07:50 / 24.07.2019
3 435

O‘zbekiston va Qozog‘istonning “Oltin kvadrat”i. U nima degani?

O‘zbekiston va Qozog‘istonning “Oltin kvadrat”i. U nima degani?
O‘zbekistonning Qozog‘istondagi elchisi Saidakrom Niyozxo‘jayev “Kazinform” axborot agentligiga bergan intervyusida shu haqda to‘xtalib o‘tdi.

“Men turizm, ya’ni mamlakatlarimiz sayyohlik oqimini bir necha barobar ko‘paytirish imkonini beradigan turizm klasteri, turizm yo‘nalishi masalasiga to‘xtalib o‘tmoqchiman. Buyuk ipak yo‘li tarixini o‘rganish maqsadida O‘zbekistonga kelayotgan odamlar nafaqat bizning mamlakat, balki Qozog‘istonga ham tashrif buyurishlari kerak. Bu tarixiy yo‘llar haqida to‘laqonli manzarani taqdim etadi”, - dedi u.

Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, xuddi shu kabi Qozog‘istonga borgan sayyohlar O‘zbekistonga ham kelishlari mumkin. Ya’ni bu qo‘shma turistik yo‘nalish bo‘ladi.

“Biz shartli ravishda “Oltin kvadrat” deb nomlangan ushbu loyihani ishlab chiqyapmiz. Rossiyada, masalan, “Oltin xalqa” bor va umid qilamizki, “Oltin kvadrat” loyihasi ham yaqin vaqt ichida muvaffaqiyatli amalga oshiriladi”, - deya qayd etib o‘tdi u.

Elchining qo‘shimcha qilishicha, bugun Nur-Sultondan Toshkentga haftasiga 6 ta reys yo‘lga qo‘yilgan. Bular faqat Qozog‘istonning milliy tashuvchilaridir. O‘zbekistondan ham shuncha reys qatnamoqda. Bundan tashqari, Almatidan Toshkentga va Toshkentdan Qozog‘istonning janubiy poytaxtiga o‘ntagacha parvoz amalga oshirilyapti.

“Qolaversa, Toshkent – Almati – Nur-Sulton yo‘nalishida temir yo‘l ochildi, Toshkentdan Nur-Sultongacha to‘g‘ridan-to‘g‘ri 8 ta avtobus yo‘nalishi qatnamoqda. Takrorlayman, Qozog‘iston va O‘zbekiston iqtisodiyotlari bir-birini to‘ldiruvchidir va biz birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan Markaziy Osiyo hududida qudratli iqtisodiy maydon yarata olamiz”, - dedi S.Niyozxo‘jayev.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Qozog‘iston bir necha yildan buyon Markaziy Osiyo shengeni deya atalayotgan Silk Visaʼni joriy etish bo‘yicha muzokaralar olib borayotir.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekiston va Qozog‘istonning “Oltin kvadrat”i. U nima degani?