11:50 / 30.07.2019
4 301

Zafar Ro‘ziyev: «Biz, rahbarlar, hammamiz kalondimog‘ bo‘lib ketgan ekanmiz»

Zafar Ro‘ziyev: «Biz, rahbarlar, hammamiz kalondimog‘ bo‘lib ketgan ekanmiz»
Foto: «Kun.uz»
O‘zA muxbiri Qashqadaryo viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev suhbat uyushtirdi. Viloyat hokimi so‘nggi kunlarda hududda (jumladan, Yakkabog‘da) sodir bo‘lgan voqealar yuzasidan shunday deydi:
‒ Bizdan ham xatolik o‘tdi. Avvalo, biz, rahbarlar, hammamiz kalondimog‘ bo‘lib ketgan ekanmiz, xalqdan uzilib, manman bo‘lib ketgan ekanmiz. Bugun zamon o‘zgardi. Muhtaram Prezidentimiz katta islohotlarni boshladilar, bugun xalqning ichiga kirib, har bir oilaning dardini tinglab, uning muammosini o‘zimning muammom deb ishlashimiz kerak. Afsuski, hamma rahbar ham buni hali to‘la anglab yetgani yo‘q. Yakkabog‘ tumani hokimining o‘rinbosari ham o‘zining vakolatiga kirmaydigan ishni qilgan. Bunaqa paytda xalqning oldiga kamida tuman hokimi kelib, bo‘ladigan ishlarni o‘zi tushuntirishi kerak edi. Ular anglata olmasa, viloyat hokimi, men kelishim kerak edi. Xalq tuman va viloyat hokimiga ishonadi, o‘rinbosarlar yo boshqa idora rahbarlariga emas.

Tuman hokimi o‘rinbosarining hatti-harakatiga baho
‒ Albatta, u vakolatidan tashqariga chiqqani uchun ishdan olindi, hatto unga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Bundan tashqari o‘z ishiga e’tiborsizlik bilan qaragani uchun tuman hokimi va tuman prokurori ham ishdan olindi.

Tadbirkor va uning korxonasi haqida
‒ Tadbirkorning korxonasi buzilmaydi, qaytanga u ta’mirlab, chiroyli qilib berilayapti, tadbirkorlik ishi davom etadi, ‒ dedi viloyat hokimi. ‒ Ammo shuni aytishim lozim-ki, biz qonun ustuvor davlatda yashaymiz, qonun oldida hamma barobar, ehtirosga berilib, qonundan tashqari hatti-harakatlar sodir qilgani uchun tadbirkor ham qonun oldida javob beradi.

Jurnalist va blogerlarga murojaat
‒ Bugun hamma narsa ochiq va shaffof, xususan, Qashqadaryoda ham va Yakkabog‘da bo‘lgan voqea borasida ham hamma savollaringizga boricha javob berishga har doim tayyorman. Kim istasa, kelsin, bu yerda bo‘layotgan ishlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rsin va borini yozsin! Ikki oy sabr qilishsa, barchalarini o‘zim chaqiraman, Yakkabog‘da katta bir bayram uyushtiramiz, katta osh qilamiz va barchangiz Yakkabog‘ jannatmonand bir go‘zal maskanga aylanganiga guvoh bo‘lasiz. Nasib bo‘lsa, xalqimiz bu ko‘ngilxiralikni unutib ham yuboradi va yangidan chiroy ochadigan Yakkabog‘da hamma bizdan, avvalo, Prezidentimizdan, davlatimizdan rozi bo‘lib, bundan keyin yaxshi yashaydi, — deydi Zafar Ro‘ziyev.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Zafar Ro‘ziyev: «Biz, rahbarlar, hammamiz kalondimog‘ bo‘lib ketgan ekanmiz»