15:43 / 21.07.2019
3 486

Ish haqi oshdi va... jarimalar ham

Ish haqi oshdi va... jarimalar ham
Farmon bilan 2019 yil 1 avgustdan boshlab byudjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar hamda nafaqalar miqdori o‘rta hisobda 1,1 (10 foiz) baravar oshirildi.

2019 yilning 1 avgustidan boshlab O‘zbekiston hududida eng kam:
- ish haqi – oyiga 223 000 so‘m;
- yoshga doir pensiyalar – 436 150 so‘m;
- bolalikdan nogironlarga beriladigan nafaqa – oyiga 436 150 so‘m;
- zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa oyiga 267 650 so‘m miqdorida belgilandi.

Ota-onaga ham aliment to‘lanadi
– Bir kishini bilaman. Yolg‘iz o‘g‘il bo‘lsa-da, ota-onasini qarovsiz tashlab qo‘ygan. Shaharga ko‘chib ketgan, ota-onasidan umuman xabar olmaydi. Chol-kampirning ahvoli ancha og‘ir. Ota-onasini qarovsiz qoldirgan mana shunday kimsalarga qonunchilikda qanday jazo bor?
Ch. Karamirzoyev,
Denov tumani

– Qonunchilikka ko‘ra, voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalar mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj o‘z ota-onasiga ta’minot berishlari va ular to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishlari shart, deyiladi Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» telegram kanalida.

Ota-onasining davlat va nodavlat muassasalari qaramog‘ida ekanligi voyaga yetgan mehnatga layoqatli bolalarni ota-ona haqida g‘amxo‘rlik qilish va ularga moddiy yordam ko‘rsatish majburiyatidan ozod qilmaydi.

Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalar o‘z ota-onasiga ixtiyoriy ravishda moddiy yordam berishdan bo‘yin tovlasalar, ota-ona talabiga ko‘ra ta’minot sudning hal qiluv qaroriga asosan belgilanadi.

Bunda ota-onaga aliment miqdorini belgilashda sud voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bola­larning barchasini hisobga olishi lozim.

Qonunchilikka muvofiq jarima huquqbuzarlik aniqlangan vaqtdagi belgilab qo‘yilgan eng kam ish haqidan kelib chiqqan holda belgilanadi. 2019 yil 1 avgustdan eng kam ish haqining 10 foizga oshishi belgilandi. Shunga ko‘ra, turli ma’muriy jarimalarning miqdorlari ham 2019 yil 1 avgustdan 10 foizga oshadi.

Bunda, jarimalar huquqbuzarliklar sodir etilgan vaqtdagi eng kam ish haqi miqdori bo‘­yicha to‘lanadi. Masalan, 28 iyul kuni haydovchiga transport vositasida harakatlanishda telefondan foydalanganligi uchun ma’muriy bayonnoma tuzildi. 1 avgustdan jarimalar miqdori o‘zgarishiga qaramasdan, mazkur haydovchi 60 kun ichida 28 iyulda amalda bo‘lib turgan jarimani (608 190 so‘mni) to‘lashi lozim bo‘ladi.

Chiqindilar tashlashga joy yetarlimi?
Quyidagi joylarda majburiy tartibda chiqindi qutilari o‘rnatilishi lozim:
- ko‘p kvartirali uylarning pod’ezdiga kirish yo‘lida – 1 ta;
- tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, tashkilotlar, shuningdek, savdo ob’ektlarining binosiga kirish (chiqish) yo‘lida – 1-2 ta;
- metro, yer osti va yer usti o‘tish joylarining har bir kirish (chiqish) yo‘lida – 2 ta;

- aholining madaniy-maishiy ehtiyojlarini va hordiq chiqarishini qondirish uchun mo‘ljallangan ob’ektlarda (madaniyat va istirohat bog‘lari, o‘rmon massivlari, bog‘lar, bulvarlar, skverlar, xiyobonlar va boshqalar) – ob’ektning har 800 m2 maydonida 1 ta va yo‘laklar va yo‘lkalar chizig‘i bo‘ylab o‘rnatilganda bir-biridan 40 metrdan uzoq bo‘lmagan masofada;

- bozorlar va savdo ob’ektlarida (supermarket, gipermarket va boshqalarda) – ob’ektning har 250 m2 maydonida 1 ta va savdo do‘konlari qatori bo‘ylab o‘rnatil­ganda – bir-biridan 10 metrdan uzoq bo‘lmagan masofada;

- jamoat yo‘lovchi transport bekatlarida – 1-2 ta;
- avtoturargohlar va avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash maydonchalariga kirish (chiqish) yo‘lida – 1-2 ta;
- davolash muassasalarining hovli hududida – ob’ektning har 700 m2 maydonida 1 ta, asosiy alleyalarda esa – bir biridan 10 metrdan uzoq bo‘lmagan masofada;
- chekish uchun maxsus ajratilgan joylarda – 1-2 ta;
- plyajlar va suv akvatoriyalari (daryolar, ko‘llar, ko‘rfazlar yoki hovuzlar)ga tutash rekreatsiya zonalarida – suv bo‘linishidan 15 m. hamda yashil ekinlardan 3 – 5 m. uzoqlikda joylashtirgan holda, ob’ektning har 800 m2 maydonida 1 ta;

- ko‘p kvartirali uylar atrofidagi hududlarda va markaziy maydonlarda, yo‘lkalarda hamda magistral ko‘chalarning piyodalar zonasi bo‘ylab, shuningdek, ko‘prik­larda – hududdan foydalanish intensivligidan kelib chiqib, piyodalar serqatnov hududda – har 50 metrdan oshmagan masofada va odam kam joylarda – har 100 metrdan oshmagan masofada 1 tadan.

Yosh oilalarga qanday maqsadlar uchun kredit beriladi?
Yosh oilalarga quyidagi maqsadlarda mikrokreditlar beriladi:
- oilaviy tadbirkorlikni tashkil etish uchun;
- mikrofirmalar, kichik korxonalar, oilaviy korxonalar, fermer xo‘jaliklari, shuningdek yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan dehqon xo‘jaliklari dastlabki (boshlang‘ich) sarmoyasini shakllantirish uchun;
- yakka tartibdagi tadbirkorlik, mik­rofirmalar, kichik korxonalar, oilaviy korxonalar, fermer va dehqon xo‘jaliklarini kengaytirish va rivojlantirish uchun.

Kreditlar quyidagi imtiyozli shartlar asosida beriladi:
- oilaviy tadbirkorlikni tashkil etish uchun mikrokreditlar bo‘yicha foiz stavkasi Markaziy bankning amaldagi qayta moliyalash stavkasidan ortiq bo‘lmagan miqdorda o‘rnatiladi;
- ipoteka kreditlari uch yillik imtiyozli davr bilan foiz stavkasi Markaziy bankning amaldagi qayta moliyalash stavkasidan ortiq bo‘lmagan miqdorda belgilanadi;
- moliyaviy iste’mol kreditlari olti oylik imtiyozli davr bilan foiz stavkasi Markaziy bankning amaldagi qayta moliyalash stavkasidan ortiq bo‘lmagan miqdorda belgilanadi.

Adliya vazirligining
«Huquqiy axborot» telegram kanali materiallari asosida tayyorlandi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ish haqi oshdi va... jarimalar ham