12:27 / 22.07.2019
7 891

Katta karvon yo‘ldan adashmas yoxud Birinchi Prezidentimizning suyangan tog‘lari

Katta karvon yo‘ldan adashmas yoxud Birinchi Prezidentimizning suyangan tog‘lari
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, yozuvchi To‘lqin Eshbekning «Katta karvon yo‘ldan adashmas yoxud Birinchi Prezidentimizning suyangan tog‘lari» sarlavhali maqolasi UzA saytida e'lon qilindi.

Maqolada davlat va jamoat arboblari, Ismoil Jo‘rabekov va Bo‘ritosh Shodiyeva, shuningdek ijtimoiy tarmoqlarda bu shaxslarning faoliyatiga oid muqaddam e'lon haqida so‘z yuritiladi.

G‘oyat ulkan, zalvorli karvon!

Mustaqilligimiz asoschisi deya e'tirof etilgan Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov bu karvonga roppa-rosa 27 yil sarbonlik qildi. Dastlabki davr – 1989-1991 yillar benihoya og‘ir va xatarli damlar edi. Sobiq ittifoqda hech bir respublika rahbari o‘zi bilganicha yoki xohlaganicha siyosat yurgizishi mumkin emasdi. Karvonning jilovi Moskvada edi…

Shunday og‘ir va murakkab zamonda Islom Abdug‘anevich juda katta jasorat va siyosiy mahorat bilan O‘zbekistonni istiqlol sari boshlab keldi.

Shu o‘rinda ikkita mulohaza.

Birinchisi, rahmatli Sharof Rashidovdan keyin O‘zbekiston ancha yillar rahbarga yolchimay qolganini ko‘rib, aziyat chekkan edik. Xudo ko‘rsatmasin, o‘sha tahlikali o‘tish yillarida kunimiz nomunosib kimsalarga qolganida bormidi… Bunday mustaqil davlat, dorilomon hayotni tushimizda ham ko‘rmasmidik…

Ikkinchisi, O‘zbekistonni istiqlol sari boshlashdek g‘oyat zalvorli ishni birgina shaxs bilan bog‘lamasligimiz kerak. Bitta shaxs hamma muammoni yolg‘iz o‘zi hal etolmasligi kunday ravshan. Respublika yetakchisi bo‘lgan Islom Karimov atrofida, qolaversa, Qoraqalpog‘istondan tortib barcha viloyatlarda yuzlab rahbar-kadrlar, mutasaddilar, deputatlar, ziyolilar, yozuvchi-shoirlar ham yeng shimarib kurashganlarini yaxshi bilamiz. Faqat, mustabid tuzum davridan qolgan aqida: jamiyatdagi barcha islohotlar, bunyodkorlik va boshqa yutuqlarni birinchi shaxs nomi bilan ulug‘lab gapirish «odati» qolmagandi.

Demak, hayot haqiqati shu: barcha muvaffaqiyatlarni ham, xato-kamchiliklarni ham bitta shaxs nomi bilan bog‘lamasligimiz kerak.

Istiqlolga erishgach, faxrlansak arziydigan yutuqlarimiz ko‘payib borardi. Faqat, bu bunyodkor xalqimizning mehnatlari evaziga bo‘layotganini, har bir soha yetakchisining ulushi, hissasi qay darajada bo‘layotganini aytish «odati» yo‘q edi.

Aytaylik, mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirishda Ismoil Jo‘rabekovning xizmatlari qanchalik ulkanligini yaxshi bilardik. Oddiy odamlar orasida u kishi haqida «Prezidentning eng ishongan kadri» degan fikr yurardi. Biroq, bu ulug‘ siymoni ibrat qilib ko‘rsatadigan biror ocherk yoki maqola yozilganini bilmayman.

Yana bir ulug‘ siymo – Bo‘ritosh Shodiyevani ham butun xalqimiz yaxshi bilar, hurmat qilar, ko‘pchilik haqli ravishda faxrlanardi. 1999-2000 yillarda men Oliy Majlis binosi birinchi qavatida joylashgan Markaziy saylov komissiyasi Matubot guruhida faoliyat ko‘rsatgan davrimda ko‘p deputatlar faoliyatini yaqindan o‘rganib, hatto «O‘zbekistonda qonun chiqaruvchi hokimiyatning jamoatchilik bilan aloqalari va ommaviy axborot vositalari» degan mavzuda nomzodlik dissertatsiyasi ham yozib, himoya qilganman. O‘sha kezlarda Oliy Majlis raisining o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatgan Bo‘ritosh Shodiyeva haqida ham oddiy odamlar «Prezidentning eng ishongan kadri» degan fikrda edi. Afsuski, bu fidoyi opa haqida ham esda qoladigan ocherk o‘qimadim.

Vatan tarixi – shaxslar faoliyati bilan payvastadir. Demak, biz qaysiki davr haqida yozmaylik, so‘z yuritmaylik, albatta, o‘sha paytda kim nima ishni qoyil qilgani haqida ham xolis fikr yuritmog‘imiz lozim.

Kezi kelganda shunday siymolar haqida «Vatan arboblari» degan turkum ocherklar yozgim keladi va albatta yozaman ham!

Hozirgi katta avlod shuurida bir g‘alati hol «muhrlanib» qolgan. Birinchi rahbarni tirigida maqta, o‘lganidan keyin yomonla! Bu «an'ana» sobiq mustabid tuzum davrida «ijtimoiy voqelik» sifatida ongimizni «zabt» etdi. Stalinni qoralashdi, keyin Xrushchev, Brejnev, Andropov, Chernenkolarni o‘lganidan keyin yomonotiq qilishdi.

O‘zbekistonda ham vafotidan keyin Sharof Rashidovning qabrini bezovta qilishgacha borishdi… Uni «sharofrashidovchilik» deya kimo‘zarga yomonlaydiganlar urchib ketdi.

Hayot haqiqatini qarangki, o‘zbek xalqining buyuk farzandi, ulug‘ davlat va jamoat arbobi bo‘lgan Sharof Rashidovning nomi barhayot siymolar qatorida tarix zarvaraqlariga bitildi. O‘shanda akillagan kimsalar karvon ortidan hurib qolgan itdek o‘tmish chang-to‘zonlarida qolib ketdi!

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov vafotidan keyin xalqimiz yana shunday sinovlarni boshidan kechirmoqda. «Qoralash boshlansa» ustamonlar tosh otishga payt poylab turishgani sir emas… Kimnidir yomonlab, kimgadir yaxshi ko‘rinaman, deydiganlardan hech qachon yaxshilik chiqmaydi.

Mard va olijanob Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘z vaqtida Birinchi Prezidentimiz faoliyatiga bergan eng xolis siyosiy bahoni butun xalqimiz juda qoniqish bilan qabul qildi. Bu haqda yana bilishni istaganlar davlatimiz rahbarining «Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz» («O‘zbekiston», 2017 yil), «Milliy taraqqiyot yo‘limizni qat'iyat bilan davom ettirib, yangi bosqichga ko‘taramiz» (1-jild. «O‘zbekiston», 2017 yil), «Xalqimizning roziligi bizning faoliyatimizga berilgan eng oliy bahodir» (2-jild. «O‘zbekiston», 2018 yil) deb nomlangan kitoblaridan teran nigoh ila o‘qib olishlari mumkin.

Tagsarlavhamizni «Birinchi Prezidentimizning suyangan tog‘lari» deb yozgan edik. Xo‘sh, o‘sha tog‘lar kimlar edi, degan savolga endi muxtasar javob aytsak bo‘ladi. Yuqorida so‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuv bo‘lgan ikki siymo nomini tilga olgan edik. Agar ro‘yxatni ulardan boshlasak, bu yog‘i mubolag‘asiz – yigirma milliondan oshishi aniq! (Bu ro‘yxatga hali ona suti og‘zidan ketmagan yoshlarni sun'iy ravishda kiritmadik). Ular – 1989 yilda voyaga yetib, es-hushini tanigan avloddan tortib bugungi kungacha yurt ravnaqi yo‘lida halol mehnat qilib kelayotgan zamondoshlarimizdir.

To‘g‘ri, 27 yil mobaynida ko‘p ishlar qilindi. Biroq, qilishimiz zarur bo‘lgan ishlarimiz undan-da ko‘proq edi. Qaysidir mutasaddilarning loqaydligi bilan qator sohalarda turg‘unlik holati yuz berib, muammolar urchib ketgan. Mansabini suiiste'mol qilib, jinoyat botqog‘iga botganlar, korrupsiyani avj oldirganlar ham kam emas. Bu masalada ayon haqiqat shu: har kim o‘zi uchun javob beradi! Har bir jinoiy ishga qo‘l urgan mutsaddi qilmishiga yarasha o‘zi javob berishi shart.

Shundoq islohotlar izchil davom etayotgan bir pallada jamiyatimiz hayotini yanada murakkablashtirishga, odamlarda norozi kayfiyat uyg‘otishga chiranganlar Birinchi Prezidentimizning ruhini bezovta qilishga urinmoqda…

Shukrki, yurtimizdan millat g‘ururini, o‘tgan ajdodlar ruhini toptaydigan nomard chiqqani yo‘q! Hech qachon chiqmasa ham kerak! Faqat, yurtdan o‘zlaricha bosh olib ketgan to‘rt-beshta alamzada ijtimoiy tarmoqlar orqali bearmon yomonlab kelmoqda. Ularga nisbatan yurtimizda «It hurar, karvon o‘tar» maqoliga monand munosabatda bo‘lib kelinmoqda. Ular ming yomonlamasin, rahmatli Birinchi Prezidentimiz yomonotliq bo‘lib qolmaydi! Qolaversa, inson sha'ni qonun bilan himoyalanishini ham unutmaslik kerak. Har kim o‘z qilmishi, nojo‘ya gap-so‘zlari uchun bu dunyoi u dunyo javob berishi azaliy hikmatdir.

Aslida, ularning o‘zlari shu yurt, el uchun nima karomat ko‘rsatgan ekan, degan savolni dangal beradigan davr keldi. Xo‘sh, siz o‘z manfaatingizdan bo‘lak bu yurt uchun qanday ishni qoyil qildingiz?

Xo‘sh, o‘tib ketgan siymoni yomonlayotganlarning o‘zlari yaxshi odamlarmi? O‘zlari yaxshi bo‘lganida o‘tib ketgan insonni yomonlarmidi? Haqiqiy yaxshi inson hatto yomonni ham yomonlamaydi, degan hikmatga amal qilishmaydimi? Ularning gapiga ishonganlar nimaga erishishi mumkin? Aqlli insonlar umuman birovga tosh otmaydi, o‘tganning orqasidan yomonlamaydi, vassalom.

Ming qatla shukrki, kunimiz sizdaqalarga qolmagan!

O‘zbekistonda sizlardan ming chandoq aqlliroq, farosatli, ma'naviy yuksak insonlar sonmingta! Ularning har biri o‘sha 27 yil mobaynida o‘z burchini halol bajarib, jamiyat ravnaqiga baholi qudrat o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.

Sizchi?! Soddadil yoshlarni ongini zaharlashdan boshqa nimaga erishdingiz?

O‘sha murakkab davrni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, ulkan bunyodkorlik ishlarida javlon urgan katta avlodga mansub kishilar sizning fisqu-fasodingizni sariq chaqaga olgani yo‘q va olmaydi ham!

Jurnalistik kuzatuvim va o‘zimga yarasha fikrimga ega ijodkorman. O‘tgan davr mobaynida jamiyatimizda yuz bergan salbiy holatlar, korrupsiya va boshqa illatlar haqida ham yaxshi bilaman.

Yillar mobaynida paydo bo‘lgan muammolarni ijobiy hal etishga dadil kirishgan muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning islohotlarini butun xalqimiz sidqidildan qo‘llab-quvvatlamoqda! Davlatimiz rahbarining salbiy illatlarga qarshi kurashdagi matonatiga hamma birdek tan bermoqda.

Biz jamiyat hayotiga daxldor biror xatoni to‘g‘rilash yoki muammoni hal etish barobarida kimnidir yomonotliq qiladigan millat emasmiz.

Nima bo‘lsa asli naslida bo‘lgan, deganlaridek, bugun o‘tgan rahbarimizni yomonlaydiganlarning qoni shunaqa ekanligi ayon. Yomonlash ularning genida – urug‘ida bo‘lsa ajabmas. Ularning ota-buvasi bizning buyuk ajdodlarimizni yomonlab o‘tgan. Ertaga bugungi Vatan fidoyilarini xuddi shu zaylda yomonlashi shubhasiz. Shu o‘rinda quyidagi hikmatli satrlarni yodga olish o‘rinlidir:

Illat izlaganga illatdir dunyo,
G‘urbat izlaganga g‘urbatdir dunyo.
Kim neni izlasa, topgay begumon,
Hikmat izlaganga hikmatdir dunyo.


Yuqorida o‘zim yaxshi tanigan, bilgan ikki ulug‘ siymoning nomlarini bekorga tilga olmadim. So‘nggi paytlarda ba'zi ijtimoiy tarmoqlarda ular sha'niga bo‘lmag‘ur gaplar yozilayotganini ko‘rib hayron qoldim.

Ismoil Jo‘rabekov bilan suhbat qilgan jurnalist hamkasbimiz maqolasiga «Ko‘prik yoxud Prezidentning bajarilmagan topshirig‘i» deya sarlavha qo‘yishidan maqsadi – shov-shuvga o‘chroq o‘quvchilarning e'tiborini qozonish bo‘lgani sezilib turibdi-ku.

Bo‘ritosh Shodiyeva bilan suhbat qilgan hamkasbimiz ham «O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning maxfiy topshirig‘i» deb sarlavha qo‘yish bilan qanday maqsadni ko‘zlagani ayondir.

Har ikkala suhbatda ham Birinchi Prezidentimizning Oliy bosh qo‘mondon sifatidagi qirralari o‘ziga xos ravishda ochib berilgan xolos. O‘sha davrda uning suyangan tog‘lari bo‘lgan siymolar ham biror salbiy gap aytishmagan.

Ikkala suhbat ham endigina mustaqil davlat sifatida qaddini rostlayotgan O‘zbekistonimizni yovuz kuchlardan asrash yo‘lida yuz bergan voqealar haqida. O‘sha davrdagi Oliy bosh qo‘mondonimizning harbiy taktikasi xotirlangan xolos. Bu mavzu hamma uchun qiziqarli, albatta. Biroq, bu gaplardan biror fojia yasashga hojat yo‘q-ku.

Ilgari bunday mazmundagi maqola yo suhbatlar xorijiy saytlarda yoritilar va go‘yo ular «qahramon»ga aylanishardi. So‘z erkinligi keng quloch yozayotgan so‘nggi yillarda O‘zA undanda dadil mavzulari bilan axborot maydonini zabt etayotgani quvonarli hol. O‘zAni hamma birdek kuzatib turganini feysbukda hozirjavoblik bilan yoritilayotgan munosabatlardan ham bilsa bo‘ladi. Ko‘p shovvozlar O‘zAni manba sifatida ko‘rsatgan holda fikrnomalarini bayon etishayotir. Bu fikrlar, munosabatlar orasida xalqchil, haqqoniy mulohazalar ham kam emas.

Ba'zilarini o‘qib, milliy uyg‘oqlik, vatanparvarlik tuyg‘ularini his etayotganlarga tasanno aytging keladi. Demak, ona Vatanimiz taqdiriga befarq qaramaydigan fidoyilar ko‘pligidan xursand bo‘lasan. Biroq, mudom suvni loyqalatishni «kasb» qilib olgan ayrim kimsalar bilib-bilmay, o‘ylamay-netmay, mavzuning mohiyatiga uncha tushunmay o‘zgalarga loy chaplayotganlari juda taajjubli holdir.

Umrini el-u yurt xizmatiga baxshida etib kelayotgan davlat va jamoat arbobi Bo‘ritosh Shodiyeva sha'niga to‘g‘ri kelmaydigan ba'zi gaplarni o‘qib, ochig‘i, juda ranjidim. Zamonamiz To‘marisi deya e'zozlashga munosib bo‘lgan hurmatli opamizni sadoqat timsoli, degim keladi. Uning sadoqatini ona Vatani, xalqi, ko‘p yillar bir safda faoliyat ko‘rsatgan Birinchi Prezidentimiz va hamkasblariga bo‘lgan hurmat-e'tibori misolida ham ko‘rish mumkin.

Ijtimoiy tarmoqlarda rosa shov-shuv qilsak bo‘ladigan yana bir qiziq mavzu chiqib qoldi. Mazkur maqolamning dastlabki variantini saytimizda yoritgan kunim yoshi saksonga yaqinlashayotgan hurmatli ustozlarimdan biri menga qo‘ng‘iroq qildi:

– Hammaning dilidagi gaplarni yozibsiz,– dedi avval tabriklagan bo‘lib. Keyin xomush ohangda davom etdi – Afsuski, ba'zilar suvni loyqalatishga, hamma yoqni alg‘ov-dalg‘ov qilishga urinayotganga o‘xshaydi. Uyalmay-netmay mening huzurimga kelib, nima deydi deng: «Birinchi Prezidentimizning xatolarini fosh qiladigan, qoralaydigan davr keldi. Ana, falonchi-pismadonchilar bilganlarini aytdi. Siz ham uning yonida ko‘p yurgansiz. Xatolari haqida intervyu bering yoki o‘zingiz yozasizmi?». Kutilmagan bu gap menga qattiq zarbadek ta'sir qildi…

– O‘sha odamning kimligini aytsangiz, o‘zim bir gaplashib ko‘rardim, – dedim bosiqlik bilan. – Qani maqsadlari nima ekan?..

– U bilan suhbatimiz oxiriga yetmadi, – dedi suhbatdoshim endi jo‘shqin bir ohangda. – O‘zim bir o‘rganay-chi, keyin, kerak bo‘lsa boplab adabini beramiz!

Demak, masala ravshan. Yuqoridagi suhbatlarni uyushtirishlari va intervyu berganlarni ijtimoiy tarmoqlarda yomonotliq qilishlari ham tasodifiy emas. Katta yoshdagilarning qo‘li bilan Birinchi Prezidentimizga tosh otish, keyin internetda kimligini tanib bo‘lmaydigan kimsalar nomidan bugungi millat yetakchilarini yomonotliq qilish rejasi puxta ishlab chiqilganga o‘xshaydi…

Ey, millatim, elim, yurtim degan aziz zamondoshlar! Mafkura maydonida ko‘zni yanada kattaroq ochadigan, chinakam ogoh bo‘ladigan, qo‘lni qo‘lga mahkam berib Vatan sha'ni uchun kurashadigan zamon kelibdi!

Bu kurashda og‘ir-vazminlik va oqillik bilan ish tutganlar g‘olib bo‘ladi. Millatini, g‘ururini, o‘tmishdoshlarini toptashga yo‘l qo‘ymaydiganlarning qo‘li balandroq keladi.

Oriyatli insonlar Vatan uchun jonini baxshida etib ketganlarning qadriga yetadigan mard va jo‘mard bo‘ladilar. Ular hech qachon o‘z manfaatlari uchun kechagi kuniga, o‘z burchini bajarib ketgan Birinchi Prezidentiga tosh otishlariga aslo yo‘l qo‘ymaydi!

Bugun nomardlik qilayotgan ayrim buzg‘unchilardan esa hech qachon yaxshilik kutib bo‘lmaydi.

Globallashgan zamonda biz yon-verimizga, kerak bo‘lsa, butun dunyoga teran nigoh ila boqishimiz lozim. Xo‘sh, bugun qaysi mamlakatda o‘tib ketgan rahbarini qoralab, nomini bulg‘ab yashayotgan ekanlar? O‘tganlarga tosh otib baraka topgan bormikin bu dunyoda?

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning Jorj Vashingtondan yo Mustafo Kamol Otaturkdan qayeri kam?

Mustaqil davlati asoschisi bo‘lgan ulug‘ siymolarining qadrini bilgan, nomini sharaflagan AQSh va Turkiya bugun havas qilsa arziydigan davlatlarga aylandimi, demak, biz ham shunday tajribadan andoza olib yashasak maqsadga muvofiq bo‘lur edi.

Bugun rivojlangan davlatlar qatoridan o‘rin olayotgan O‘zbekistonimizning hayot karvoni g‘oyat zalvorli. Bu buyuk karvon hech qachon to‘g‘ri yo‘ldan adashmaydi. Ziyolilarimiz, millat fidoyilari o‘tmishiga hurmat bilan qaraydi, o‘tib ketgan ulug‘ siymolariga tosh otishlariga yo‘l qo‘ymaydi!

Katta karvon ulug‘ maqsadlar sari olg‘a qadam tashlar ekan, unga yo‘ldosh mard va olijanob insonlarning g‘ururi, oriyati va ma'naviyati ham shunga yarasha bo‘ladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Katta karvon yo‘ldan adashmas yoxud Birinchi Prezidentimizning suyangan tog‘lari