Yana aeroport. Taksi, panjara va «rubl almashtirish» haqida (video)

  • 31 iyul 2019, 23:35
  • 1 283
  • Jamiyat
  • Yana aeroport. Taksi, panjara va «rubl almashtirish» haqida (video)
    Toshkent xalqaro aeroporti haqida ko‘p yozilgan. Hozir yozadiganim yangilik bo‘lmasligi mumkin. Balki bo‘lar.

    Ikki yil oldin Toshkent aeroportida yangi terminal ishga tushdi va ko‘p muammolar hal bo‘ldi. Ammo bir muammo borki, yechimi topilishi endi shubha ostida — taksichilar.

    Uyquda bo‘lganimiz 25 yil davomida yig‘ilib qolgan nuqsonlarning ko‘pi bartaraf etildi — endi pastakkina tor binoda diqqinafas bo‘lib pasport nazorati uchun soatlab navbatda turmaysiz, bojxona-ku, yashil yo‘lakni muntazir qilib qo‘ygan. Xodimlarning xushmuomalasini aytmaysizmi. Kayfiyat ko‘tariladi.

    Ammo mana shu kayfiyat aeroport binosidan chiqqaningiz hamono taksichilarning urho-uriga singib ketadi. Bino yangi, ammo manzara tanish — «taksi kerakmi, taksi? Qatga boramiz?»

    Aytishlaricha o‘sha taksichilarning litsenziyasi bor ekan, solig‘ini to‘layapti. Yashasin. Ammo kim ularga yo‘lovchilarga yirtqichnamo tashlanish huquqini bergan? O‘tirsin mashinasida, taksi kerak bo‘lsa mijozning o‘zi keladi. Navbat bilan yursin. Taksometr bo‘lsa qayerga qancha bilan borishni kelishmoqqa ne hojat — «Ippadro‘m ketamiz, ippadro‘m...»

    Aytishingiz mumkin, taksichi «kliyent» ushlamasa, o‘zi kelib mashinaga o‘tirishi qiyin, deb! Hoy, o‘rtoqlar, agar yo‘lovchi taksometrdagi aniq-tiniq narx evaziga ma’lum joyga borishiga, uni hech kim «kiydirib» ketmasligiga ishonsa, albatta taksiga o‘tiradi! Besh-olti kilometr joyga «Nechpul beras, 50 ming bo‘ladimi?» degach «kliyent» qoladimi?

    «Borgan sari turistik salohiyati kengayib borayotgan yurtimiz»ning asosiy aeroportida «xizmat ko‘rsatayotgan» taksichilarning kiyinish madaniyati-ku, alohida masala. Kechirasiz, bunaqa kiyimda faqat kartoshka chopig‘iga chiqish kerak. Paxta chilpisa ham bo‘ladi. Hozir ayni vaqti. Oq ko‘ylak? Toza yoqa? Yo‘q, eshitmaganmiz...

    Xorijda ko‘rganimiz taksichilar kiyib yuradigan oppoq qo‘lqop haqida ataylab indamadik. Azbaroyi akalarning ensasini o‘ylab — «biz tirikchilikda yuramiz, xo‘pmi?»

    Aeroportda o‘rganib qolganimiz yana bir manzara borki, uni ham aytib ketmasak bo‘lmadi — panjara. Shunchalik o‘rganib qolganmizki, panjara aeroport koloritiga qorishib ketadi va yahlit manzara kasb etadi. Shaxsan o‘zim birinchi marta xorijda bo‘lganimda aeroport binosidan chiqqanim hamono katta ko‘cha bo‘yida turganimni ko‘rib, hayron qolgandim. Bu hatto biroz yovvoyilikdek tuyulgandi — qani panjara? Kutish zaliga xohlagan odam kirib-chiqib yuribdi. Bir imo qilsang, navbatda turgan taksi oldingda bo‘ladi.

    Biz esa yon-atrofni panjara bilan o‘rab olganmiz va bittagina chiqadigan joy qoldirganmiz. Yo‘lovchi bechorada taksichilardan qochadigan joy yo‘q. Panjarani olib tashlab, o‘rniga taksi mashinalari turadigan yo‘lakka ayvon qursa bo‘lmaydimi? Qarang, oftobda kuyib turishini! Shu mashinaga yo‘lovchi (u xorijlik sayyoh bo‘lishi ehtimoli ham katta) o‘tiradi-da endi — yozda kuyib, kuzda yomg‘irga bo‘kib, qishda esa qor kechib...

    Aeroport, aftidan, o‘lmaydigan mavzu. Avval yozilgan, mana hozir men yozyapman va bu ketishda kimdir albatta yana yozadi. Estafetani boshqalarga topshiraman, marhamat, o‘sha tomonlarga birrov o‘tib kelsangiz kifoya, yozmoqqa nimadir albatta topiladi.

    PS: Aeroportda yangi «xizmat turi» paydo bo‘libdi — endi bemalol valyuta almashtirish ham mumkin. Ha, o‘sha, taksichilar qatorida turishibdi — «rasiyski olamiz, rasiyski. Rubl bormi, aka?»
    Zafar QOSIMOV

    Manba: Xabar.uz

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » Yana aeroport. Taksi, panjara va «rubl almashtirish» haqida (video)