14:57 / 20.07.2019
9 852

Qizning nomusiga tekkan ellik yashar "bo‘ydoq" qizning otasi tomonidan «samosud» qilindi

Qizning nomusiga tekkan ellik yashar "bo‘ydoq" qizning otasi tomonidan «samosud» qilindi
Bundan bir necha yil ilgari sodir etilgan jinoyat nafaqat voqea ishtirokchilarini tanigan qo‘ni-qo‘shni va yaqinlarini, balki bu mudhish voqeani eshitgan har qanday kishini afsuslantirdi, deb yozmoqda Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi bo‘lim katta prokurori Raxman Sankibayev “Huquq” nashrida.

2016 yil 27 mart. Respublikaning olis tumanlaridan birining ichki ishlar bo‘limi navbatchi qismiga noma’lum shaxsning qumga ko‘milgan murdasi topilganligi haqida xabar kelib tushdi. Voqea joyi ko‘zdan kechirilar ekan, qiynab o‘ldirilgan noma’lum shaxs tuman hududida istiqomat qilgan, 1968 yilda tug‘ilgan Sobirbek Bo‘riyev (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Sobirbek aslida kimligini, qaysi manzilda yashashini, kasbi-korini aniqlash huquq-tartibot idoralari xodimlarida deyarli qiyinchilik tug‘dirmadi. Gap shundaki, marhum ichki ishlar bo‘limi xodimlariga bundan sal avvalroq, ya’ni 2015 yilning noyabr oyida yuz bergan bir voqea tufayli juda yaxshi tanish bo‘lib qolgandi.
* * *
S.Bo‘riyev ikki xonali uyda yolg‘iz yashardi. U oilasida yuzaga kelgan kelishmovchiliklar tufayli turmush o‘rtog‘i bilan ajrashgach, boshqa oila qurmagan. Hech qayerda ishlamasdi. Na ishi, na tayinli bir kasb-kori bo‘lmagan. U tengilar allaqachon o‘g‘il uylantirayotgan, qizlarini turmushga berayotgandi. Maqsadsiz hayot tarziga o‘rgangan S.Bo‘riyev esa bunday baxtdan o‘zini o‘zi benasib qilib qo‘ygandi.

Shunday kunlarning birida u kimdandir tuman hududida istiqomat qiluvchi fuqaro Zulfiya Xojaniyazovaning qo‘l telefoni raqamini oladi va unga qo‘ng‘iroq qilib, tanishish maqsadini bildiradi. Tabiiyki, notanish yigitning kutilmagan taklifi Zulfiya tomonidan shu paytning o‘zidayoq rad etiladi. Lekin S.Bo‘riyev Z.Xojaniyazovaga takror va takror qo‘ng‘iroq qilib, o‘zini 1990 yilda tug‘ilganligi, har kuni uni kuzatib yurganligi, hattoki, uni bir ko‘rishdayoq yoqtirib qolganligi haqidagi yolg‘onlariga ishontirishga urinadi.

Albatta, yoshi bir joyga borib qolgan S.Bo‘riyev qizni o‘z qarmog‘iga ilintirish oson kechmasligi aniq edi. Shuning uchun ham u Zulfiyaning soddaligidan foydalangan holda boshqa qator yolg‘onlarni o‘ylab topib, oxiri qizni, avval gaplashishga, so‘ng esa o‘zi bilan uchrashuvga chiqishga ko‘ndiradi.

Xullas, yigitning gaplariga ishongan qiz uchrashuvga chiqadi. Ammo atrof qorong‘i, ustiga-ustak S.Bo‘riyev kepkasini yuziga tushirib kiyib olganligi bois, aslida salkam ellik yashar "yigit"ni aniq ko‘ra olmaydi. S.Bo‘riyevning hiylasini qarangki, u Zulfiya bilan bo‘lgan ilk uchrashuvda bu mening rasmim deb boshqa bir yosh yigitning rasmini unga berib ketadi.

Ha, yosh yigitning rolini qoyilmaqom ijro etayotgan S.Bo‘riyevning niyati sezib turganingizdek, qora edi. U o‘zining shu qora niyatini amalga oshirish maqsadida Zulfiyani yana uchrashuvga chaqiradi. Kun botib, qorong‘i tushganidan so‘ng qizning uyiga yaqin atrofda turib, telefon orqali uni chaqirib oladi. Qiz yoniga kelishi bilan esa uning belidan quchmoqchi bo‘ladi. Tabiiyki, unga qarshilik ko‘rsatiladi. Ana shu payt S.Bo‘riyev Zulfiyaning biqiniga pichoq tirab, uni olib qochmoqchiligini, agar ovoz chiqarsa, qo‘shnilar oldida sharmanda qilishini aytadi va uni yo‘lovchi mashinada o‘zi yashab turgan uyga olib boradi.

Xullas, shu kuni S.Bo‘riyev Zulfiyaning ko‘rsatgan qarshiligiga qaramasdan uning nomusini oyoqosti qiladi. Ertasiga esa shovqin ko‘tarilmasligi uchun qizning yaqinlariga uyali telefon raqamlarini yashirgan holda qo‘ng‘iroq qilib, Men qizingizni o‘z roziligi bilan olib ketdim, bugun-erta uydagilarni oldingizga yuboraman, deb, tinchlantirib qo‘yadi.

Ammo, bir marotaba qilingan qo‘ng‘iroqdan keyin boshqa xabar bo‘lmagach, Z.Xojaniyazovaning ota-onasi ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilib, qizini topishda yordam so‘raydi…

Albatta, tuman ichki ishlar bo‘limiga olib kelingan S.Bo‘riyev va Z.Xojaniyazovalar so‘roq qilinar ekan, bo‘lib o‘tgan voqealar negadir, umuman boshqacha tus oladi. Ya’ni Z.Xojaniyazova ichki ishlar bo‘limi xodimlariga bergan tushuntirish xatida fuqaro S.Bo‘riyevning uyiga o‘z roziligi bilan borganligini, hech kim uni bunga majbur qilmaganligini, o‘zining uyidan ota-onasining ruxsatisiz ketib qolishida Sobirbekning aybi yo‘qligini bildiradi.

Zulfiyaning ushbu ko‘rsatmasidan so‘ng S.Bo‘riyevga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad etiladi.

Garchi, qiz o‘zini hech kim majbur qilmaganligi haqida bergan ko‘rsatmalari asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilmagan bo‘lsa ham Zulfiyaning ota-onasi ushbu voqealar tagida nimadir yashiringanini sezardi. Shu boisdan ham farzandi, qolaversa, oilasi sha’ni bilan bog‘liq ushbu voqeaning tagiga yetish maqsadida uyga qaytganidan so‘ng qizini qancha so‘roqqa tutmasin, u rozi bo‘lib o‘zim borganman degan javobdan nari o‘tmaydi.

Tabiiyki, kutilmaganda sodir bo‘lgan ushbu sirli voqea ota-onaga qattiq ta’sir qiladi. Ayniqsa, Zulfiyaning otasi O.Xojaniyazov o‘zini qo‘yarga joy topa olmay, qanday yo‘l bilan bo‘lmasin, bu voqeaning tagiga yetishni, shu bilan birga, S.Bo‘riyevdan o‘ch olishni maqsad qiladi. Ming afsuski, nomusga chidamagan ota bu ishining jinoyat ekanligini xayoliga ham keltirmasdi.

O.Xojaniyazov shu kunning o‘zidayoq shaxsiy avtomashinasi yukxonasiga chamasi ikki metrlik arqon va bir dona pichoq solib qo‘yadi. Tuman ko‘chalari bo‘ylab kirakashlik qilar ekan, uning fikr-u xayolini faqat bir narsa, ya’ni qizining nomiga isnod keltirgan Sobirbekdan o‘ch olish niyati band qilgandi.
* * *
2016 yil 24 mart. O.Xojaniyazov izlagan odamini tuman ko‘chalarining biridan topdi. S.Bo‘riyev boshqaruvidagi avtomashina rulini borayotgan yo‘lak tomon burdi. Atrofga qaradi, hech kim yo‘q. Mashinadan tushib, darhol uning yoniga bordi. Vujudini kemirayotgan nafrat zarbaga qo‘shilib, bir urishda Sobirbekni yerga yiqitdi. Ko‘z ochib yumguncha S.Bo‘riyev o‘zini oyoq-qo‘llari bog‘langan holda mashinaning orqa o‘rindig‘ida ko‘rdi.

O.Xojaniyazov qizini yo‘ldan urib, u orqali oilasining ustidan kulgan S.Bo‘riyevga o‘zicha hukm chiqargandi. Shuning uchun ham mashinasini odamsiz joylarda bir necha marotaba to‘xtatib, o‘zini himoya qilish imkoniyatiga ega bo‘lmagan Sobirbekning duch kelgan joylariga urib-tepib, unga azob berishni davom ettirdi.

Tirik o‘ljaga aylangan S.Bo‘riyev holdan toyganidan keyingina O.Xojaniyazov Beruniy tumanida istiqomat qiluvchi bojasi S.Maxsudovga qo‘ng‘iroq qilib, qizini aldab ketgan kishini mashinasida olib kelayotganligini aytdi va aytilgan manzilda kutib turishini iltimos qildi.

S.Maxsudov sanoqsiz berilgan zarbalardan o‘lar holatga kelib qolgan S.Bo‘riyevning ahvolini ko‘riboq, O.Xojaniyazovning bu ishi yaxshilik bilan tugamasligini uqtirgan bo‘ldi. Lekin g‘azab otiga mingan ota uning bu gaplariga parvo qilmasdan Sobirbekni o‘ldirish uchun bojasidan xilvatroq joy topib berishni so‘radi.

Shunday qilib, yarim tunda O.Xojaniyazov boshqaruvidagi "Spark" avtomashinasi S.Maxsudovning ko‘rsatmasi bo‘yicha tuman hududidagi ziyoratgohning shimoli-sharqiy tomoniga o‘n kilometrlar chamasi yurib, kimsasiz qumlikka kelib to‘xtadi. Yukxonadan qo‘l va oyoqlari bog‘langan S.Bo‘riyev tushirilib, qiynoq harakatlari yana davom ettirildi. Shundan keyin u S.Bo‘riyevni tabiiy chuqurlikka tepib tushirib, yonida olib kelgan belkurak yordamida ko‘mib tashladi.
* * *
Odam o‘ldirishdek o‘ta og‘ir jinoyatni sodir qilgan shaxslar murda topilgandan ikki kun o‘tib qo‘lga olindi. Ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Ish sudda ko‘rilar ekan, sudlanuvchilarning jinoyati ularning o‘z qilmishlariga to‘la iqror bo‘lib bergan ko‘rsatmalari hamda ishga tegishli boshqa dalillar bilan tasdiqlandi. Shunday qilib, sudlanuvchilar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan aybdor deb topilib, uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm etildi.

Tahririyatdan: shuni alohida ta’kidlab o‘tish joizki, farzand tarbiyasiga, uning ruhiy holatiga, o‘zini tutishiga, xatti-harakatiga birinchi navbatda ota-ona javobgardir. Ayniqsa, balog‘at yoshidagi qizni kuchliroq nazorat qilish, unga kerakli vaqtda maslahat berish, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish talab etiladi. Farzandlar tarbiyasiga bee’tibor bo‘lmang.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qizning nomusiga tekkan ellik yashar "bo‘ydoq" qizning otasi tomonidan «samosud» qilindi