07:13 / 25.07.2019
4 871

Noyob hodisa: siyosiy partiya Vazirlar Mahkamasiga qarshi chiqdi

Noyob hodisa: siyosiy partiya Vazirlar Mahkamasiga qarshi chiqdi
Yaqin tarixda ilk bor siyosiy partiya ijroiya hokimiyatning qaroriga qarshi chiqib, bu qarorni ochiqchasiga "ijtimoiy adolatsizlik va diskriminatsiya" deb aytishga jur’at etdi.

Gap nima haqida o‘zi: O‘zA xabar berishicha, 18 iyul kuni O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Deputatlar Vazirlar Mahkamasining “Tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali yengil avtotransport vositalaridan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga qarshi chiqdilar.

"Adolat"chilarning fikricha, mazkur qaror jamoatchilik fikri o‘rganilmasdan, keng muhokama qilinmasdan qabul qilingan. Deputatlarning aytishicha, qaror transportlar haydovchilari uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida qabul qilingan bo‘lsa ham, atigi 0,04 foiz badavlat haydovchilarga sharoit yaratilgan.

"Tonirovka"ga ruxsat bir yilga:
- jismoniy shaxslar uchun – eng kam oylik ish haqining 90 baravari (18 245 700 so‘m);
- yuridik shaxslar uchun – eng kam oylik ish haqining 120 baravari (24 327 600 so‘m);
- O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy davlatlar yuridik shaxslari uchun – eng kam oylik ish haqining 140 baravari (28 382 200 so‘m) miqdorida belgilangan.

Fraksiya a’zolarining fikricha, hukumatning bu qarori ijtimoiy adolatsizlik va diskriminatsiya hisoblanadi.

"Shumi xalqimizga qulay sharoit yaratish maqsadida qabul qilingan qaror natijasi va qamrov darajasi? 18 245 700 so‘mni to‘lashga qurbi yetmagan 99,96 foiz haydovchilarga kim sharoit yaratadi?", – deya ritorik savol qo‘ygan deputatlar.

Deputatlar mazkur qaror ko‘zlangan maqsadga xizmat qilmadi va o‘z vazifasini bajara olmadi deb hisoblaydi.

"Adolat" partiyasi nima taklif qilayapti:

ushbu qarordagi to‘lov miqdorini aholining real daromadlaridan kelib chiqqan holda ancha pasaytirish,
avtomobil yo‘lovchilari va ayniqsa haydovchilarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushuvchi ultrabinafsha nurlardan himoya qilish maqsadida hamda mutlaqo bepul va barcha birdek foydalanishi uchun Yo‘l harakati qoidalarining 3-ilovasi 7.4-bandida transportning old, yon va orqa oynalarining yorug‘lik o‘tkazuvchanligiga belgilangan 70 foiz chegirmani 55 foizgacha tushirish taklif qilindi. Bu taklif qabul qilinsa, haydovchilar bemalol termal plyonkadan foydalanishi mumkin bo‘ladi.

19 iyul kuni Vazirlar Mahkamasiga fraksiyada ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha takliflar yuborildi va amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha 1 avgustgacha Qonunchilik palatasiga ma’lumot taqdim etish so‘raldi.

"Adolat" partiyasi faollashganining sabablari nimada? O‘zbekiston sharoitida juda dolzarb hisoblangan "tonirovka"dan faqat boylar foydalana oladigan qilib qo‘yilgani jamiyatda jiddiy e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda. Bu mavzuda avvallari jamiyatdagi kayfiyatga loqayd bo‘lgan siyosiy partiya munosabat bildirishining ikki sababi bo‘lishi mumkin:

Bu mavzu allaqachon ijroiya hokimiyat tuzilmalarida muhokama qilinayotgan bo‘lishi mumkin. Avvalroq bu mavzuda prezident xavfsizlik xizmati rahbarining o‘rinbosari, Shavkat Mirziyoyevning kenja kuyovi Otabek Umarov ham o‘z fikrini bildirib, bu mavzu qayta ko‘rib chiqilayotganiga ishora qilgan edi.

2019 yil dekabrida Oliy Majlis va mahalliy kengashlarga saylov bo‘lib o‘tadi. Islom Karimov davrida chig‘iriqdan o‘tib saylangan deputatlarning aksariyati bu galgi saylovda saylanmay qolishi mumkin.

"Tonirovka" masalasi o‘zining mavjudligini eslatib qo‘ymoqchi bo‘lgan har qanday partiya yoki deputat uchun qulay va xavfsiz bahonadir.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Noyob hodisa: siyosiy partiya Vazirlar Mahkamasiga qarshi chiqdi