Jurnalistda maxfiy yo‘l bilan axborot olish huquqi bor

  • 24 iyul 2019, 17:17
  • 455
  • Jamiyat
  • Jurnalistda maxfiy yo‘l bilan axborot olish huquqi bor
    O‘zbekiston jurnalistlarining kasb etikasi kodeksi qabul qilindi. Kodeksning to‘liq matni O‘zAda e’lon qilindi.

    Qayd etilishicha, Kodeks jurnalistlar va barcha ommaviy axborot vositalari xodimlari o‘z kasb majburiyatlarini bajarishda rioya etishi shart bo‘lgan ma’naviy-axloqiy yo‘nalishlarni belgilaydi.

    Kodeksda axborot manbai va uning maxfiyligi haqida ham so‘z borgan. Unga ko‘ra, jurnalist jismoniy yoki yuridik shaxslarning axborot taqdim etishni rad etish yoki taqdim etishdan tiyilish huquqini tan oladi.

    Jurnalist axborot manbaining ruxsatisiz ma’lumotlarni oshkor qilmasligi, axborotdan g‘arazli yoxud uchinchi shaxs manfaatlarini ko‘zlab foydalanmaydi.

    Jurnalist maxfiy yo‘l bilan olingan axborot manbaiga nisbatan kasb sirini saqlaydi. Jurnalistdan axborot manbani oshkor etishga majburlashga hech kimning haqqi yo‘q.

    Quyida O‘zbekiston jurnalistlarining kasb etikasi kodeksi bilan tanishishingiz mumkin:

    MUQADDIMA
    Inson manfaatlari, huquq va erkinliklari oliy qadriyat hisoblangan demokratik jamiyatni so‘z va axborot erkinligisiz tasavvur etib bo‘lmasligini e’tirof etib, biz — O‘zbekiston Jurnalistlari mazkur kasb etikasi kodeksini (keyingi o‘rinlarda – Kodeks) qabul qildik.

    Kodeks Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi (BMT Bosh Assambleyasi, 1948 yil), Jurnalistikada kasb etikasi xalqaro prinsiplari (YuNESKO, 1983 yil), Jurnalistlar odob-ahloqi prinsiplari xalqaro deklaratsiyasi (Xalqaro jurnalistlar federatsiyasining kongressi, 1954 yil) va O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda qonunchiligi inobatga olingan holda ishlab chiqildi.

    Kodeks jurnalistlar va barcha ommaviy axborot vositalari xodimlari o‘z kasb majburiyatlarini bajarishda rioya etishi shart bo‘lgan ma’naviy-axloqiy yo‘nalishlarni belgilaydi.

    1.JURNALISTNING KASB MAJBURIYaTI
    Haqqoniylik, xolislik, adolat, fikrlar xilma-xilligi va inson huquqlariga hurmat O‘zbekiston jurnalistlari faoliyatining asosiy qoidasi hisoblanadi.

    Jurnalist o‘zining so‘z va axborot erkinligini ta’minlash yo‘lidagi faoliyati jamiyat oldidagi burchi ekani va uning materiallari jamiyat manfaatlariga xizmat qilishi kerakligini to‘liq anglaydi.

    Jurnalist O‘zbekistonning amaldagi qonunlari va xalqaro huquq normalariga asoslanib ish olib boradi, media makonda ijtimoiy mas’uliyat muhitini yaratgan holda sohada o‘zini-o‘zi boshqarish tizimini vujudga keltirish va mustahkamlashga munosib hissa qo‘shadi, jurnalist obro‘-e’tibori va sha’nini himoya qiladi.

    2. JURNALISTNING IJTIMOIY MAS’ULIYaTI
    Jurnalist jamiyat uchun axborot to‘plashi, tayyorlashi, tarqatishi, shuningdek fuqarolarning o‘z fikrlarini bildirishlari uchun erkin maydon yaratadi.

    3. BETARAFLIK VA XOLISLIK
    Jurnalist betaraf bo‘lishi, voqea-hodisalarni xolisona va haqqoniy yoritishi, muomala madaniyati va ochiqlik tamoyillariga amal qiladi.

    Jurnalist o‘z kasb majburiyatlarini bajarishda axborot olishning qonunga zid usullaridan foydalanmasligi (qo‘rqitish, ta’magirlik, tovlamachilik, ig‘vogarlik, mukofot va’da qilish yoki odob-axloq normalariga zid boshqa usullardan foydalanish), shuningdek o‘z xizmat vakolatlaridan shaxsiy maqsadlari yo‘lida foydalanmaydi.

    Jurnalist har qanday sharoitda ham yolg‘on axborot e’lon qilmasligi, dalillarni buzib ko‘rsatmasligi va ijtimoiy ahamiyatga ega axborotni ataylab yashirmaydi.

    4. AXBOROTNING IShONChLILIGI
    O‘zi tarqatayotgan axborotning ishonchliligini tekshirish va xolis axborot taqdim etish jurnalistning majburiyatidir. Jurnalist haqqoniyligiga ishonch hosil qilgan axborotnigina tarqatadi va sharhlaydi (kamida ikkita mustaqil manba orqali axborotni tekshirib ko‘rishi tavsiya etiladi).

    Ishonchsiz va dalillarga asoslanmagan axborot tarqatgan taqdirda jurnalist zudlik bilan o‘z xatosini tan olishi, uzr so‘rab, xatosini tuzatish chorasini ko‘radi.
    Jurnalist fikr va nuqtai nazar xilma-xilligini hurmat qiladi.

    5. AXBOROT MANBAI VA UNING MAXFIYLIGI
    Jurnalist jismoniy yoki yuridik shaxslarning axborot taqdim etishni rad etish yoki taqdim etishdan tiyilish huquqini tan oladi.

    Jurnalist axborot manbaining ruxsatisiz ma’lumotlarni oshkor qilmasligi, axborotdan g‘arazli yoxud uchinchi shaxs manfaatlarini ko‘zlab foydalanmaydi.

    Jurnalist maxfiy yo‘l bilan olingan axborot manbaiga nisbatan kasb sirini saqlaydi. Jurnalistdan axborot manbani oshkor etishga majburlashga hech kimning haqqi yo‘q.

    6. MILLIYLIK VA MA’NAVIYaT
    Jurnalist qanday mavzuga qo‘l urmasin milliy o‘ziga xoslik, milliy ma’naviyat va axloqiy qadriyatlarga, shu bilan birga boshqa millat va elatlarning urf-odat va madaniyatiga nisbatan hurmat saqlaydi. Materialni tarqatishda adabiy til qoidalariga amal qiladi.

    Jurnalist hech bir xalq va elatning milliy, diniy yoki irqiy kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaydi.
    Jurnalist mamlakatning axborot makonidagi nufuzi va jahon axborot maydonidagi imijiga putur yetkazmaslikka intiladi.

    7. ShAXSIY HAYoTGA HURMAT. ShAXS ShA’NI VA QADR-QIMMATINI HIMOYaLASh
    Jurnalist odamlarning shaxsiy hayot daxlsizligi huquqini hurmat qiladi. Shaxs sha’ni va qadr-qimmati kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaydi.

    Jurnalist odamlarning shaxsiy hayoti haqidagi ma’lumotlarni faqat ularning roziligi va hujjatlarning sir saqlanishiga rioya qilgan holda e’lon qiladi.

    Jurnalist noqonuniy yo‘l va nomaqbul vositalar yordamida odamlarning shaxsiy hayoti haqida axborot to‘plash, ovoz yozib olish va materiallar to‘plashi mumkin emas.
    Jurnalist jinoiy ishni yorituvchi materialni tayyorlayotganida aybsizlik prezumpsiyasiga amal qiladi.

    8. PLAGIAT
    Jurnalist o‘z faoliyatida plagiatga yo‘l qo‘ymaydi. Plagiat (ko‘chirmakashlik) hech bir havola ko‘rsatmay o‘zga manbaning matni, ovozi, kadri hamda tasvirini o‘zlashtirib olishdir.

    Jurnalist boshqa ommaviy axborot vositalari va jurnalistlar muallifligidagi materiallardan foydalanganida yoki ularga murojaat qilganida aniq manbani ko‘rsatishga burchlidir.

    9. JURNALISTLAR BIRDAMLIGI
    Jurnalistlar kasbiy birdamlik talablariga rioya qiladilar. Jurnalist professional obro‘-e’tiboriga putur yetkazadigan va ijtimoiy burchiga zid bo‘lgan ishlarga qo‘l urmaydi, ommaviy axborot vositalaridan g‘arazli maqsadlarda va hamkasblari o‘rtasida kelishmovchiliklar keltirib chiqarish yo‘lida foydalanmaydi.

    Professional faoliyati uchun ta’qib ostiga olingan jurnalist jurnalistlar birdamligi tuyg‘usi va prinsiplaridan kelib chiqqan holda hamkasblari himoyasida bo‘ladi.

    10. OMMAVIY AXBOROT VOSITALARI BO‘YIChA JAMOATChILIK KENGAShI
    Jurnalist kasb etikasi talablari va me’yorlari buzilish holatlarini kuzatish, tahlil qilish va tegishli xulosa chiqarish maqsadida ommaviy axborot vositalari bo‘yicha Jamoatchilik kengashi tuziladi.

    Jamoatchilik kengashi nizomi O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi konferensiyasida tasdiqlanadi.

    Jamoatchilik kengashi yetti kishidan iborat tarkibda besh yillik muddatga O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi konferensiyasida saylanadi.

    Jamoatchilik kengashi:
    — milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan (tarqatilgan) materiallarni jurnalistning kasb etikasi me’yorlari nuqtai nazaridan o‘rganadi, tahlil qiladi, baholaydi, xulosa chiqaradi;
    — jurnalistlik faoliyati bilan bog‘liq bahsli holatlarga oydinlik kiritilishida yordamlashadi;
    — Kodeks me’yorlariga rioya etilmaslik holatlari yuzasidan taqdim etilgan murojaatlarni ko‘rib chiqadi va qaror qabul qiladi;
    — jurnalist kasb etikasiga taalluqli boshqa masalalarni jamoatchilik e’tiboriga havola etadi.

    Ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan Jamoatchilik kengashining qarori Ommaviy axborot vositalarida chop etiladi.

    Jamoatchilik kengashi qarori jurnalistni intizomiy, ma’muriy yoki boshqa turdagi javobgarliklarga tortish uchun asos hisoblanmaydi, u tavsiya xususiyatiga ega.
    O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining IV konferensiyasi
    Toshkent shahri, 2019 yil, 17 iyul

    » » Jurnalistda maxfiy yo‘l bilan axborot olish huquqi bor