Tanish-bilish, telefon, shpargalka: abituriyent qay biriga ishongani ma’qul?

  • 28 iyul 2019, 13:42
  • 775
  • Jamiyat
  • Tanish-bilish, telefon, shpargalka: abituriyent qay biriga ishongani ma’qul?
    Foto: Nauchniestati.ru
    Hayajon deganlari nima ekanini abituriyent ahlidan so‘rang. Ko‘ngliga bir dunyo umidlarni tukkan tolibi ilmlar imtihon sanasi yaqinlashishi bilan yanada serharakat, yanada jonsarak bo‘lib qoladi. Ko‘z nuri to‘kib xatm qilingan kitoblar jonga ora kirarmikan? Kunni tunga ulab yodlangan testlar naf berarmikan?..

    29 iyuldan mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlari boshlanadi. Test bahona, maktab davrida olingan bilimlar bir qur sinovdan o‘tkaziladi, kim talabalikka loyig‘-u, kim noloyiq, kim peshqadam ilg‘or-u, kim oddiy safdor – aniqlanadi, xalq tilida aytganda, g‘alvir suvdan ko‘tariladi.

    Talabalikni orzu qilgan abituriyentlarning bir toifasi shirin uyqusidan voz kechadi, o‘yin-kulgini yig‘ishtirib, sinov payti o‘sal bo‘lmaslik uchun bor fursatini muk tushib kitob o‘qishga, imkon qadar ko‘proq bilim olishga sarflaydi. Boshqa bir uddaburon toifa esa – jonini jabborga berib o‘qib o‘tiradimi – oson yo‘ldan ketadi, imtihondan yengilroq o‘tib olishni ko‘zlab o‘zini turli ko‘chalarga uradi.

    Darhaqiqat, test sinovlarini topshirishga otlangan yoshlarning har biri o‘ziga xos olam. Kimdir omadi chopishigagina umid qilib sinovga kiradi. Kimdir bor ishonchini falon pulga sotib olgan shpargalkasiga tikadi. Yana kimdir telefon orqali savollarga javob berishga va’da qilgan «hojatbaror» bilimdonga orqa qiladi. Yana kimdir o‘z taqdirini «savobtalab» tanishi qo‘liga topshiradi. Yana kimdir… bilimga va faqat bilimga suyangan holda imtihon maydoniga kiradi.

    Tasodif va tavakkalga asoslangan ishning muvaffaqiyati ham omonat – omad oti har doim chopmasligi aniq. Parcha qog‘oz – shpargalkadagi bitiklar hamisha ham foyda bermasligi turgan gap. Telefon orqali «suflyorlik» qilmoqchi bo‘lgan dastyor so‘zi ustidan chiqolmasligi ehtimoli katta. Talabalik pattasini azza-bazza qo‘lga tutqazishga va’da bergan «valine’mat»ning rostgo‘y ekaniga ham kafolat yo‘q. Imtihondan o‘tishning yagona kafolati – bilim, bilim bo‘lganda ham aqlni charxlaydigan, fikrni peshlaydigan salmoqli bilim! Qo‘lingizdan telefon yoki shpargalkani tortib olishlari mumkin, ammo yashirin silohingiz – bilimga hech kim daxl qilolmaydi. Bilim har qanday vaziyatda ham ko‘makka keladi, cizni mushkulotdan qutqaradi, zulmatdagi fonus kabi yo‘lingizni yoritadi.

    Nutqimizga allaqachon singib ketgan abituriyet so‘zi asli lotincha «abiturientis» so‘zidan olingan va u «tark etayotgan odam» ma’nosini beradi. Buni juda keng izohlasa bo‘ladi. Istilohning lug‘aviy ma’nosidan ham bilish mumkinki, abituriyentlik maqomiga erishgan tolibi ilm ko‘p narsani tark etishi kerak: o‘quvchilik davriga xos o‘yinqaroqlikni, umr mazmunini sandiraqlab yurishda deb bilgan og‘aynilarni, vaqtni bekor isrof qilishga sabab ma’nisiz odatlarni... Busiz ko‘zlangan maqsadga erishib bo‘lmaydi.

    Ko‘cha-ko‘yda vaznimizni o‘lchab olish uchun tarozi xizmatini taklif etayotgan odamlarga duch kelamiz. Abituriyent uchun hayot-mamot masalasi hisoblangan imtihon ham asli bilimlarni o‘lchovchi o‘ziga xos tarozi. Sinov o‘z kuchingizni xolis baholash, bor kuch-salohiyatingizni o‘lchab olishga xizmat qiladi.

    Imtihon deganlari abituriyentning bilimini mustahkamlab qolmay, uning ruhini toblaydi, turli mushkul vaziyatlarda boshni xam qilmasdan tik tutishga o‘rgatadi, mas’uliyat tuyg‘usini shakllantiradi, hissiyotlarni yengish, o‘tkinchi tuyg‘ularga asir bo‘lmaslik ruhida tarbiyalaydi. Zotan, eskilar aytganidek, dushmanini yenggan kishidan hissiyotlaridan ustun kelgan inson jasurroq.

    Imtihon – mardlar maydoni. Oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirgan talabgorlar mo‘l, o‘rinlar esa chegaralangan. Shu ma’noda imtihondan muvaffaqiyatli o‘tib, do‘ppisini osmonga otadigan yoshlar qatori «yiqilgan» abituriyentlar ham bo‘lishi tabiiy. Imtihondan yiqilish hammasi tugaganini anglatmaydi. Bu bilan hayot to‘xtab qolmaydi. Aslo! Muvaffaqiyatsizlik bo‘lib tuyulayotgan imtihondan o‘tolmaslik ham aslida bizning foydamizga bo‘lishi mumkin.

    Deylik, ota-onasining qiyin-qistovi bilan iqtisodiyot yo‘nalishiga hujjat topshirgan abituriyentning testdan o‘ta olmasligi uning kelgusi hayoti uchun yaxshi: har kim o‘zi xohlagan yo‘nalishda ta’lim olgani, ko‘nglidagi kasbu kor etagidan tutganiga nima yetsin! Xorijiy filologiyami, huquqshunoslikmi, diplomatiyami, ishqilib, tanlagan yo‘nalishda bilimi o‘rtamiyona bo‘lgan abituriyentning talabalar safiga bu yil qo‘shila olmagani ham behikmat emas: keyingi yil davomida olingan qo‘shimcha bilim tolibi ilmga o‘qishga bir yil erta kirgandan ham ko‘proq naf keltirishi aniq.

    Mag‘lubiyatni tan olish ham mardlik. Yana deydilarki, mag‘lubiyat bu g‘alabaning boshlanishi. Ya’ni mag‘lubiyatdan kerakli xulosa chiqarilsa, yo‘l qo‘yilgan xatoni qayta qilmaslik uchun saboq olinsa, bu kelgusi g‘alabalarga zamin hozirlaydi. Boz ustiga, ushbu kichik mag‘lubiyat kelgusida katta mag‘lubiyatlarga uchramaslik uchun dars bo‘lsa ne ajab...
    Sobir Salim

    Manba: Xabar.uz

    » » Tanish-bilish, telefon, shpargalka: abituriyent qay biriga ishongani ma’qul?