07:43 / 22.07.2019
2 965

Murod Muhammad Do‘st: «Saviyani savlat bilan belgilash zamoni o‘tdi»

Murod Muhammad Do‘st: «Saviyani savlat bilan belgilash zamoni o‘tdi»
Foto: "Kino san’ati"
Taniqli yozuvchi Murod Muhammad Do‘st «Kino san’ati» jurnali bilan suhbat qilibdi. Suhbatda yozuvchi kino sohasi haqida gapirib, bugungi ijtimoiy voqelikka ham munosabatini bildirib o‘tgan.

«Kinoga oralashni atay orzu qilmaganman. Taqdir ekanki, avval chetroqdan, keyinroq bevosita aralashuvga to‘g‘ri keldi. Xabar sohasida tinchgina ishlab yurgan paytimda marhum kattamiz chaqirib, kinoga o‘tishni so‘radi. Takrorlayman: buyurgani yo‘q, so‘radi. Avvaliga ko‘nmadim, lekin Islom Karimov mening nozik joyimdan tutdi: “millat” deb karillashga ustasan, o‘sha yerga borib, milliy kino qilmaysanmi? Men ham anoyi emasman, darrov aniqlovchi savolni berdim: ortiqcha nazoratsiz, erkin ishlashga kafolat berasizmi? Xullas, og‘zaki kafolatni ko‘ngilga solib, kinoga o‘tdim», – deb eslagan yozuvchi.

Murod Muhammad Do‘st rahbarlarning jur’ati haqida gapirarkan, bir latifani misol qilib keltirgan: «Ibratli bir latifa borki, g‘ijjakchi yahudiy o‘zining eshoni, ya’niki ravvin yoniga kelib, bugun – muborak shanba, lekin g‘ayridin do‘stim aksiga olib ayni shanbada uylanayapti, kechqurun to‘yda mehmonlariga ozgina nag‘ma chalib bersam bo‘ladimi deb so‘raydi. Ravvin aytadiki, yo‘q, shanba kuni ishlash kulli gunoh, faqat ibodatga ruxsat bor. Rebbi, o‘zingiz shanbada soqol qirtishlab o‘tiribsiz-ku deya e’tiroz bildiradi bechora g‘ijjakchi. Shunda ravvin aytadiki, bo‘tam, farqimiz shundaki, men birovlardan ruxsat so‘rab o‘tirmayman... Biz ham birovdan ruxsat ham, maslahat ham so‘rab o‘tirmaganmiz. Filmlarni faqat badiiy kengash qabul qilgan va ekranga yo‘llagan. Boshqa birorta tashkilot ishimizga aralashmagan».

Yozuvchi ko‘p narsa rahbarlarga bog‘liq ekaniga urg‘u bergan: «Bugun erinmagan odam borki, milliy televideniyeni yozg‘iradi. Sheva bosib ketdi, ajnabiy seriallar ko‘p, nimyalang‘och laparchilardan dod va hokazo va hokazo. Go‘yo televideniyega tekkan kasalni tuzatib bo‘lmaydiganday. Tuzatsa bo‘ladi. Tuzatish oson. Ko‘p narsa rahbarlarga bog‘liq. Og‘riqli joylarni topib, davolashni talab qilsa bas. Lekin og‘riqli joyni topish uchun avvalo tuzukroq saviya, didu farosat va ozgina jur’at kerak».

Yozuvchi siyosiy elita tushunchasiga ham izoh berib ketgan: «Siyosiy elita – aslida o‘ta yuksak tushuncha. Tepaga chiqqan har qanday guruh o‘zini “elita” sanashi mumkin, lekin bu bilan sara (elite – cara, eng yaxshi) bo‘lib qolavermaydi. Saviyani savlat bilan belgilash zamoni o‘tdi. Darvoqe, “saviya”ning mazmuni “tenglik”dir. Shu ma’noda xudodan siyosat ahliga ham, san’at ahliga ham didu farosat borasida tenglik tilagan ma’qul».

«Bugun, demokratik tamoyillar kurtak yorib, odamlar bemalol fikrlash va gapirishni qaytadan o‘rganayotgan paytda “O‘rtoq Boykenjayev” yoki “Okaxon” kabi filmlar televizorda namoyish qilinsa, o‘ziga yarasha tomoshabin topadi degan umidim bor. Meni turli okaxonlarning odamlar ongiga in qurgan virtual saltanatidan ko‘ra real hokimiyat va real jamiyat mavzusi ko‘proq qiziqtiradi. Kechagi kunni va bugunni, ya’ni eski saltanat tugab, yangicha rusumlar joriy etmoq istagan yangi siyosatchilar guras-guras bo‘lib maydonga chiqayotgan zamonni badiiy idrok etishga ehtiyoj borday. Xudo umr bersa, kinoda emas, nasrda o‘zimni yana bir sinash niyatim bor», – degan yozuvchi.

Suhbatda sobiq amaldor marhum prezidet Islom Karimovni ham eslab o‘tadi: «Islom Karimov rassom Rahim Ahmedovning ashaddiy muxlisi edi. Eng yaxshi ko‘rgani – “Ona portreti”. Bu mehr uning izmi bilan maydonga qo‘yilgan Ona haykalida ham o‘z aksini topgan (bir-biriga o‘xshash motamsaro onalarning urchib ketganiga Islom Karimov emas, xushomadgo‘y viloyat hokimlari va pulga o‘ch haykaltarosh ustalar aybdor)».

Murod Muhammad Do‘st madaniyat va san’at ta’limini chet elliklarga berib qo‘ymaslik zarurligini ta’kidlagan:

«Eshitishimcha, yangi rahbariyat kinoga yaxshi ko‘z bilan qarayotgan ekan. Hattoki orqavarotdan alohida milliy kinoakademiya ochilarmish degan yoqimli gaplar ham yetib kelayapti. Yana bir el oralab yurgan gap, ya’niki Moskvadagi kino institutining mahalliy filialini ochish masalasiga to‘xtalsak, bu ishni qilishdan oldin ko‘p va xo‘b o‘ylab ko‘rish kerak. Balki moliya, bank, qurilish yoki konchilik sohasida xorijiy o‘quv yurtlarining filiallarini ko‘proq ochish kerakdir.

Lekin dabdurustdan ko‘ngilchanlik qilib, bevosita milliy mafkura va mentalitetga borib taqaluvchi madaniyat va san’at ta’limini ham xorijiy yurtlar vakillari qo‘liga berib qo‘ysak, natijasi xunuk bo‘lmasmikan degan istihola bor. Biz xohlaymizmi-yo‘qmi, baribir ular yoshlarimiz ongiga o‘z madaniyatini, alal-oqibatda esa o‘z mafkurasini singdirishi tayin. Tajribamiz yetar-yetmasidan qat’i nazar, yoshlarga san’atdan o‘zimiz ta’lim berishimiz shart deb o‘ylayman», – degan yozuvchi.

Manba: Minbar.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Murod Muhammad Do‘st: «Saviyani savlat bilan belgilash zamoni o‘tdi»