DXX raisi Yakkaboqqa bordi: "Odatda paxsa devordan bo‘lgan bino buziladi, nega tadbirkorning do‘koniga teginildi"

  • 28 iyul 2019, 10:08
  • 1 641
  • Jamiyat
  • DXX raisi Yakkaboqqa bordi: "Odatda paxsa devordan bo‘lgan bino buziladi, nega tadbirkorning do‘koniga teginildi"
    Foto: Ziyonews.uz
    Kecha 27 iyul kuni DXX raisi Abdusalom Azizov Qashqadaryo viloyati, Yakkabog‘ tumanining «Eski Yakkabog‘» hududida bo‘ldi va holat yuzasidan viloyat mas’ullari bilan muloqot qildi. Bu haqda «Qashqadaryo ziyokori»ga tuman hokimligi matbuot xizmati rahbari Bozor Azizov ma’lum qildi.

    Bozor Azizovga ko‘ra, Abdusalom Azizov Bahriddin Isomovga tegishli savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish do‘koni beton g‘ishtdan qurilgan bino ekanligini ta’kidlab, bu binoni buzishga uringan tuman mas’ullari ishini qoralagan.

    — DXX raisi tadbirkor do‘koni buzilishiga fikr bildirar ekan, «Odatda paxsa devordan bo‘lgan yoki bugungi kun talabiga javob bermay qolgan bino buziladi-ku, nega tadbirkorning bu binosiga teginildi?» deya qattiq koyib gapirdi, — deydi Bozor Azizov. – Abdusalom Azizov shuningdek, bugungi kun tadbirkorlari xalqni boqayotgani, shu boisdan tadbirkorga halal berish emas, yordam berish zarurligini ta’kidladi.

    Ma’lum qilinishicha, DXX rahbari bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda Eski Yakkabog‘ hududi bir hafta mobaynida «Obod markaz»ga aylanishi lozimligi, buning uchun viloyatdan kerakli yordam berilishi aytilgan. Qolaversa, tuman hokimligi vakillarining xo‘jasizlarcha harakatlaridan aziyat chekkan fuqarolar Nizom Vohidov, Dilfuza Boqiyeva, Farruh Jabborov hamda Zafar Jo‘rayevlar kabi uy-joyi buzilgan 7 nafar fuqaroga hamda hovli devorlari buzilgan 27 nafar fuqaroga 1 mlrd 700 million so‘m konpensatsiya pullari to‘lab berilishi ta’kidlangan.

    Bozor Azizovning qo‘shimcha qilishicha, tumanga hozircha yangi rahbar tayinlanmagan.

    » » DXX raisi Yakkaboqqa bordi: "Odatda paxsa devordan bo‘lgan bino buziladi, nega tadbirkorning do‘koniga teginildi"