qilib berish uchun asos bo‘la olmasligi haqida javob oladi. O‘sha paytdagi holatini chavandoz shunday eslaydi: «Albatta, qaysidir jihatdan xafa bo‘ldim ham, jahlim ham chiqdi. Ammo nima qila olardim: o‘zim aybdorman, o‘z vaqtida, aniq yordam taklif qilinganida vaqt topishim kerak edi».

    Ammo meni boshqa narsa o‘ylantiradi. Hakim Zaripovning, O‘zbek milliy sirki dong‘ini dunyoga taratgan, o‘z xohishi bilan 17 yoshida urushning birinchi kunlari frontga otlangan, Moskva yaqinida kavaleriya diviziyasida jarohatlangan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisining keyinchalik qilgan xizmatlari bir necha uyga arzimaydimi? Samarqandning Registon maydonida Sohibqironning sevimli nabirasi Ulug‘bekning 600 yillik yubileyi nishonlanayotganda sochlari oppoq faxriy Hakim Zaripov oq otda g‘alabali yurib o‘tgan. Ana shunday sharafli vazifa ishonib topshirilgan o‘zbek afsonaviy chavandozi ehtiromga, hurmat-izzatga loyiq emasmi?

    Balki Hakim Zaripov tashkilotma-tashkilot arzgo‘ylik qilib yurishni o‘ziga ep ko‘rmagandir. Qattiq kirishsa biron narsaga erishardi.
    Ammo... mana shunday kamtar, kamsuqum, olijanob insonlar tufayli biz haliyam yashayotgandirmiz, hayot go‘zaldir.
    Qanchalar andishalimiz...
    Barno Sultonova

    Manba: Xabar.uz

    » » Nega nolib yashaysan?..