O‘zbek ayoli jinoyat qilishga moyil...mi?

  • 01 avgust 2019, 17:28
  • 1 019
  • Jamiyat
  • O‘zbek ayoli jinoyat qilishga moyil...mi?
    O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi jinoyat qilishga moyilligi bor ayollar ro‘yxatini tuzibdi, naq 23 xil sifati bo‘larkan ularning. Avvalo, bu ro‘yxatni tuzishdan oldin ayol nima uchun jinoyatga qo‘l uradi degan savolni berish kerak edi, menimcha. Nega u giyohvand bo‘lib qoldi, nega u ajrashdi, nega uning oilasi kam ta’minlangan? Nega u Toshkentda vaqtincha tentirab yuribdi? Bu ro‘yxatdagi ayollarning barchasi bilan Xotin-qizlar qo‘mitasi shug‘ullanishi kerak emasmidi?

    Ayol qachon o‘z joniga qasd qiladi — uning sha’ni, qadr-qimmati, nomusi toptalganida. Ojizaligi, zaifaligi bilan adolat topolmaganida. Ayol qachon jinoyatchiga aylanadi — o‘zi yashayotgan jamiyatda uni qo‘llab-quvvatlaydigan birorta odam qolmaganida, qo‘llab-quvvatlashi kerak bo‘lganlar sen jinoyatchisan, sen jinoyatga moyilsan degan tamg‘ani mana bunday ro‘yxatlar tuzib peshanasiga yopishtirganida.

    Bu ro‘yxatda mening qancha ayol tanishim bo‘lsa, albatta, qaysidir tomoni bilan mos keladigani bor. Masalan, o‘gay onaning qo‘lida voyaga yetib erga tekkan joyida ham xo‘rlikdan boshi chiqmagan ayollar bor. Ammo osmon uzoq, yer qattiq deb bola tarbiyalayapti, mehnatdan bo‘yin tovlamayapti. Masalan, prezident o‘g‘liga uy sovg‘a qilib haligacha rasmiylashtira olmayotgan beva ayol bor. Farzandiga berayotgan tarbiyasiga hamma tomondan badastir onalar ibrat olsa arziydi. Ularning tortayotgan azoblariga qaramay umid bilan yashayotgani, jinoyat ko‘chasiga kirmayotganiga bu ro‘yxat minnatdorlik xatimi?

    Mening tanishlarim orasida imkoniyati cheklanganlar bor. Birining qo‘li yo‘q, ammo to‘qish qiladi, birining qo‘llari ishlamaydi, ammo tikish qiladi. Qanday uddalaydi, deb savol bermang. Bunday ayollarning sabrini, toqatini ko‘rish uchun ular orasiga kirib borish kerak. Ularni o‘rnak qilib boshqalarga ko‘rsatish, ularni rag‘batlantirish kerak. Ma’lum ma’noda mana shu ro‘yxatdagilarning orasida jinoyatchilari bordir, biroq ro‘yxatni berishga yetgan aql uni foizlari bilan ko‘rsatishga yetmadimi?

    Qaysi o‘lchamlar, qaysi ko‘rsatkichlarga asoslanilgan bu ro‘yxat. Vaqtincha yashayotganlarning yoki imkoniyati cheklanganlarning barchasi ham jinoyat qilishga moyilmi? Kam ta’minlangan oiladan chiqqan ayollar ham bor ekan bu ro‘yxatda. Boy xonadonda tug‘ilganlar jinoyat qilmaydimi? Hamma tomondan baxt nashidasini totayotgan ayol bolasiga tarbiya berishda oqsamaydi, deb ayta olasizlarmi? Demak Xotin-qizlar qo‘mitasi shuncha yillar davomida ayollarni, xotin-qizlarni o‘rganmagan, ular haqida hech qanday ma’lumotga ega emas, ularning ichki dunyosini, hayotini bilmaydi. Jinoyat qilmaslik uchun ideal bo‘lish kerak ekanda.

    Masalan, biz ham Toshkentda 10 yildan ortiq kam ta’minlangan oila bo‘lib yashaganmiz, 10 yil ijarama ijara yurganmiz. Depressiya holatini boshimdan o‘tkazganman, bir paytlar ruhiy qo‘llab-quvvatlovga muhtoj bo‘lganman, o‘zing uchun o‘l yetim deganlaridek, o‘zimni o‘zim qo‘llab-quvvatlab o‘sha holatlarni ham yenganman. Vaqtida ishsiz yurganman, garchi kasbim bo‘lsa ham.

    Atrofimda dugonalarim orasida ajrashganlari bor, orasida imkoniyati cheklanganlari bor, orasida ota-onasi ajrashib ketganlari bor, eri o‘lganlari, eri xiyonat qilganlari bor, ikki bolasi bilan 20 yildan beri uyi yo‘qlari bor, uy sovg‘a qilinib haligacha rasmiylashtira olmayotganlari bor. Ularning qizlariyam bor 18 yoshgacha, 18 dan oshgan... sanayversam eh-he, xullas 80 foiz ayollar jinoyat qilishga moyil...

    Har bayramlarda, har yaxshi kunlarda minbarlarga chiqib ayol muqaddas, ayol ona, ayol mo‘’tabar degan maqtovlarga endi hojat qoldimi? O‘zi O‘zbekistonda ayol muqaddasmi, uning haq-huquqlari himoya qilinganmi?

    Agar bilsalaringiz bu ro‘yxat ayollar uchun rasmiy tashkilot tomonidan bildirilgan haqoratday gap. Ro‘yxatni tuzishga tuzdilaringiz, endi ayollarning qaddini ko‘tarishga, ham ma’nan, ham moddiy tomondan ularga ko‘mak bo‘lishga qachon otlanasizlar?...

    Barno Sultonova

    Manba: Xabar.uz

    » » O‘zbek ayoli jinoyat qilishga moyil...mi?