16:12 / 21.07.2019
4 362

Bozorda so‘layotgan chinni gul

Bozorda so‘layotgan chinni gul
U kimningdir onasi, kimningdir singlisi. Biroq aybdori kim?

U yollanma ishchi bo‘lib dalada ishlaydi. Uyda uchta bolasi va eri bor. Yaxshiyam baxtiga qizi bu yil tibbiyot kollejini bitiradi, hademay yoniga kiradi. Nasib bo‘lsa, uning oylik yo‘l chiptasi, tushligi, kollejdan vaqt bemahal pul so‘rashlar-u «yig‘di-yig‘di»lardan ham qutiladi. Eri esa qayerga ishga borsa, uch kunda haydalmoqda.

Bolalarini va erini boqish uchun bechora ayol boshqa ayollardan ham ko‘proq mehnat qiladi. Eng muhimi sidqidildan, toza va sifatli ishlaydi. U har kuni uyiga yegulik ko‘tarib borar, bundan tashqari bolalariga kiyim-kechak, ro‘zg‘orga kerakli buyumlar, eriga sigaret, soqol va mo‘ylovini qirtishlashga ustarayu sovun ham esdan chiqmaydi. Barcha to‘lovlar ham uning gardanida. Vaqtida to‘lash­ga harakat qiladi, chirog‘ini o‘chirib ketish­­laridan doim xavotirda, bechora.

Istarasi issiq bu ayol uchun bolalarining bekamu-ko‘stligini ko‘rish olam-olam quvonch bag‘ishlaydi. U sahar turib kechqurun qorib qo‘ygan xamirni zuvala qilishga unnaydi, tandirga o‘t yoqadi. Qizi esa tongda tovuqlarga don sochib, hovli supuradi. Ayol sigirni sog‘ib kelib, nonushta tayyorlashga unnaydi, so‘ng bolalarini kiyin­tirib, hali uxlab yotgan eriga quymoq pishiradi. Quymoqni va choynak ustini yopib tezgina ishga jo‘naydi...

Ishdan kelib gulu rayhon­larga suv quyadi, tomorqaga kirib, jo‘yak ichiga sho‘ng‘iydi. Bu erning parvoyiga ham kelmaydi, go‘yo hammasi shunday bo‘lishi kerakdek. Televizorda futbolni tugatib, ovqatlanib olgandan keyin Rossiya kanallaridan beriladigan ishq-muhabbat haqidagi kinoni ko‘rish uchun yonboshlaydi. Bechora ayol rus tilini tushunmay, kino ko‘rayotgan erining yonida biroz o‘tiradiyu mudrab uxlab qoladi. Televizorni o‘chirib yotoqxonaga kirgan eri, oftobda kuygan, qo‘llari ketmon dastani mahkam ushlagandan qabarib ketgan, butun vujudidan tuproq va dala-dashtlarning hidi kelayotgan ayoldan nariroq suriladi...

Ertalab tong otgach, yana uning odatdagi tashvishlari boshlanadi. Har kun ayol ishga ketishdan oldin oshxonaga kirib bugun yog‘ bilan guruch olib kelishim kerak yoki tuz, choy, makaron qolmabdi, deya ro‘zxorxaltani bir ko‘zdan kechirib oladi. Qora mehnatdan hali qirqqa kirmagan ayolning a’zoi badani qorayib, kichrayib, sochlari, tishlari to‘kila boshlagan. Ammo ayol bunga e’tibor bermaydi. Butun borlig‘i bilan ishlab, ro‘zg‘or degan g‘orning kamchiligini to‘ldirishga harakat qiladi.

«Yaxshiyam qo‘limda hunarim bor. Harna-da, ro‘zg‘orga qo‘shimcha uch-to‘rt so‘m», deya o‘z-o‘zidan mamnun bo‘ladi. Kechalari uxlamay qo‘ni-qo‘shnidan buyurt­ma olib tikadi. Yon qo‘shnisi uning dugonasi, hatto bir kunda tug‘ilishgan. Kecha qo‘shni ayol kelib «Aylanay dugonajon, shuni ertaga bitirib bering, ertaga tug‘ilgan kunim, erim tikdirib kiyib ol, deb sovg‘a qilgan» deya qimmatbaho matoni qo‘liga tutqazdi. Ayolning yuragi jig‘illab ketdi, axir o‘zining ham tug‘ilgan kuni-ku! Qo‘shni dugonasi chiqmasa, esida ham yo‘q. Ayol dugonasining ko‘ylagini uxlamasdan tikib chiqdi va ertalab uning ko‘ylagini kiyib oynaga qaradi. Yangi ko‘ylak ayol husniga o‘n husn qo‘shgan edi. Qizini chaqirdi-da, ko‘ylakni berib yubordi. Keyin... keyin negadir rosa ezilib yig‘ladi.

Ayol ishga ketyapti, egilib ketyapti, ezilib ketyapti. Axir, bugun uning tug‘ilgan kuni. Ayol ishlayapti, berilib ishlayapti. Oftob kuydirib yuborgan yuzida g‘amginlik, quyosh tig‘i uchlarini ikki bo‘lib tashlagan sochlarining tolalarigacha g‘amgin, terlaganidan uvib yelkasiga yopishgan ko‘ylagining uniqqan rangigacha g‘amgin. Negadir bugun shunday boshqacha u.

Ayol ishdan qaytyapti. U bozorga kirib ro‘zg‘origa kerakli bo‘lgan hamma narsani oldi. Kutilmaganda kabob olib yegisi, o‘zini xursand qilgisi keldi. Kabobpaz olib kelgan sixdagi go‘shtdan bir tishladiyu, ko‘zi bozorning o‘ng tomonidagi gul do‘koniga tushdi. Ayol qizil chinni gullarni yoqtirardi. U og‘zidagi kabobni bazo‘r chaynadi va o‘ziga o‘zi «Tug‘ilgan kuning muborak bo‘lsin», deb yig‘lab yubordi. Ayol kabobni boshqa yeya olmadi. U go‘shtni nonning orasiga qo‘yib, yelimxaltaga o‘radi-da, bozor so‘mkasiga soldi. Qo‘lidagi og‘ir so‘mkalari bilan gul do‘koniga kirmoqchi bo‘ldi, ammo oyog‘idagi tagi yedirilib ketgan shippagidanmi, qorayib ketgan qo‘llaridanmi, xullas, yurish-turishidan xijolat bo‘lib kirmadi. O‘zining ko‘rinishi gul do‘koniga yarashmasligidan uyaldi.

U gul do‘koni yonidan o‘tayotib dimog‘iga urilgan muattar bo‘ylardan entikib ketdi. «Tug‘il­gan kuning muborak bo‘lsin», – dedi o‘ziga o‘zi pichirlab. U uyiga borib bolalariga osh qilib berdi. Hamma xursand bo‘lib yedi. Ammo bu xonadonda, bu dunyoda hech kim uni tabriklamadi...

Kecha qaynota va qaynonasi keldi. Kelin bo‘lib tushganidan keyin o‘n bir yil ularning xizmatini qildi. Kelinining hech qachon tovushi baland chiqmagani uchun qaynona va qaynota uning nomini «ipak kelin» qo‘yishgandi. «Ipak, biz sendan mingdan ming rozimiz, bolalaringni tarbiyasi ham hamma havas qilgudek, ammo biz o‘g‘limizning uzzu kun uyda o‘tirishidan xijolatdamiz. Bir nima desak «Boshqalarning ota-onasi tagiga mashina olib berib qo‘yibdi.

Hozir bitta mashina bo‘lganida men ham tirikchilik qilib pul ishlardim» deydi. Ipakoy, sening ukang mahallasidagi beli baquvvatlardan biz yarim pulini bersak, ukangdan qarzga deb yarim pulini olsang, shu eringga bitta mashina olib bersak-da, kira qilib senga yordam qilsa», de­yishdi. Ayol o‘ylanib-o‘ylanib rozi bo‘ldi. Chunki eng og‘ir kunlarida uni ukasi qo‘llab turadi. Qizi tibbiyot kollejiga o‘qishga kirayotganida shu ukasi xotinidan bekitib sakkiz yuz dollar bergan.

Ikki o‘g‘lini yaxshi maktabga joylashtirish uchun shu ukasi besh yuz dollardan berib, yordam qilgan edi. Hademay qizi o‘qishni bitirsa uni shifoxonaga ishga joylashtirish uchun ham shu ukasidan boshqa kimga bosh egib boradi?..

U ukasinikidan g‘amgin bo‘lib qaytdi. Ukasi pul bermagani uchun eri uni rosa kamsitdi va jahl bilan chiqib ketdi...

Ayol og‘ir moddiy yetishmovchilik va ruhiy iztiroblar girdobida qoldi. Eri bir yildan buyon ko‘rinmay qo‘ygani uchun qo‘shnilar ham «Hoy aylanay eringiz hech uyga keladimi?», «Anavi kuni bir ayol bilan ko‘rishibdi, u ayol kim?», – deya so‘raydigan odat chiqarishdi...

Qizi o‘qishni bitirish arafasida yig‘lab kelib, kollejdagi voqealarni aytib berdi:

«Guruh rahbarimiz diplom ish uchun 350 ming so‘mdan pul so‘rayapti. Diplom ishini o‘zi yozib berar emish. Biz besh o‘quvchi o‘zimiz yozamiz dedik. O‘qituvchimiz alohida xonaga kirgizib qattiq gapirdi. Bir kursdoshimning ota-onasi sutini sog‘ib ichib turgan sigirini sotib pul berdi. Biriniki qo‘yini sotdi. Birisining onasi ulgurji bozorga chiqib uch kunda 350 ming so‘m topib berdi. Xullas, pulsiz ish bitmas emish.

Ayol qattiq iztirob chekdi. Ammo sezdirmadi, yuziga chiqarmadi. «Mayli qizim, tashvishlanma. Anavi ulgurji bozorga chiqadigan dugonang oyisi bilan men ham endi ulgurjiga chiqaman. Sen darsgacha qarashsang bo‘ldi», dedi masalaga yechim topganidan o‘zicha mamnun bo‘lib...

Ona-bola tong sahar uchda boshlanadigan ulgurji bozorda poyabzal sota boshlashdi. Birinchi kuni bu g‘ala-g‘avur bozor hayotiga ko‘nikishi qiyin kechdi. Ammo, bir kunda 109 ming so‘m foyda qilishdi. To‘rt kunda qizining diplom ishiga 350 ming topib berdi. Xullas, u endi savdo-sotiq ishida ham halol­ligi va chaqqonligi bilan o‘rnini topdi. Ammo it tinsa tindi, qush tinsa tindi, faqat u tinmadi...

Bugun tunda yana non yopdi. Yaxshi uxlamagan bo‘lsa-da tong otmasdan bozorga jo‘nadi. Ammo to‘satdan bir yuk arava uni urib yubordi, ayol bor bo‘yi bilan yiqildi. U yiqildi, uning yonida turli poyabzallar, turli oyoqlar o‘tar edi. U shu holatida o‘zi yoqtirgan bir dona chinni gulning bandidan uzilib oyoqlar ostida yotishiga o‘xshar edi. Negadir uning boshidan qon oqardi. Yaxshi odamlar «Shoshilinch yordam» mashinasini chaqirishdi. Hushidan ketgan ayolni shifoxona qabulxonasidan xirurgiya bo‘limiga o‘tkazishdi. Unga kasallik varaqasini yozayotgan qiz sekingina «Bugun uning tug‘ilgan kuni ekan», – deb qo‘ydi. Ha, bugun uning tug‘ilgan kuni buni hech kim bilmaydi, hatto o‘zi ham...

Sizningcha, bu ayol kim? Shifoxonaga keltirilgan bu ayol balki mening opamdir. Bugun tug‘ilgan kuni ekanini bilmaydigan bu ayol balki sizning onangizdir.

Kimningdir onasi, kimningdir singlisidir. Kim bo‘lmasin u halol inson. Ipakdek muloyim, qalbi toza, qizil chinni gullarni yaxshi ko‘radigan ayol bu...
Zulfiya MO‘MINOVA

Manba: "Oila davrasida"

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bozorda so‘layotgan chinni gul