Kirish imtihonlari: keng tarqalgan 4 strategiya va psixologning shunga doir izohlari

  • 29 iyul 2019, 16:02
  • 589
  • Jamiyat
  • Kirish imtihonlari: keng tarqalgan 4 strategiya va psixologning shunga doir izohlari
    «Buni qanday qilib yodlayman?» — har bir yangi kitob varaqlanishi oldidan maktab bitiruvchilari va talaba bo‘lishni istagan barcha yoshlar bu savolni takrorlab turishadi. «Qanday qilib o‘zimni qo‘lga olishim va hayajonlanmasligim mumkin?», «Javobni umuman eslay olmasam nima qilaman?» Quyida shu kabi savollar va ortiqcha kuch sarflamasdan imtihonni omadli o‘tkazishga oid tavsiyalar bilan tanishtiramiz.

    Imtihon oldi mashg‘ulotlar va sinovlar boshlanayotgan paytdagi asabiy taranglik barchani qamrab oladi. Imtihon kunlari ham yetib keldi. Qanday qilib muvaffaqiyatli topshirish mumkin? Test sinovlarining bezovtali kunlarini natija va sog‘liqqa maksimal darajada foydali va hattoki xushchaqchaqlik bilan o‘tkazish mumkinmi?

    Quyida eng keng tarqalgan 4 «qoida» va ularga kognitiv psixoterapevtning izohlari.

    1. Eng oxirgi kun iloji boricha ko‘proq ma’lumot bilan tanishib chiqish kerak. Qisqa muddatli xotira ularni eslab qoladi va ertangi imtihonda qo‘l keladi
    Ushbu strategiya matematik tafakkurga ega, xotirasi yaxshi va mantiqiy fikrlay oladiganlarga mos kelishi mumkin. Biroq umumiy olib qaraganda juda foydali usul hisoblanmaydi. Nima bo‘lganda ham xotiramiz hajmi chegaralangan va afsuski u bizning to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatmalarimizga bo‘ysunmaydi.

    Agar kun davomida to‘liq 24 soat miyani yangi ma’lumotlar bilan to‘ldirishda davom etilsa, xotiraga haddan tashqari ko‘p yuk tushadi va imtihon vaqtida u siz bilan yomon hazil qila boshlaydi. Oxirgi daqiqada «o‘rganilgan» bilimlar kerakli vaqtda yodda kelmasligi mumkin. Savollarni o‘qiysiz va ... hech narsani eslay olmaysiz. Yoki raqamlar, yillar va formulalarni chalkashtira boshlaysiz.

    Imtihonni kutilgan natijaga topshirish uchun boshidanoq qizib turgan bo‘lmaslik kerak. Agar o‘quvchi bilimlarni egallashga o‘ta ko‘p quvvatini sarflab yuborsa, sinov davrida na hissiy va na aqliy kuchga ega holatda keladi. Shuning uchun eng yaxshisi kuniga 3-4 soat shug‘ullanish kerak, nafaqat yangi ma’lumotlar bilan tanishish balki avvalgi egallanganlarini takrorlab turish ham tavsiya etiladi.

    2. Imtihon oldi so‘nggi kunda tayyorlanishni mutlaqo to‘xtatish zarur: miya ozroq «sovisin»
    Agar o‘quvchi yil davomida to‘liq shug‘ullanib bo‘lgan bo‘lsa, bu yomon fikr emas. Xuddi shuningdek ikki-uch oy oldin har bir mavzuga oid 20-30 o‘xshash misollarni bajargan bo‘lsa, u allaqachon yechimni qanday topish mahoratini o‘zida shakllantirgan va takrorlab o‘tirishga hojat yo‘q.

    Vaholanki, mashg‘ulotlardan bir kunga to‘liq voz kechishdan ma’no ham yo‘q. Nega o‘zingizni imtihon oldidan bir necha soat nimanidir takrorlab olish imkoniyatidan mahrum qilishingiz kerak?

    3. Imtihon oldidan juda ham xotirjam bo‘lish yaramaydi. O‘zini-o‘zi asabiylashtirish kerak: stress paytida xotira yaxshiroq ishlaydi, diqqatni jamlash oson kechadi
    Ko‘pincha bunday fikrlar oddiy tasodiflar ortidan kelib chiqadi: kimdir imtihon oldidan asabiylashib ketgan — va kutilmaganda natija a’lo bo‘lgan. Shundan so‘ng yanglish xulosaga keladi: imtihonni yaxshi topshirdim, chunki asabiylashib turgandim.

    Aslida esa xulosa boshqacha bo‘lishi kerak edi: aynan shu safar u yaxshiroq tayyorlangan bo‘lgan. Xohlaymizmi yo‘qmi, sinovlar oldidan yuzaga kelgan stress insonga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shuning uchun bizning vazifamiz uni sun’iy ravishda qo‘zg‘atish emas, aksincha iloji boricha oldini olishdir.

    Stress vaqtida diqqatni jamlash bir muncha oson tuyilishi mumkin, bu haqiqat. Ammo faqatgina qisqa, sog‘lom stress ya’ni ishga doir xavotir foydali, xolos. Nosog‘lom, uzoq davom etuvchi tushkunlik bilan inson o‘zini juda charchagan his qiladi, tiklanish uchun vaqt ham kam. Imtihon davri hissiy holdan toyishlar vaqtiga to‘g‘ri kelmasligi ham katta ahamiyatga ega. Lekin bu tinchlantiruvchi vositalar qabul qilish kerak degani emas: ular diqqatni jamlashga xalaqit qilishi va umumiy ong faoliyatini sekinlashtirishi mumkin.

    4. Imtihonni omadli topshirish uchun albatta «shpargalkalar» tayyorlash kerak, ayniqsa qo‘lda yozib
    Har xil xotira turlari ma’lumotni o‘zlashtirishda yordam berishi bor gap. Ba’zida, hattoki, musiqali xotira turini ham sinab ko‘rish mumkin, ovoz — masalan, biror formula yoki iborani oddiy kuyga solish orqali yodda saqlasa bo‘ladi.

    Javoblar, konspektlar rejasini tayyorlab, sxemalar chizib siz o‘z bilimlaringizni shakllantirasiz va turli fikrlar o‘rtasida assotsiativ aloqalarni yaratasiz. Busiz eslab qolishning iloji yo‘q degan fikrga bormaslik kerak, ammo tayyorgarlik doimo qo‘l keladi.

    » » Kirish imtihonlari: keng tarqalgan 4 strategiya va psixologning shunga doir izohlari