00:03 / 24.07.2019
3 305

18 245 700 so‘m to‘lashga qurbi yetmagan 99,96% haydovchilarga kim sharoit yaratadi?

18 245 700 so‘m to‘lashga qurbi yetmagan 99,96% haydovchilarga kim sharoit yaratadi?
18 iyul kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi yig‘ilishida bir qator qonun loyihalari bilan birgalikda “Haydovchi va yo‘lovchilar uchun qulayliklar yaratishning dolzarb masalalari va deputatlik tashabbusi” haqidagi masala ham ko‘rib chiqildi. Bu haqda partiya matbuot xizmati xabar berdi.

Vazirlar Mahkamasi, Ichki ishlar vazirligi, O‘zstandart agentligidan mas’ullar ishtirok etgan yig‘ilishda deputatlar tomonidan haydovchining sog‘lig‘i, uning quyoshning ultrabinafsha nurlaridan himoyalanishi hamma narsadan muhim ekanligi ta’kidlandi. Fraksiyada shu kabi bir qator masalalar ko‘tarildi.

Birinchidan, so‘nggi paytlarda haydovchilar, keng jamoatchilikda yo‘l harakati qoidalariga oid bir nechta e’tirozlar paydo bo‘lmoqda. Jumladan, “tonirovka” uchun ruxsatnoma olishning juda qimmatligi; o‘zi shundoq ham issiq va deyarli tuman kuzatilmaydigan bir sharoitda mashina faralarini kunduzi yoqib yurish talabi (keyinchalik o‘zgartirildi va muddati qoldirildi) va shu kabi masalalar shular jumlasidandir.

Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan mazkur normalar jamoatchilikning fikrini o‘rganmasdan, keng muhokama qilinmasdan qabul qilinishi natijasida ijtimoiy tarmoqlarda ham noroziliklarga sabab bo‘ldi. Bundan ko‘rinadiki, xalqimiz uchun qabul qilinayotgan hujjatlar xalq vakillari tomonidan qabul qilinishi lozim. Bundan tashqari Prezidentimiz O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 26 yillik yig‘ilishida ham “qonunosti hujjatlarini qabul qilish amaliyotidan voz kechish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llanadigan qonunlar qabul qilish vaqti keldi” deya ta’kidlagan edi.

Shu munosabat bilan, O‘zbekiston “Adolat” SDP fraksiyasi vakillari qonunosti hujjatlarini ayniqsa keng aholimizga oid hujjatlarni (“Yo‘l harakati qoidalari”) faqatgina to‘g‘ridan-to‘g‘ri qonunlar orqali xalq va uning vakillari tomonidan qabul qilinishi lozimligini qayd etishdi.

Ikkinchidan, “Tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali yengil avtotransport vositalaridan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori ijtimoiy adolatsizlik va diskriminatsiya hisoblanadi. Sababi, transport vositalari haydovchilari, shu jumladan respublika hududiga tashrif buyuradigan turistlar uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida qabul qilingan qarordan o‘tgan bir yil vaqt davomida faqatgina 1000 ga yaqin avtomobil egalarigina foydalandi.

Mamlakatimizda 2 500 000 dan ortiq avtomobil mavjudligini hisobga oladigan bo‘lsak, atigi 0,04 % haydovchilar bu imkoniyatdan foydalanibdi xolos. Shumi xalqimizga qulay sharoit yaratish maqsadida qabul qilingan qaror natijasi va qamrov darajasi? 18 245 700 so‘mni to‘lashga qurbi yetmagan 99,96% haydovchilarga kim sharoit yaratadi?

Ushbu raqamlar va ijtimoiy tarmoqlardagi ko‘plab fikr-mulohazalardan ayon bo‘ladiki, mazkur qaror ko‘zlangan maqsadga xizmat qilmadi va o‘z vazifasini bajara olmadi. Shundan kelib chiqqan holda, partiya fraksiyasi vakillari mazkur qarordagi to‘lov miqdorini aholining real daromadlaridan kelib chiqqan holda sezilarli ravishda pasaytirishni taklif etdi.

Uchinchidan, avtomobil yo‘lovchilari va ayniqsa haydovchilarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushuvchi ultrabinafsha nurlardan himoya qilish maqsadida hamda mutlaqo bepul va barcha birdek foydalanishi uchun hukumatning 2012 yil 4 iyuldagi 191-son qaror bilan tasdiqlangan Avtotransport vositalari konstruksiyasining foydalanish shartlari bo‘yicha xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglamentning 74-bandiga va 2015 yil 25 dekabrdagi 370-son qarori bilan tasdiqlangan Yo‘l harakati qoidalarining 3-ilovasi 7.4 bandida transport vositasining old, yon va orqa oynalarining yorug‘lik o‘tkazuvchanligiga belgilangan 70 foiz chegirmani 55 foizgacha tushirish taklifi tayyorlandi.

19 iyul kuni Vazirlar Mahkamasiga fraksiyada ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha takliflar yuborildi va amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha 1 avgustgacha Qonunchilik palatasiga ma’lumot taqdim etish so‘raldi.

Mazkur takliflar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 18-moddasiga muvofiq “O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida teng” ekanligini ta’minlashga hamda “qonunlar xalq va uning manfaatlarini ko‘zlab qabul qilinadi” tamoyili uchun xizmat qilishi tabiiy.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » 18 245 700 so‘m to‘lashga qurbi yetmagan 99,96% haydovchilarga kim sharoit yaratadi?