22:10 / 21.07.2019
3 237

Svetsiz qolish navbati endi Toshkent aholisiga keldimi?

Svetsiz qolish navbati endi Toshkent aholisiga keldimi?
O‘zbekistonda jazirama ob-havo kuzatilayotgan bir paytda Toshkentning turli mavzelari bo‘ylab elektr ta’minotining uzilib qolishidan shikoyatlar ortib bormoqda. Bu holatga nima sababchi: jazirama, mas’ullar beparvoligi yoki iste’molchilarning o‘zi?

O‘zbekiston viloyatlari so‘nggi 20 yildan beri elektr energiyasi taqchilligidan qiynalib keladi.

Mamlakatda elektr quvvati yetishmasligidan, ayniqsa qish mavsumida millionlab odamlarni soatlab, hatto kunlab svetsiz qoldirish orqali elektrni tejashga uriniladi.

Imkoni yetarli ba’zi o‘zbekistonliklar esa qish kunlarini svet bilan bekamu ko‘st ta’minlangan Toshkentda o‘tkazishga odatlangan.

Ammo so‘nggi ikki-uch yildan buyon hattoki Toshkent aholisi ham yoz oylarida elektr ta’minotining tartibsiz uzilib qolishi muammosi bilan yuzlashmoqda.
Bunga asosiy sabab sifatida poytaxtga elektr quvvati yetkazuvchi liniyalarning eskirib ketgani, aholi yashaydigan mavzelardagi transformator punktlarining shiddat bilan ortib borayotgan ehtiyojga bardosh bera olmayotgani ko‘rsatiladi.

Mavzelardagi eskirgan elektr simlari va transformatorlar aholi tobora ko‘proq sotib olayotgan konditsioner kabi katta quvvat talab etuvchi maishiy texnikalarni ta’minlashga qodir emasligi aytiladi.
Ayniqsa harorat 50 darajaga qadar yetayotgan 2018 va 2019 yil yozida toshkentliklar svetsiz qolish qanday bo‘lishini yanada chuqurroq his etmoqda.
Toshkentning qator tumanlari aholisi ayniqsa tush payti elektrning uzilib qolishi ortidan issiqdan qiynalayotganini aytib, shikoyat qilmoqda.

«Odamlarga tushuntirishning iloji yo‘qmi?»
«Bu yerda "O‘zbekenergo" vakillari yoki shunday jazirama kunlarda elektr quvvati biror sababsiz uzilib qolishining oldini olishga mas’ullar bormi? Shahar dispetcherlik xizmatiga tushib bo‘lmaydi. Qachongacha bunday betartiblik davom etadi?! Ayting-chi, biz 20-asrga qaytayapmizmi? Hokimiyatning choralari qayerda qoldi? Ishonch telefoniga qilingan qo‘ng‘iroqlarga nega javob berilmaydi?», – yozadi «Facebook»dagi «Potrebitel.uz» guruhida bir foydalanuvchi.

«Ikkinchi kundirki, svet yo‘q. Issiqqa chidab bo‘lmayapti, uyda esa bolalar bor. Mayli, hammamiz ham insonmiz va texnika ham ishdan chiqishi mumkin, lekin insoniylik haqqi-hurmati buni odamlarga tushuntirishning iloji yo‘qmi? Avariya raqamlariga qo‘ng‘iroq qilayapman – doim band. To‘lovni undirishda birinchisizlar, nahotki o‘z abonentlaringizga hurmat bilan muomalada bo‘lishning iloji bo‘lmasa?», – deb shikoyat qiladi Mirzo Ulug‘bek tumanida istiqomat qiluvchi boshqa bir foydalanuvchi.

Shuningdek, ko‘plab odamlar kuchlanishning pasayib ketganidan hatto stabilizatorlar ham maishiy texnikalarning barqaror ishlashini ta’minlab bera olmayotganini aytmoqda.

Bundan tashqari poytaxtda svetning to‘satdan o‘chib qolishi tufayli jonlantirish bo‘limlari va tug‘ruqxonalar qiynalayotgani to‘g‘risida xabarlar chiqmoqda.

Chakana savdo bilan shug‘ullanuvchi kichik do‘kon egalari esa uzoq vaqt svetning yo‘q bo‘lishi dastidan muzlatkichlarda saqlanuvchi mahsulotlarning buzilib qolayotganini ma’lum qilmoqda.

«Kun bo‘yi chiroq bo‘lmadi. Sotishimiz kerak bo‘lgan muzqaymoqlarning yarmidan ko‘pi qiyshayib, xaridor olmaydigan ahvolga kelib qoldi», – deydi Chilonzor tumanidagi do‘kondorlardan biri.

Ta’minotning uzilishi simli internetning ishlashiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Qo‘shni mavzesida svet o‘chgan odamlar ta’minot qayta tiklangunga qadar internetsiz o‘tirishga majbur bo‘lmoqda.

Javobsiz qo‘ng‘iroqlar
Bi-bi-si o‘zbek muxbiri poytaxtda muntazam tus ola boshlagan svet o‘chib qolishi sabablarini bilish maqsadida «Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi»ga sim qoqdi.

Biroq kompaniya rasmiy saytida ko‘rsatilgan yagona telefon raqamiga qilingan davomsiz qo‘ng‘iroqlarga hech kim javob bermadi.

Rasmiy saytda yozilishicha, ushbu kompaniya «iste’molchilarni shartnomalarga muvofiq hajmda va limitlarda ishonchli va uzluksiz ravishda elektr energiyasi bilan ta’minlash» va «elektr tarmoqlaridan to‘g‘ri foydalanishni hamda ularning energotizimining ishlash samaradorligini oshirishga qaratilgan rivojlanishini ta’minlash»ga mas’uldir.

Hokimiyat tepasiga kelish arafasida prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatda yuqori darajadagi elektr energiyasi taqchilligi mavjudligini tan olgan edi.

Prezident Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturida, jumladan, shunday degan:

«...mamlakat bo‘yicha 67 foiz past kuchlanishli elektr tarmoqlari eskirgan bo‘lib, transformator punktlari zo‘riqib ishlamoqda. Dastur doirasida elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini yanada oshirish, 25 300 kilometr past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yangidan qurish va rekonstruksiya qilish, 5600 ta eskirgan transformator podstansiyasini almashtirish nazarda tutilmoqda».

2017 yilda esa prezident Mirziyoyev 2017 yildan 2021 yilga qadar O‘zbekiston gidroenergetikasini yanada rivojlantirish choralariga bag‘ishlangan qarorga imzo chekkan.

Qarorga binoan 2021 yilgacha mamlakatda ishlab turgan 32 ta GESni yangilash va yana 42 ta yangi GES barpo etish ko‘zlangan.

Manba: Minbar.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Svetsiz qolish navbati endi Toshkent aholisiga keldimi?