22:35 / 30.07.2019
2 847

Saida Mirziyoyeva: «Tuman gazetalari bir oyda ikki marta yo chiqadi, yo chiqmaydi»

Saida Mirziyoyeva: «Tuman gazetalari bir oyda ikki marta yo chiqadi, yo chiqmaydi»
O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligida o‘tkazilgan videoselektorda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 27 iyunda imzolangan «Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta’minlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi muhokama qilindi.

Selektorda so‘zga chiqqan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva davlat organlari axborot xizmatlari faoliyati yuzasidan fikrlarini bildirdi.

«Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlar oqimi bilan tanishib bormagan, ularga tezkor va munosib javob berishga tayyor bo‘lmagan rahbarlar bir lahzada xalqning nazaridan qolayotgani, sha’niga turli tuxmat toshlari otilayotganiga har kuni guvoh bo‘lib turibmiz. Shuning uchun ham prezidentimizning yuqoridagi qarorida axborot xizmatlarining asosiy vazifalari belgilangan edi:

– axborot makoni monitoringini olib borish va tahlil qilish;
– tanqidiy chiqishlar va keng muhokama qilinayotgan axborot xurujlariga rasmiy veb-saytlar orqali zudlik bilan munosabat bildirish;
– davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati to‘g‘risida jamoatchilik fikrini, mahalliy va xorijiy OAV pozitsiyasini o‘rganish.

Xo‘sh, bizning davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy hokimliklarning axborot xizmatlari faoliyati ko‘rsatib o‘tilgan talablarga to‘liq javob beradimi? Matbuot kotiblari yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar mazmun-mohiyatini xalqimizga, keng jamoatchilikka va dunyo hamjamiyatiga xolis, ishonchli, tezkor va to‘laqonli yetkazib berishda OAV bilan samarali muloqot o‘rnata oldimi?

Ochig‘ini aytish kerak, bugun aksariyat davlat organlarining rahbarlari ushbu muhim masalaga jiddiy e’tibor qaratmayapti. Idora va tashkilotlarda zamon talablariga javob beradigan axborot xizmatlarini tashkil etish, ularning moddiy-texnik bazasini yaratish, shtatlarni malakali mutaxassislar bilan to‘ldirish ishlari qoniqarsiz darajada qolib ketmoqda. Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, ko‘plab davlat organlarining veb-saytlari va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali tezkor axborot tarqatish ishlari hanuzgacha yetarli darajada tashkil etilmagan.

Bu kabi manbalardan foydalanuvchilar soni ham nixoyatda kam. Masalan, davlat organlarining feysbuk ijtimoiy tarmog‘idagi sahifalariga murojaat qiluvchilar soni atigi 3 776 nafarni tashkil etadi, telegram tarmog‘idagi a’zolari soni 450 ming nafardan oshmaydi. Mamlakatimizdagi ineternet foydalanuvchilari soni 20 milliondan oshgani inobatga olinsa, bu natija qanchalik achinarli ekani namoyon bo‘ladi»,- deydi Saida Mirziyoyeva.

Shuningdek, Saida Mirziyoyeva tumanlardagi ahvolga ham to‘xtalib, ayrim tuman gazetalarining bir oyda bir-ikki marta chiqib, ba’zan shunga ham qurbi yetmayotgani, bu nashrlar kirib borayotgan xonadon yoki aholi ulushi bir foizni ham tashkil etmasligi, ushbu bo‘shliqni to‘ldirish maqsadida ochilgan tuman, shahar hokimliklari veb-saytlari deyarli ishlamayotganini ta’kidlab o‘tdi. Bir qator hokimliklarda rasmiy veb-saytlar faoliyat yuritmayotgani ham tanqid qilindi.

Selektorda Saida Mirziyoyeva internet tarmog‘ida tarqab ketayotgan turli xabarlarga hokimliklar tomonidan munosabat bildirilmasligini qoraladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Saida Mirziyoyeva: «Tuman gazetalari bir oyda ikki marta yo chiqadi, yo chiqmaydi»