22:42 / 27.07.2019
2 376

Bolajon xalqmiz...mi?

Bolajon xalqmiz...mi?
Tahririyatga quyidagi mazmunda maktub keldi:

«Ikki nafar farzandimni hali maktabga chiqmasidan onamga tashlab xorijga ishlash uchun ketdim. Musofir yurtda ish topgunimcha, joylashgunimcha ne-ne kunlarni boshimdan o‘tkazmadim. Axiyri, ikki bolasi bor ayol xonadonida uy xizmatchisi bo‘lib ishlay boshladim. O‘zimning farzandlarimga berish kerak bo‘lgan mehrimni o‘zgalar farzandiga berdim. Ularning kirini yuvdim, ovqatini pishirdim, kitoblar o‘qib berdim, kechalari ertak aytib uxlatdim.

Va ishlab topgan pulimni, onam bilan farzandlarim qiynalmasligi uchun, peshma-pesh uyga jo‘natib turdim. Bir yilda bir marta farzandlarimni ko‘rish uchun uyimga ruxsat berishardi. Oradan o‘n yil o‘tdi. O‘g‘lim o‘n oltiga, qizim o‘n to‘rtga kirganda qaytib keldim. O‘n yilning ichida onam ham ancha qarib qolibdi. Ammo...

Ammo o‘g‘limning kollejiga, qizimning maktabiga borib juda ko‘p narsalarni boy berganimni angladim. Har ikkalasining ham o‘zlashtirishi juda past, o‘qituvchilarining aytishicha, ular alamzada va takabbur emish. O‘g‘lim bir necha marta o‘rtoqlari bilan mushtlashibdi, qizim esa tinmay telefonda kimlar bilandir gaplasharmish. O‘qishga xohlaganda borib, xohlamaganda bormasmish. Eng achinarlisi, qo‘shnilarimning aytishicha, qizim ko‘chadan beri kelmasmish.

Men ochig‘i farzandlarimni tanimay qoldim. Qayoqdan ham taniy, axir ular bilan o‘n yil ayro yashagan bo‘lsam. Men xizmat qilgan oilaning farzandlari barcha havas qiladigan bolalar bo‘lib voyaga yetdi. Albatta, bunda faqat mening emas, kechayu kunduz ular bilan birga bo‘lgan onasining ham xizmati katta. Ularning onasi bir daqiqa ham farzandlarini yolg‘iz qo‘ymasdi. Ularning kelajagi uchun o‘z yurtida ne-ne qiyinchiliklar bilan bo‘lsa-da tadbirkorlik faoliyatini qo‘lga qo‘ygan edi.

Va shu bilan birga, ayol sifatida turmush o‘rtog‘ining ham eng yaqin do‘sti, suyanchi edi. Men-chi, men, pul topaman, deb onamning sochlaridagi oqni ko‘paytirdim. Menga, shu yerda ham yaxshi yashasak bo‘ladi, deya xudoning zorini qilgan erimning aytganini qilmadim. Va oqibatda turmush o‘rtog‘im boshqa oila qurdi.

Men esa yaxshi yashash ilinjida pul topaman deb ko‘p narsalarni boy berdim. Avvalo, yolg‘iz onaga aylandim. Keyin farzandlarimning tarbiyasiga e’tibor berolmadim. Ularning ilk maktabga chiqqanini, yozish va o‘qishni o‘rganganini ko‘rolmadim. Beg‘ubor bolaligini sog‘inch va o‘kinchga qorishtirdim. Hozir yurtimizda tadbirkorlik bilan shug‘ullanyapman. Daromadim yaxshi. Ba’zida chet elda ishlaguncha kuch-g‘ayratimni shu yerga sarflasam hammasi boshqacha bo‘larmidi, deb o‘ylayman.

Farzandlarim bilan til topisha olmay qolgan paytlarim, o‘zgalar farzandiga bergan mehrimni, ular uchun qilgan xizmatimni o‘g‘il-qizim uchun qilganimda, turmush o‘rtog‘imga suyanch bo‘lganimda hozir menga o‘zgalar havas qilayotgan bo‘lmasmidi, deyman o‘zimga o‘zim. Endi kech, juda kech. Xorijga otlanayotgan hamyurtlarimga kuchingizni, mehnatingizni, mehringizni faqat va faqat yaqinlaringizga, oilangizga, Vataningizga bering degim, bor ovozda hayqirgim keladi».

Ushbu maktubni o‘qib, farzandlar va ota-onalar o‘rtasidagi jarlik paydo bo‘lishining sabablarini izlaysan beixtiyor.

Bizga bir paytlar bolajon xalq degan ibora yarashib turardi. Chunki u paytlar oilalarda eng kamida besh nafar, bo‘lmasa o‘n nafargacha farzandlar o‘sib-ulg‘ayardi. Ularning tarbiyasi, o‘zaro mehr-oqibati havas qilarli edi. Endichi? Atigi uch nafargina farzandi bor oilalarda ham mehr-oqibatni topolmaysiz. Aka ukasini yoki singil akasini pichoqlab qo‘ygan, meros talashgan.

Sababi kunday ravshan. Bir paytlar ko‘p farzandli oilalarda yetishmovchilik bo‘lgan, ota-onalar haminqadar oylik olishgan, ammo ular farzandlariga vaqt ajratgan. Balki moddiy ta’minotni yaxshi qilib berolmaganidan xijolat tortishib ko‘proq mehr berishga harakat qilishgandir. Bugun esa men farzandimni moddiy ta’minlasam, hech kimdan kam qilmasam, og‘zidan chiqqanini muhayyo qilsam, deya o‘ylayotganlar soni kundan-kunga ortib boryapti.

Va oqibatda xudbin, faqat o‘zini o‘ylaydigan, barcha e’tibor menga bo‘lsin, deydigan o‘g‘il-qizlar voyaga yetmoqda. Bunday kayfiyatda ulg‘aygan yoshlar oila qurgach ham muammolarni keltirib chiqaraveradi. Sabrsizlik, yengil yashashga intilish, ota-onaning farzandga yoshligida yetarli e’tibor bermagani faqatgina moddiy ta’minotini a’lo darajada qilib qo‘ygani bilan bog‘liq.

Biz bolajon xalqmiz, degan tashbeh o‘z qimmatini yo‘qotayotgandek bugun. Agar biz bir paytlardagidek haqiqatan ham bolajon bo‘lganimizda, bugun bolani bir matohdek birovlarga pullayotgan bo‘lmasdik. Biz bolajon bo‘lganimizda, yuqorida maktubda aytilganidek, bolalarni mehrga zor qilib o‘zga yurtlarga ketmasdik. Eng achinarlisi, otalar xorijga ketib osongina boshqa oila qurib ketayotgani, uyida qolgan farzandlarining taqdirini, kelajagini o‘ylamayotgani. Ba’zida ajrashgan oilalarda otalarning o‘z bolasiga aliment to‘lashni istamasligi, bosh tortishidan men yana, biz bolajon xalqmiz, degan ibora sira yopishib tushmasligini his qilaman.

Yaqinda ventilyator talashib o‘z o‘g‘lini pichoqlab qo‘ygan otani o‘ylaganimda, xorijning Chikagoda ro‘y bergan voqea rejissyori Nika Kassavetisaning "Jon Kyyu" degan kinosi yodga tushadi. Bolasiga yurak ko‘chirib o‘tkazishga puli yetmagan ota, hatto, o‘z yuragini o‘g‘liga berishga tayyor turadi. Shifoxona ishchilarini garovga oladi. Bu bilan ota farzandiga bo‘lgan mehrini ana shu taxlit namoyon qiladi...

* * *
- Oyijon, dadam bu gal tug‘ilgan kunimga keladimi?

Nazokat Anvarning bunday savollaridan bezib qolgan. Shuning uchun har doimgiday ko‘zlarini olib qochgancha javob beradi, har doimgiday bir xil javob:
- Dadang tug‘ilgan kuningga juda ko‘p sovg‘alar jo‘natadi.
- Menga dadamning sovg‘asi emas, o‘zi kerak. Hammaning dadasi bor. Mening ham dadam yonimda bo‘lishini xohlayman.

Tanishim Nazokatning uyida guvohi bo‘lganim ushbu voqeani ham hech unutolmayman. Ko‘zlari mungli, to‘qqiz yil davomida otasini bor-yo‘g‘i ikki marta ko‘rgan, ota mehri neligini bilmay muchal yoshini nishonlayotgan Anvar hali-hamon otasini kutadi, har tug‘ilgan kunini onasi va ukasi bilan otasiz nishonlashadi.

Darhaqiqat, otasi yoki onasi, ba’zi hollarda har ikkalasi ham pul topish ilinjida xorijda yurarkan, ular farzandlarining bugun tirik yetimlardan qayeri kam? Xo‘sh, undaylarning oilasini to‘liq oila deb bo‘ladimi?

Er-xotin asosan davlat ishi deb bolalarga vaqt ajratolmayotgani uchun janjallashganini xorij kinolarida juda ko‘p kuzatganmiz. Xotin turmush o‘rtog‘iga bolalarning tarbiyasi bilan shug‘ullanmayotgani yoki ularning to‘garaklari, qatnashayotgan tanlovlariga bormagani uchun hatto ajrashishgacha boradi. Va kino oxirida ota hamma ishini tashlab, farzandlari, oila davrasi uchun ko‘p vaqtini ajratishga qaror qiladi.

Tasavvur qilyapsizmi, otaning musofir yurtlarda yurgani emas, birga yashab turib vaqt ajratmayotgani katta muammo hisoblanadi. Ha endi ularning iqtisodiy ahvoli yaxshi-da, deb o‘ylayotgandirsiz, ammo, taassufki, chet elda yurgan otalar mayli, iqtisodi yaxshi bo‘lgan oilalar boshliqlari ham choyxonayu gap-gashtakdan ortmasligidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Shundan keyin ham biz bolajonligimiz bilan maqtana olamizmi?

* * *
Yaqinda Anvarjonning yana tug‘ilgan kuni bo‘ldi. U 14 yoshga qadam qo‘ydi. Ammo bu gal tug‘ilgan kunini nafaqat otasiz, balki onasiz nishonladi. Onasi har olti oyda eng yaxshi sihatgohlarda dam olishga boradi. Va, eng afsuslanarlisi, o‘zidan ancha yosh yigitga turmushga chiqib ketadi...

Bir paytlar bolalar koloniyasiga borganimda, har xil taqdirli bolalar bilan ko‘rishgandim. Onasi Rossiyada, otasi ham qaysidir chet davlatda ishlayotgan K. ismli o‘smir bor edi. Kechasi bolalar bilan janjallashib tan jarohati yetkazgan. Sud ishi ko‘rilayotganda ham onasi kelolmadi. «Deport» qilib yuborishsa qaytib borolmasmish, ya’ni ishidan ajralib qolarmish. Eng achinarlisi, o‘sha bola muddatini o‘tab chiqayotganda olib ketishga hech kim bo‘lmagani uchun mahallasidan odam chaqirishgan.

Tarbiya koloniyasidan qaytgan o‘smir yigitcha hozircha keksa buvisi bilan yashaydi. O‘zining aytishicha, kelajagi nursiz, qorong‘u...

Mana shu voqealarni kuzatib turib ham, biz bolajon xalqmiz, deb ayta olamizmi?!
Barno Sultonova

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bolajon xalqmiz...mi?